• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Ikki izli temir yo‘llar yuqori samaradorlikni ta'minlaydi

09 Sentyabr 2022, 14:29 2699

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan amalga oshirilayotgan, megaloyiha deya e'tirof etilayotgan “Yoshlik I konini o‘zlashtirish” investitsiya loyihasi bo‘yicha bir qator ishlar bajarilmoqda.

Jumladan, joriy yilning yanvar oyida “Yoshlik I konini o‘zlashtirish” investitsiya loyihasi doirasida “Razvyazka – Yoshlik” stansiyalarini bog‘lovchi ikki izli temir yo‘llar qurilishi” obyekti bo‘yicha qurilish-montaj ishlari boshlangan edi.

Joriy yilning o‘tgan davri davomida Sanoat temir yo‘l transporti boshqarmasi, “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti va “Yoshlik I” direksiyasi tomonidan jadal sur'atlarda amalga oshirilgan qurilish ishlari natijasida ushbu obyekt qurib bitkazildi.

Bugun ushbu obyektning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda OKMK rahbariyati, obyekt qurilishida ishtirok etgan ishchi-xodimlar hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirda so‘z olgan OKMK boshqaruvi raisi Abdulla Xursanov “Razvyazka-Yoshlik” stansiyalarini bog‘lovchi ikki izli temir yo‘llarining foydalanishga topshirilishi “Yoshlik I” konini o‘zlashtirish” investitsiya loyihasini amalga oshirilishining muhim bosqichi hisoblanishini ta'kidladi. Va investitsiyaviy loyiha doirasida bu kabi obyektlarning foydalanishga topshirilishi bardavomlik kasb etishini bildirdi.

Mazkur obyekt qurilishida jonbozlik ko‘rsatgan Sanoat temiryo‘l transport boshqarmasi, “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti, Qalmoqqir kon boshqarmasi hamda “Yoshlik-1” koni direksiyasining bir guruh ishchi-xodimlari turli darajadagi “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishoni, Faxriy Yorliqlar, qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanishdi.

OKMK rahbariyati tomonidan STTB boshlig‘i Bunyod Qurbonovga obyektning ramziy kaliti topshirilib, lenta qirqildi va ushbu temiryo‘l rasman o‘z faoliyatini boshlab, ushbu yo‘ldan yuk ortgan dastlabki lokomotiv tarkibi harakatlandi. 

Ushbu loyihaning maqsadi – “Qalmoqqir” koni tog‘ jinslarini “Olmaliqsoy” zahira koniga tashishni “Yoshlik I” konida ishlarning uzluksizligiga ta'sir qilmasdan tashish imkonini beradi.

Mazkur loyihaga muvofiq 7,4 kilometr elektrlashtirilgan temir yo‘llar, 9 komplekt strelkali o‘tkazgichlar qurildi.

Yangi markazlashtirilgan mikroprosessor va poezd g‘ildiraklari o‘qlarini elektron hisoblash tizimi (MPS I ESSO) uskunalari o‘rnatildi. Mazkur obyekt qurilishida jami 51,2 mlrd. so‘mlik mablag‘ yo‘naltirildi.

Ikki izli temiryo‘lning qurilishi “Qalmoqqir” konining ustki qatlam jinslarini tashish masofasini - 2,9 kmga qisqartirib, lokomotiv tarkibi harakatlanishi vaqtini taxminan 8,42 daqiqaga kamaytiradi va  bu qo‘shimcha ravishda yiliga 1 mln 200 ming metr kub (Qalmoqqir konidan 500 ming metr kub. “Yoshlik-1” konidan 700 ming metr kub) ustki qatlam jinsini tashishga zamin hozirlaydi.

Ushbu qaror amaldagi tashish sxemasi bilan taqqoslaganda yiliga 12,8 mlrd so‘m mablag‘ni tejashga sabab bo‘ladi. Avtomobil transportiga qaraganda taxminiy  tejamkorlik yiliga 153 mlrd so‘mni tashkil etilishi kutilmoqda.

Shuningdek, bu loyiha elektr energiya tejalishiga hamda tog‘ jinslarini tashish tannarxini tushirilishiga olib keladi. Bundan tashqari, poezdlarning xavfsiz harakatini ta'minlagan holda stansiyalarning o‘tkazuvchanlik qobiliyatini 35-40%ga oshiradi.

Mazkur asoslangan qarorning eng afzalik jihatlari yiliga 5,6 mln. metr kub ustki qatlam jinslarini Qalmoqqir koni kar'erlaridan “Olmaliqsoy” tashlanmalar zahira koniga tashish( olib chiqish)da  7,5 km masofada o‘ziga xos qulayliklar yaratiladi.

Ushbu ob'ektning foydalanishga topshirilishi natijasida Qalmoqqir konida kon ishlari hajmini tushirmagan holda “Yoshlik - 1” konining markaziy qismida  kon-kapital ishlarini rivojlantirish bo‘yicha front ochiladi. Shuningdek, boy mis va oltin tarkibli hamda yo‘ldosh rangli, nodir metallar mavjud kon gorizontlarini ochish imkonini beradi.

Ma'lumot o‘rnida aytish mumkinki, bugungi kunda “Yoshlik-1” konida tog‘-kon ishlari jadal sur'atlarda davom etayapti. Bosh loyihachi “Giprosvetmet” AJ tomonidan bugungi kunga qadar loyihaning birinchi navbati bo‘yicha texnik-iqtisodiy asos 100 foizga, tog‘-kon qismi bo‘yicha ishchi hujjatlar 40 foizga bajarildi.

Konda ruda qatlamiga yetish va uni qazib olish maqsadida tuproq ishlari jadallik bilan olib borilmoqda. Jumladan, 2022 yil 1 sentyabr holatiga jami bajarilgan kon qazish ishlari 127,9 million metr kubni tashkil etmoqda.

Kon ishlarini bajarish uchun bugungi kungacha umumiy qiymati 415 million dollardan ziyod bo‘lgan 593 donadan ortiq texnika yetkazib berildi.

Loyiha doirasida kombinat Sanoat temir yo‘l transporti boshqarmasi tomonidan 27,8 km temiryo‘l izlari yotqizildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 martdagi  PQ–2807-sonli hamda “Olmaliq KMK” AJ konlari negizida rangli va qimmatbaho metallar ishlab chiqarishni kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2020 yil 26 maydagi PQ–4731-son qarorlariga muvofiq mazkur loyihani amalga oshirish natijasida:

I-bosqich – 2021-2025 yillarda 290 ming tonna mis katodi, 38 tonna oltin va 203 tonna kumush;

II-bosqich – 2024-2028 yillarda 400 ming tonna mis katodi, 50 tonna oltin va 270 tonna kumush metallari ishlab chiqarishga erishiladi.

 OKMK Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech