Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 71) 619-23-33Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 71) 619-23-33Joriy yilning 29-noyabr kuni OKMK tarkibiy bo‘linmalarida “Energiya samaradorligini oshirish, ishlab chiqarish tannarxini pasaytirish va xarajatlarni kamaytirish bo‘yicha eng yaxshi ratsionalizatorlik takliflari” tanlovining navbatdagi g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Tadbirda ishtirok etgan OKMK boshqaruv raisi Abdulla Xursanov ishlab chiqarish sarf-xarajatlarini kamaytirish, mahsulot tannarxini pasaytirish, energiya resurslarini tejash va import mahsulotlarini qisqartirish bo‘yicha kombinatda samarali ishlar olib borilayotganligini ta'kidlab, ishchi-xodimlar va mutaxassislar tomonidan ilgari surilayotgan har qanday innovatsion g‘oyalar qo‘llab-quvvatlanishini bildirdi.
Tadbirda Avtomobil transport boshqarmasi, Mis eritish zavodi hamda Mis boyitish fabrikasidan jami bo‘lib 22 nafar mutaxassis pul mukofotlari bilan taqdirlanishdi.
Innovatsion ratsionalizatorlik takliflarining mualliflari o‘z loyihalarini taqdimotlarini o‘tkazishdi. G‘oyalarining nechogʻlik muhim ekanligini, iqtisodiy samaradorligini aniq hisob-kitoblar bilan ko‘rsatib berishdi.
Masalan, Avtomobil transport boshqarmasi Ishlab chiqarish texnik bo‘limi Yonilg‘i-energetik resurslari muhandisi Sherali Hamidovning “Karyer o‘ziag‘dargich yonilg‘i bakidagi yoqilg‘i miqdorini vizual aniqlash uskunasi” loyihasini ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, ushbu loyihaning bir yillik iqtisodiy samaradorligi 8,5 mlrd so‘mni tashkil etadi. Loyihaga ko‘ra, hozirgi kunda Texnologik transport boshqarmasida BelAZ-75307 markali 32 ta karyer o‘ziag‘dargichi va BelAZ-75131 markali 87 ta karyer o‘ziag‘dargichi mavjud. Karyer o‘ziag‘dargichlari 2 smenali rejimida faoliyat ko‘rsatadi. Haydovchilar tomonidan smena qabul qilib, topshirish jarayonida bakdagi yoqilg‘ining qoldig‘iga alohida e'tibor qaratiladi. Yoqilg‘i qoldig‘ini aniqlash uchun kuzov platformasi ko‘tariladi va graduirovka qilingan shup orqali bakdagi yoqilg‘ining qoldig‘i aniqlanadi. Yoqilg‘i qoldig‘ini aniqlash jarayoniga 3 daqiqagacha ish vaqti, 0,05 moto-soat dvigatel ishlatilishi va avtosamosvalning turiga qarab 3 dan 5 litrgacha dizel yoqilg‘isi sarflanadi. Loyihaga ko‘ra, bakga yoqilg‘i darajasini vizual nazorat qilish qurilmasi o‘rnatilib, ushbu qurilma tutash idishlar prinsipi asosida ishlaydi. Qurilma shaffof plastikdan yasalgan kolba, ikkita shtuser va xavfsizlik klapanlari, OKMK Markaziy metrologik labaratoriyasi standart ta'minoti mavjud ko‘rsatish shkalasidan va bronyalangan korpusdan iborat. Qurilma bakning xavf kamroq qismiga o‘rnatiladi. Ko‘rsatish shkalasi har bir yonilg‘i bakka individual tarzda tarirovka qilinib, bu tarirovka yoqilg‘ining belgilangan hajmini aniqlash uchun amalga oshiriladi.
Shuningdek, Mis eritish zavodi Texnologik jarayonlarni boshqaruv tizimini avtomatlashtirish xizmati, sozlash guruhi yetakchi muhandis dasturchisi Jasurbek Matarimovning “MEZ dispetcherlik boshqaruviga tahlil tizimi qo‘shish” loyihasi ham yuqori samaradorilikka ega. Loyiha zavod tarkibidagi sexlardagi texnologik jarayonlardan olingan axborotlarni onlayn tarzda nazorat qilish va to‘plash, barcha turdagi energoresurslarning, rejaviy va joriy ko‘rsatkichlarni taqqoslagan holda, kunlik va smena davomidagi hisobotlarni hamda raportlarni raqamlashtirilgan holda ko‘rish imkonini beradi. Zavod texnologik jarayonlarining tahlilini amalga oshiradi.
Zavod sexlarida texnologik eritish uskunalarining bo‘sh ishlash holatini qisqartiradi, hisobot va raportlarni yaratish vaqtini 70% gacha qisqartiradi, texnik-iqtisodiy hisob-kitoblardan oqilona foydalanish imkonini beradi. Kimyoviy va ekspress tahlillar natijalarini olish vaqti 50% ga qisqaradi. Tizim, MEZ TJBTA xizmatining o‘z kuchi bilan hech qanday ortiqcha xarajatlarsiz ishlab chiqildi va ishlab chiqarishga joriy etildi. Hozirgi kunda bunday xizmatlar dunyo bozorida 2 693 404 000 so‘mdan 6 733 510 000 so‘mgacha baholanadi.
Shuningdek, Mis boyitish fabrikasi IChTB 1 toifali muhandis D.Eraliyevning “Reagent berish nuqtasi” loyihasi yiliga 3 591 711 506,5 so‘m iqtisodiy samara keltiradi.
Bu kabi innovatsion taklif va g‘oyalarning kombinat rahbariyati tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi mutaxassislarga yangidan-yangi g‘oyalarni amalga oshirishga undashi barobarida motivatsiya ham beradi.
Axborot xizmati
Sahifadagi xatolar bo`yicha manzil:
Matn xato bilan:
Sizning izohingiz yoki to`gri versiya: