Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

“Ilmli ayol: barqaror jamiyat sari”

11 Fevral 2026, 10:22 115

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2015-yil 22-dekabrda qabul qilingan rezolyutsiyasiga muvofiq, har yili 11-fevral “Ilm-fan sohasidagi ayollar va qizlar xalqaro kuni” sifatida xalqaro miqyosda nishonlanadi.

Ushbu kunni nishonlashdan ko‘zlangan maqsad - ilm-fan va innovatsiyalar sohasida xotin-qizlar uchun teng imkoniyatlarni ta’minlash, ularning ilmiy faoliyatdagi ishtirokini kengaytirish hamda barqaror taraqqiyotga erishishda xotin-qizlarning rolini kuchaytirishdan iborat.

Respublikamizda ham har yili ushbu kuni keng nishonlanib kelinmoqda. Joriy yilda ham sana munosabati bilan Vazirlar Mahkamasining tegishli bayoni asosida haftalik o‘tkazilishi belgilangan.

Haftalik doirasida 2026-yilning 10-fevral kuni “Metallurg” MSda “Ilmli ayol: barqaror jamiyat sari” mavzusida seminar tashkil etildi.

Seminarda Ilm fan va innovatsiyalar departamenti mas’ullari, kombinat tarkibiy bo‘linmalardagi Xotin-qizlar va gender tenglik bo‘yicha Maslahat kengashi raislari, olima ayollar, ratsionalizatorlik g‘oyalari bo‘lgan xotin-qizlar ishtirok etishdi.

Seminar avvalida so‘z olgan OKMK boshqaruv raisining ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi Kamola Umaraliyeva bugungi kunda mamlakatimizda ayollarga bo‘lgan e’tibor, ularning ta’lim olishlari va o‘z salohiyatlarini yuzaga chiqarishlari uchun barcha sharoitlar yaratilayotganini ta’kidlab, kombinatda ham bu borada samarli ishlar amalga oshirilayotganini ma’lum qildi.

Tadbir davomida Ilm-fan va innovatsiyalar departamentining ixtirochilik va ratsionalizatorlik ishlari bo‘yicha yetakchi muhandisi Nargiza Bekbutayevaning “Ilm-fan yo‘lida birlashaylik” mavzusidagi taqdimoti xoti-qizlar e’tiboriga havola etildi.

Investitsiyalar va kapital qurilish departamentining yetakchi muhandisi Shahnoza Abdullayevaning oliy ta’lim keyingi ta’lim – tayanch doktoranturada mustaqil izlanuvchilik shaxsiy tajribasi “Aksiyadorlik jamiyatlarida raqamlashtirish yordamida investitsion loyiha jarayonlarini boshqarishni takomillashtirish (OKMK misolida)” mavzusidagi ilmiy-tadqiqot ishining taqdimoti ham barchada katta taassurot qoldirdi.

Ayniqsa, Ixtisoslashtirilgan ta’mirlash ishlari boshqarmasining xodimasi, faol ratsionalizator ayol Zuhra O‘rolovaning ratsionalizatorlik faoliyati va texnik ijod borasidagi shaxsiy tajribasi va namunasi to‘g‘risidagi ma’ruzasi, hayot qiyinchiliklariga qaramay ko‘zlagan natijalariga erishayotgani xotin-qizlarga motivatsiya berdi.

Seminarda shuningdek, oila farovonligi va jamiyat rivojida ayollarning o‘rni va ishtiroki muhokama qilindi.

Bu kabi seminar va uchrashuvlar kombinat tarkibiy bo‘linmalarida davom ettiriladi.

Ma’lumot uchun 2025-yil holatiga ko‘ra OKMKda 7621 nafar xotin-qizlar turli vazifalarda faoliyat yuritadi. 1070 nafar xotin-qizlar kombinat korxonalarida mas’ul lavozimlarda, 309 nafari boshqaruv tizimida faoliyat olib bormoqda.

Xotin-qizlarning 1281 nafari oliy ma’lumotga ega. Olima ayollar soni esa 3 nafarni tashkil etadi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech