• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 71) 619-23-33
  • Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 71) 619-23-33

Ilg‘or muhandislik maktabi – “tarmoq – korxona – oliygoh” zanjirini yaratadi

04 Mart 2025, 9:8 932

Davlatimiz rahbari raisligida 2024-yilning 20-iyun kuni “Inno” innovatsion o‘quv-ishlab chiqarish texnoparkida muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash va oliy ta'lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirishga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda mahalliy sanoat tarmoqlari katta mablag‘ sarflab, ishchilarini xorijda o‘qitishga yoki chetdan mutaxassis olib kelishga majbur bo‘layotgani qayd etilgan edi. Xorijdagi ilg‘or tajribalardan kelib chiqib, mukammal mutaxassislarni o‘zimizda tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish muhim masala sifatida belgilandi. Shuningdek, muhandislik oliygohlarining barcha hamkor korxonalarida kafedralar filiallari faoliyati va dual ta'lim tizimi yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutildi. Talabalar bitiruv kursidagi ta'lim jarayonlarini, amaliyotini to‘liq hamkor korxonalarda ham ilm, ham tajribaga ega bo‘lib davom ettirishi bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Bunda muhandislik oliygohlarida Ilg‘or muhandislik maktablari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ikki yillik amaliy magistratura dasturlari bo‘yicha o‘qitilishi muvofiqlashtiriladi.

Kuni kecha ushbu vazifalarning ijrosi ta'minlash maqsadida MTTU MISiS Olmaliq filialida Ilg‘or muhandislik maktabini tashkil etish bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vaziri K.Sharipov, Toshkent davlat universiteti, Geologiya fanlari universiteti, Navoiy konchilik texnologiyalar universiteti, Buxoro muhandilik-texnologiya instituti, Andijon mashinasozlik instituti ilg‘or muhandislik maktabi, Namangan muhandislik iqdisodiyot instituti ilg‘or muhandislik maktabi, Toshkent davlat transport universiteti, Jizzax politexnika universiteti ilg‘or muhandislik maktabi, Qarshi davlat muhandislik instituti ilg‘or muhandislik maktabi, Yadro fizikasi instituti mas'ullari hamda OKMK boshqaruvi raisining xodimlar va ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari S.Shermatov ishtirok etishdi.

Tadbirda  MTTU MISiS Olmaliq filiali direktori F.Yarkulov Ilg‘or muhandislik maktabinining taqdimotini o‘tkazdi. Unda maktab konsepsiyasi, ta'lim yo‘nalishlari, o‘quv dasturlari, laboratoriya uskunalariga ehtiyojlar bayon etildi.

Shuningdek, tadbir davomida Innovatsiya markazi direktori o‘rinbosari A.Xasanov tomonidan Ilg‘or muhandislik maktabi magistraturasida ilmiy izlanishlar o‘tkaziladigan mavzular ro‘yxatini shakllantirish bo‘yicha ma'lumotlar taqdim etildi.

Tadbir ishtirok etgan oliygohlarning vakillari ham Ilg‘or muhandislik maktabi bo‘yicha o‘z taqdimotlarini o‘tkazishdi.

Mas'ullar Muhandislik oliygohlarida yuqori texnologiyali korxonalar bilan hamkorlikda Ilg‘or muhandislik maktablari faoliyati “tarmoq – korxona – oliygoh” zanjiri asosida tashkil etilishi yaxshi samara berishini ta'kidlashdi.

Ta'kdlash joizki muhandislik sohalari uchun mutaxassislar tayyorlaydigan oliy ta'lim muassasalarida Ilg‘or muhandislik maktablari faoliyatini yo‘lga qo‘yish orqali mamlakatimiz iqtisodiyotini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shadigan malakali mutaxassislar tayyorlab beriladi.

Axborot xizmati

Text to speech

Sahifadagi xatolar bo`yicha manzil:

Matn xato bilan:

Sizning izohingiz yoki to`gri versiya:

Close menu