Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Joriy yilning 25-27 aprel kunlari poytaxtimizdagi "O‘zekspomarkaz" “Innoprom. Markaziy Osiyo” Xalqaro sanoat ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Rossiya Federatsiyasi Sanoat va savdo vazirligi hamkorligida tashkil etilgan tadbir mintaqada investisiyaviy, sanoat va savdo-iqtisodiy hamkorlikni faollashtirish, shuningdek, yangi ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari korxonalari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Mazkur nufuzli ko‘rgazmada Rossiya, Fransiya, Vengriya, Italiya, Belarus, Germaniya, Qozog‘iston, Turkiya va Tojikiston kabi davlatlardan kelgan 200 dan oshiq kompaniyalar hamda mamlakatimizda faoliyat yurib kelayotgan yirik sanoat korxonalari qatnashdi. Jumladan, ko‘rgazmada Olmaliq kon-metallurgiya kombinati ham o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etdi.
Ko‘rgazma doirasida OKMK rahbariyati hamda Rossiya, Belarus, Tojikiston, Qozog‘iston davlatlarining sanoat vazirlari va Boshqirdiston Respublikasi sanoat vaziri o‘rinbosari bilan respublikada kooperatsiya asosida import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha uchrashuvlar o‘tkazildi.
Shuningdek, Belarus Respublikasining maxsus texnika va ehtiyot qismlar ishlab chiqaruvchi “Belaz”, “MAZ” kompaniyalari rahbarlari bilan, Rossiya Federatsiyasining 40ga yaqin kompaniyalari jumladan, “Rossiyskiy eksportniy sentr”, “USM Urban Mayning”, "Krassvetmet", “Solar Sistems”, “Firma Tvema”, “Iskra”, “STRIM”, “AKSION RUS”, “Kristallogidrat”, “Uralkran”, “1520 Signal”, “UMK” kabi kompaniyalarning rahbarlari va vakillari bilan biznes-uchrashuv o‘tkazildi.
Ko‘rgazmada bir qator o‘zaro manfaatli shartnoma, hamkorlik bo‘yicha kelishuv va memorandumlar imzolandi.
Xususan, ko‘rgazma doirasida 40 dan oshiq korxonalar bilan o‘zaro hamkorlik qilish bo‘yicha biznes-uchrashuv o‘tkazilib, ish tashkil etildi. Natijada, ko‘rgazma yakuni bo‘yicha 1 ta shartnoma va 10 dan oshiq kelishuv memorandumlari imzolandi (28ta memorandum-kelishuv tayyorlash ishlari olib borilmoqda).
Jumladan, “Kristallogidrat” (Rossiya) kompaniyasi bilan 1000 tonna mis kuporosi eksporti bo‘yicha 3 mln. dollarlik shartnoma imzolandi.
“Solar Sistems” (Rossiya) kompaniyasi bilan esa respublikada quyosh panellarini ishlab chiqarishni tashkil etish va 250 MVt kam bo‘lmagan fotoelektrik stansiyasini qurish bo‘yicha kelishuvi hamkorlik memorandumi imzolandi.
Rossiyaning “USM Urban Mining” kompaniyasi bilan Rux changini yetkazib berish bo‘yicha, “Krassvetmet” kompapinyasi bilan mis eritish zavodi sexida ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha, FGUP “SNIIchermet im I.P.Bardina” kompaniyasi bilan metallurgiya kukuni, nodir metallar, sanoat chiqindilaridan temir olish va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha, “USM Holdings-Ucell” - raqamlashtirish masalasi bo‘yicha hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Bundan tashqari, MTTU “MISiS” bilan metallurgiya sohasida ilmiy tadqiqotlar bo‘yicha hamkorlik kelishuvi ham imzolandi.
Shuningdek, Rossiyaning “Iskra” kompaniyasi bilan elektr bo‘lmagan ishga tushirish vositalari, portlatish simlari, elektron detonatorlar, kichik o‘lchamdagi oraliq detonatorlar va boshqa ishga tushirish vositalarini hamkorlikda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga, “Vtoroe Dixanie TM” kompaniyasi tomonidan changga qarshi niqob mahsulotini namuna sifatida taqdim qilinib, sinov sharoiti yakuni bo‘yicha xulosasi asosida kelajakda hamkorlik qilishga kelishildi.
"Belaz" kompaniyasi bilan maxsus texnikalar uchun ehtiyot qismlarini mahalliylashtirish bo‘yicha hamkorlik memorandumi ham imzolandi.
Bir so‘z bilan aytganda mazkur ko‘rgazma har tomonlanma foydali bo‘ldi.
Dilshodbek Xoldaraliyev,
OKMK Ijro apparati Mahalliylashtirish bo‘limi boshlig‘i v.b.