Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33“Olmaliq KMK” AJning eng yetakchi ta'mir-montaj va pudratchi tashkilotlaridan biri hisoblangan Ixtisoslashtirilgan ta'mir ishlari boshqarmasi texnologik qurilmalarda kapital va joriy ta'mir ishlarini amalga oshirish, gaz tozalash va ventilyatsiya jihozlari hamda temir-beton qurilmalarini tayyorlash kabi vazifalarni sharaf bilan uddalab kelmoqda. Kombinat tarmoq bo‘linmalari tomonidan ekspluatasiya qilib kelinayotgan asosiy vositalar, qurilmalar, uzatish moslamalari binolar va inshootlarning ta'mir muddatlari va samarali faoliyati jarayonlarida boshqarma jamoasining o‘rni alohida.
OKMKning investision dasturlari ijrosiga faol qo‘shilgan ITIB tomonidan so‘nggi yillarda tashkil etilgan uchastkalar bir qator muhim masalalarga yechim bo‘la oldi. Mustaqil ta'mir-montaj tashkiloti sifatida faoliyatini yo‘lga qo‘ygan qisqa vaqt ichida ITIB salohiyatli tashkilotlardan biriga aylana oldi.
OKMKning investision dasturlari ijrosiga faol qo‘shilgan ITIB tomonidan so‘nggi yillarda tashkil etilgan uchastkalar bir qator muhim masalalarga yechim bo‘la oldi. Qisqa vaqt ichida ITIB salohiyatli tashkilotlardan biriga aylana oldi. Uchastkalarni zarur maxsus transportlar va mexanizasiya vositalari bilan ta'minlashni yo‘lga qo‘yish maqsadida o‘z avto saroyi, ta'mir va xizmat ko‘rsatish tizimlariga ega bo‘lgan kichik mexanizasiyalashtirilgan uchastkasi tashkil etildi. Kuni kecha mazkur uchastkaning transport parki 3 ta TTZ tirkama aravali traktorlar va “Toyota” yo‘lovchi tashish transporti bilan boyidi. Yaqin kunlar ichida maxsus avtokranlar va avtominoralar olinishi ko‘zda tutilgan. Boshqarmaning eng yosh va istiqbolli uchastkalaridan biri sifatida ko‘rilayotgan, Texnologik uskunalarni yig‘ish va o‘rnatish bo‘yicha №8 uchastkasi o‘z faoliyatining dastlabki yillarida “Yoshlik-I” koniga yetkazib berilayotgan tog‘-kon texnikalarini konservasiyadan chiqarish, yig‘ish va montaj qilish ishlari- da faol ishtirok etdi. Ayni kunlarda Abduqodir Mirahmedov rahbarlik qilib kelayotgan uchastka jamoasi OKMK ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish loyihalari doirasida olib borilayotgan ishlarning faoliga aylangan.
