Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Mamlakatimizda yetakchi sanoat sohasi va tarmoqlarni rivojlantirish, innovasion g‘oya va texnologiyalarni ishlab chiqarishga keng joriy etish yuzasidan so‘nggi yillarda diqqatga molik ishlar amalga oshirib borilmoqda.
Jumladan, bugunga kelib “Olmaliq KMK” AJ faoliyatida ham ishlab chiqarishga ilg‘or innovatsion texnologiyalarni joriy etish va qo‘llash, yangi raqobatbardosh, xususan, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlarni, kimyoviy birikmalar va reagentlar, ehtiyot qismlarni ishlab chiqarishni ta'minlash, bu borada mamlakat xom ashyosidan ko‘proq foydalanish ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylangan. Ayni damda kombinatda 40 dan ortiq turdagi tovar mahsulotlari ishlab chiqarilayotgan bo‘lsa, shundan 14 ta kimyoviy elementlar toza va kombinatsiya qilingan ko‘rinishida, ya'ni 10 tasi - mis, rux, kadmiy, oltin, kumush, palladiy, tellur, selen, vol'fram va molibden toza birlamchi, qolgan 4 tasi - reniy, kalsiy, oltingugurt va qo‘rg‘oshin esa kimyoviy birikmalar ko‘rinishida ishlab chiqarilmoqda. Bu esa OKMKda ilm-fan va sanoat integratsiyasi yo‘lida salmoqli ishlar olib borilayotganidan dalolat beradi.
“Olmaliq KMK” AJ Fan va innovatsiyalar bo‘limi negizida oliy ta'lim muassasalari professor-o‘qituvchilarini jalb etgan holda “Ilmiy kengash” Nizomi ishlab chiqilgani va ilmiy-tadqiqot institutlari bilan uzviy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani diqqatga molikdir. Bundan tashqari, kombinatda 2 nafar fan doktori, 12 nafar PhD doktorlari va fan nomzodlari mehnat qilishmoqda. OKMK olimlari tomonidan o‘tgan davr mobaynida sof holatdagi palladiy va reniy metalli olingani e'tirofga sazovor jihatdir.
Dastlab, kombinatda ratsionalizatorlik va ixtirochilik yo‘nalishida to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, joriy yil boshidan beri 11 ta ratsionalizatorlik takliflari kelib tushgan. Aprel oyida I chorak yakunlari bo‘yicha Ixtirochilar va ratsionalizatorlar byurosi kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bunda 3 ta taklif ratsionalizatorlik taklifi, deb tan olinib, ishlab chiqarishga joriy etishga tavsiya etildi. Hisobot davri mobaynida ratsionalizatorlik takliflaridan olingan iqtisodiy samaradorlik 18,8 mlrd so‘mni tashkil etdi. Birgina 2023-yil I choragida ratsionalizatorlik takliflari uchun 32,6 mln. so‘m miqdorida mualliflik mukofotlari to‘lab berildi. Kombinatning asosiy boyitish fabrikasi hisoblangan Mis boyitish fabrikasida mart oyida “Ratsionalizatorlik - texnik rivoj asosi” mavzusida seminar tashkil etildi. Ushbu yo‘nalishda qo‘lga kiritilgan eng yuqori natija sifatida Adliya vazirligi huzuridagi “Intellektual mulk markazi” DM tomonidan “Affinajlangan palladiyni kukun holida olish” usuliga FAP 02203-sonli foydali model patenti berilganini ko‘rsatish mumkin.
Olib borilgan ilmiy-tadqiqot ishlari xususida to‘xtaladigan bo‘lsak, 2023-yil yanvar-aprel oylarida Respublikamizdagi hamda chet eldagi ilmiy-tadqiqot muassasalari va “Olmaliq KMK” AJ o‘rtasida jami 3 ta 881,5 mln so‘mlik hamda 5,8 mln rublga ilmiy-tadqiqot shartnomalari imzolanishiga muvaffaq bo‘lindi. Ayni shu kun holatiga ko‘ra, OKMKda jami 21 ta 8 626,7 mln so‘mlik va 14,1 mln rubllik ilmiy- tadqiqot shartnomalari olib borilmoqda.
Amalga oshirilayotgan ilmiy-tadqiqot shartnomalari orasidan mazkur ishlar katta e'tiborni tortadi: “Olmaliq KMK” AJ va “Mineral resurslar instituti” DM o‘rtasida imzolangan Rux zavodi eritmalaridan indiy metallini ajratib olish bo‘yicha texnologiya ishlab chiqildi va laboratoriya sharoitida 99,99% sof indiy metalli olindi. Hozirgi kunda kombinatda indiy metallini yarim-sanoat sinovlarini o‘tkazish orqali ajratib olish bo‘yicha tashkiliy ishlar olib borilmoqda.
Bundan tashqari, qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini kengaytirish va ularning nomenklaturasini oshirish maqsadida “Olmaliq KMK” AJ va O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining ion-plazma instituti o‘rtasida imzolangan ilmiy-tadqiqot shartnomasi doirasida reniy perrenatidan reniy metall kukunini olish texnologiyasi ishlab chiqildi va laboratoriya sharoitida plazmatron qurilmasi yordamida 1 kg atrofida 99,97% reniy metall kukuni olindi. Hozirda tadqiqot ishlari davom etmoqda hamda institut xodimlari tomonidan kombinatga kattaroq miqdorda reniy metall kukunini olish imkonini beruvchi qurilmani yaratish yuzasidan tashkiliy ishlar olib borilmoqda.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, ilg‘or texnika va texnologiyalardan foydalanish, materiallarning yangi turlarini yaratish, mehnat unumdorligini oshirish, ishlab chiqarishdagi mahsulotlarning raqobatbardoshligini yuqori darajaga ko‘tarish, ishlab chiqarishning boshqa bir qator texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlarini yaxshilash faoliyatining asosi bo‘lgan - OKMK Fan va innovatsiyalar bo‘limi kombinatning muhim ustuvor vazifalari va investitsiyaviy dasturlari ijrosi yo‘lida chuqur ilmiy-tadqiqotlar va izlanishlarni davom ettirib bormoqda. Imkoniyatdan foydalanib, ilm-fan fidoyilarini kasb bayramlari bilan muborakbod etib, ilmiy ishlariga rivoj tilab qolaman.
Mirzaahmad ERMANOV,
Fan va innovatsiyalar boʻlimi boshligʻi