"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 09Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 09Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Axborot texnologiyalari shiddat bilan rivojlanayotgan bugungi davrda inson faoliyatining deyarli barcha jabhalari raqamli makon bilan chambarchas bog'lanmoqda. Biroq axborot tizimlarining keng quloch yoyishi o'z navbatida kiberjinoyatchilikning yangicha usullari ko'payishiga ham zamin yaratdi. Bugungi kunda davlat idoralari, yirik ishlab chiqarish tarmoqlari va oddiy fuqarolarning shaxsiy ma'lumotlari hamda moliyaviy mablag'lari xavfsizligini ta'minlash eng dolzarb masalalardan biriga aylandi. Raqamli olamda xavfsizlikni ta'minlash va kiberfiribgarlardan ishonchli himoyalanish uchun nafaqat soha mutaxassislari, balki har bir fuqarodan maxsus bilim, hushyorlik va qat'iy qoidalarga amal qilish talab etiladi.
Kibermakonda sodir etilishi mumkin bo'lgan jinoyatlarning oldini olish, ularni barvaqt aniqlash va tezkorlik bilan fosh etish maqsadida ichki ishlar organlari tomonidan bir qator zamonaviy va yuqori texnologik axborot tizimlari muvaffaqiyatli joriy etilmoqda. Xususan, bank kartalaridan noqonuniy ravishda o'g'irlangan mablag'larni zudlik bilan aniqlash, pul o'tkazilgan shubhali hisoblarni avtomatik tarzda bloklash va jabrlanuvchiga yetadigan moliyaviy zararni minimallashtirishda "CARDBLOCK" maxsus avtomatlashtirilgan tizimi xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, sun'iy intellekt imkoniyatlaridan foydalangan holda jinoyatchilikka oid ma'lumotlarni raqamlashtiruvchi, birlashtiruvchi va tezkor tahlil qiluvchi "TURON" axborot tizimi boshqaruv qarorlarini qabul qilishni sezilarli darajada tezlashtirmoqda. Tezkor-qidiruv va tergov jarayonlari unumdorligini oshirish maqsadida jinoyat ishlari hamda arizalarni elektron hisobga oluvchi "YAGONA AXBOROT TIZIMI" va "E-MATERIAL" modullari, shuningdek, idoraviy hujjat almashinuvini raqamlashtirgan "IIV DOC" tizimi muvaffaqiyatli qo'llanilmoqda. Keng jamoatchilik uchun esa Telegram orqali tarqatilayotgan zararli havolalar va virusga ega bo'lgan soxta ilovalarni avtomatik ravishda aniqlovchi hamda fuqarolarni ogohlantiruvchi "CYBER SHIELD BOT" (@cybershielduz_bot) tizimi ishga tushirilgan bo'lib, u raqamli daxlsizlikni ta'minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Zamonaviy kiberxavfsizlik tizimlari qanchalik mukammal bo'lmasin, firibgarlar aksar hollarda insonlarning soddadilligi, shoshqaloqligi yoki moliyaviy savodxonligi yetarli emasligidan ustamonlik bilan foydalanishga urinadilar. Virtual tuzoqlarga tushib qolmaslik uchun har bir inson kundalik hayotda kiberfiribgarlardan himoyalanishning 5 ta oltin qoidasiga so'zsiz amal qilishi shart.
Birinchidan, o'zini bank xodimi yoki biror tashkilot mas'uli deb tanishtirgan begona shaxslarning qo'ng'iroqlariga hech qachon ishonmaslik va ularga shaxsiy ma'lumotlarni bermaslik lozim.
Ikkinchidan, ijtimoiy tarmoqlar yoki messenjerlar orqali keluvchi turli shubhali va noma'lum havolalarni (link) aslo bosmaslik kerak, chunki ular qurilmani zaharlovchi viruslar uchog'i bo'lishi mumkin.
Uchinchidan, Telegram va boshqa platformalarda noma'lum shaxslar tomonidan yuborilgan turli shubhali fayllarni (ayniqsa .apk yoki .zip kengaytmali fayllarni) mutlaqo ochmaslik zarur.
To'rtinchidan, juda qisqa fursatda katta boylik yoki kafolatlangan yuqori daromad va'da qiluvchi turli onlayn firibgarlik loyihalariga aldanmaslik kerak.
Beshinchidan, internet orqali savdo qilishda tovar qo'lingizga yetib kelmasdan turib, oldindan pul o'tkazmaslik moliyaviy xavfsizlikning asosiy talabidir.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq, mamlakat hududida radiochastota spektridan ruxsatsiz foydalanish yoki davlat aloqa tarmoqlariga zarar yetkazish ehtimoli yuqori bo'lgan texnik jihatdan kuchli ayrim qurilmalarni (masalan, ruxsatsiz Starlink sun'iy yo'ldosh internet tizimlari, yuqori quvvatli Wi-Fi routerlar, mobil aloqa va GPS signallarini to'suvchi moslamalar, ro'yxatdan o'tmagan kuchli dronlar va sun'iy yo'ldosh telefonlarini) olib kirish, saqlash yoki ulardan foydalanish qonunan taqiqlanishini hamda javobgarlikka sabab bo'lishini yodda tutish lozim.
Firibgarlar hamisha insonni shoshirtirishga urinishini unutmaslik kerak. Shu sababli raqamli makonda har qanday shubhali harakatga duch kelganda bir lahza to'xtash, fikrlash va ma'lumotni qayta tekshirish sizni va yaqinlaringizni katta yo'qotishlardan asrab qoladi.
Agarda siz kiberhujumga uchragan bo'lsangiz zudlik bilan 112 qisqa raqamlariga telefon qilib, xabardor qilishingiz so'raladi.
A. Xasanov,
Toshkent viloyati IIBB OKMKdagi IIB boshlig'i o'rinbosari
A. Rasuliy,
Tergov bo'linmasi boshlig'i