Kombinatning ikkinchi metallurgiya korxonasi hisoblangan Rux zavodida raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish, mahalliy xom-ash'yolardan samarali foydalanish, mavjud texnologik uskunalarni qayta jihozlash asosiy maqsad qilib belgilab olindi. Mazkur korxonaning asosiy ishlab chiqarish sexi bo‘lgan tanlab eritish sexida qattiq sanoat mahsulotlaridan oksid ko‘rinishidagi rux, kadmiy va boshqa metallarni suvda eriydigan tuz holatiga o‘tkazish bo‘yicha qayta ishlashga yo‘naltirilgan texnologik jarayonlar olib boriladi. Rux metallini olish yo‘lida amalga oshiriladigan rux kuyindilarini klasslarga ajratish 22 ta reaktorlar va 18 ta quyuqlashtirgichlarda amalga oshirib kelinadi. Aynan mazkur reaktorlarda kapital ta'mir ishlarini olib borishga 8-uchastka ta'mir - montajchilari kirishishdi. Reaktorlarning dastlabkisini demontaj qilish ishlari olib borilayotgan bir paytda reaktorning metall asosli korpusi qismlarini tayyorlashga kirishildi. Korxona tomonidan ta'mir-mexanika uchastkasi maydonida temir val's-listlarini tayyorlash uchun ish joyi yaratib berildi. Yangi tayyorlov ish uchastkasida ishlar boshlab yuborilgan birinchi haftaning o‘zidayoq №11 reaktor asosi yig‘ilishi uchun metall qurilmalar to‘liq tayyorlanishiga erishildi. Uchastka ishlab chiqarish ustasi Faxriddin Hakimov tomonidan ish joyi zarur texnik hujjatlar va vositalar bilan ta'minlab berilgani vazifalarning izchil bajarib borilishiga zamin yaratdi. Ishlarni amalga oshiruvchi mas'ul sifatida tayinlangan Samandar Oripov, elektr gaz payvandlovchi Umar To‘laganov, ta'mirchi-chilangar Sherzod Ne'matovlar tomonidan metall qurilmalarni tayyorlash va yig‘ishga tayyorlash ishlari qizg‘in olib borilmoqda. Mazkur sexga uzatib berilayotgan rux kuyindilarini navbatdagi texnologik jarayonlarga uzatib beruvchi vint-shneklarni montaj qilish ishlari ham uchastka montajchilari tomonidan jadal davom ettirilmoqda. Vint-shnekning asosi, uning tutib turuvchi tayanchlari, ustki qismlarini yig‘ish borasida qisqa muddat ichida o‘ziga xos ish uslubi o‘zlashtirildi. Hozirga qadar bitta vint- shnek sex texnologlariga foydalanishga topshirilgan bo‘lsa, navbatdagi vint- shnekda ishlar yakuniy bosqichiga kirgan. G‘iyos G‘offurov, O‘ktam Toshpo‘latov, Javohir Jamolov kabi chilangar-ta'mirchilar, montajchi Eldor Masharipov va elektr gaz payvandlovchi Sayfiddin Nizomovlar mazkur ish bo‘g‘inida yuqori sur'atlarni ta'minlab borishmoqda. 8-uchastka ta'mir-montajchilari tomonidan bajarib borilayotgan ishlarning sifat ko‘rsatkichlarini yuqori baholagan korxona uchastka jamoasi zimmasiga texnik aylanma suvlar quvur o‘tkazgichlarini to‘liq almashtirish vazifasini ham topshirdi. Ayni kunga qadar Sul'fat kislotasi sexining quvur o‘tkazgichlarining dastlabki pogonometrlarini almashtirishga muvaffaq bo‘lindi. Quvurlarni almashtirishda ham yuqori samaradorlikka erishish va asosiy ishlab chiqarish jarayonlariga ta'sir qilmaslik maqsadida quvurlarning burilish nuqtalarini oldindan tayyorlab qo‘yib keyin montaj qilish belgilab olindi. Elektr gaz payvandlovchi Sardor Abdullaev va montajchi Oxun Madalievlar quvurlar montaji ishini mukammal olib borishmoqda.
8-Uchastka jamoasi “Yoshlik-I” koni, Kapital qurilish boshqarmasi ob'ektlari bilan bir qatorda metallurgiya uskunalarida joriy va kapital ta'mir ishlarni yuqori sur'atlarda olib borib, yuksak ko‘rsatkichlarni qayd etishga muvaffaq bo‘ldi. Uchastka ta'mir-montajchilari tomonidan birgina o‘tgan hisobot oyining o‘zida 7 435 701 so‘mdan ziyod ta'mir-montaj ishlari amalga oshirilib, belgilangan reja 130,7% ga ortig‘i bilan bajarildi. Mazkur ishlar “Olmaliq KMK” AJ asosiy ishlab chiqarish quvvatlarini qayta jihozlash va barqarorlashtirish” dasturi bilan uyg‘un ekanligi bilan ham ahamiyatlidir.
Axborot xizmati