• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

“Ingichka boyitish fabrikasi” ishga tushirildi

03 Dekabr 2022, 16:59 2586

Bugungi kunda sanoat korxonalari oldida turgan dolzarb vazifalardan biri bu yillar davomida to‘planib qolgan texnogen chiqindilarni qayta ishlash hisoblanadi.

Aynan shu yo‘nalishda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mutaxassislari tomonidan bir necha yillardan buyon samarali ishlar olib borilgan holda yangi texnologiyalar yaratilib, ishlab chiqarishga tatbiq etilmoqda.

OKMK tomonidan Samarqand viloyatida joylashgan “Ingichka” volfram konining texnogen chiqindilarini qayta ishlab, mahsulot olinayotganligi ham bu borada amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligini anglatadi.

Kombinat mutaxassislari tomonidan mazkur obyektda Respublikada ilk marotaba volfram tarkibli texnogen chiqindilarni qayta ishlash texnologiyasi sanoat miqiyosida yo‘lga qo‘yildi.  Mazkur texnologiyaning sanoatga tatbiq etilishi natijasida joriy yilning avgust oyida ushbu konda ilk mahsulot olinishiga erishildi hamda ushbu mahsulotga xalqaro sertifikat berildi.

Joriy yilning 3-dekabr kuni "Ingichka" volfram koni texnogen chiqindilarini qayta ishlash" loyihasini amalga oshirish doirasida barpo etilgan boyitish fabrikasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar mazkur obyekt hududning infratuzilmasini rivojlantirishda hamda yangi ish o‘rinlarini yaratilishi muhim ahamiyat kasb etishini ta'kidlashdi.

Tadbirda fabrikaning ishga tushishida jonbozlik ko‘rsatgan bir guruh ishchi-xodimlar Faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alar bilan rag‘batlantirildi.

Ochilish marosimida ramziy lenta qirqilib, fabrikaning rasman ishga tushirilganini anglatuvchi maxsus tugma bosildi.

Tadbirga tashrif buyurgan mehmonlar fabrika faoliyati hamda ishchi-xodimlarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.

Tadbir yakunida ishchi-xodimlar va ishtirokchilar uchun bayramona dasturxon yozilib, konsert dasturi havola etildi.

Ma'lumot uchun Ingichka konida vol'fram tarkibli chiqindilar - 19 771 tonnani tashkil etadi. Ularni qayta ishlash hisobiga oyiga 9-10 tonnagacha volfram konsentrati olinadi. Chiqindilarni qayta ishlash, volfram konsentratini ajratib olish hisobiga yangi turdagi yuqori qo‘shilgan qiymatli eksportbop mahsulotlarni ishlab chiqarishga erishiladi. Bu yiliga kombinatga 2,0 mln dollar foyda keltiradi.

Ushbu obyektning ishga tushirilishi natijasida birinchi bosqichda 82 ta va ikkinchi bosqichda yana 200 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Muhimi mazkur fabrikada yillar davomida to‘plangan texnogen chiqindilar qayta ishlanib, qimmatbaho mahsulot olinadi va bu mamlakatimiz iqtisodiy qudratiga salmoqli hissa qo‘shishi aniq.

OKMK Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech