• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Ishchi salomatligi muhim masala!

27 Aprel 2022, 12:23 1662

28-aprel – Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni munosabati bilan OKMK xodimlari kasaba uyushmasi tomonidan joriy yilning 26-aprel kuni “Mehnat muhofazasining ijobiy madaniyatini birgalikda shakllantiramiz” shiori ostida tadbir hamda o‘quv-seminar tashkil etildi.

Dastlab, tadbirga tashrif buyurgan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi yuridik bo‘lim mudiri Hamidulla Premqulov, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi  mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasi rektori, mehnatni muhofaza qilish bo‘limi mudiri Nodira Gaibnazarovalar Ixtisoslashtirilgan ta'mirlash ishlari boshqarmasi hamda Markaziy ta'mirlash mexanika zavodida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishishdi.

Mehmonlar mazkur korxonalarning kasaba uyushmasi qo‘mitalari hamda ma'muriyati bilan hamkorlikda olib borayotgan ishlarini ko‘rishdi. Jumladan, korxonalardagi ko‘rgazmali materillar, kasaba uyushmasi qo‘mitasi faoliyati, mehnatni muhofaza qilish xodimlari faoliyati, ish o‘rinlari, ish taqsimlash xonalari, ishchilar uchun yaratilgan ijtimoiy sharoitlar (oshxona, tibbiyot xonasi, ma'naviyat xonasi va tadbirlar o‘tkazish zali) bilan tanishdilar.

Shundan so‘ng, Markaziy ta'mirlash mexanika zavodida majlislar zalida ma'naviy-ma'rifiy tadbir boshlandi. Unda mehmonlar hamda “Olmaliq KMK” AJ xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi raisi Abdurashid Haydarov ishtirok etishdi.

Tadbir kombinat xodimlari kasaba uyushmasining  “Mehnatni muhofaza qilish” madhiyasi bilan boshlandi. Madhiya so‘zlarining muallifi – Shaxtaqurilish boshqarmasi xodimi A'zam Ziyo,  bastakor “Metallurg” MS xodimi Ulug‘bek Amanov, musiqa sayqalchisi esa Farrux Sherbo‘tayev. Madhiyani “Metallurg” MS direktori Sahobiddin Yunusaliyev va Olmaliq shahar 8-sonli bolalar musiqali  maktabi o‘qituvchisi Sevara Mahkamovalar ijro etishdi.

So‘ngra, ishchi-xodimlarga bexatar mehnat sharoitlari yaratib berilishi ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, ularning mehnat muhofazasi sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini yanada oshirish kabi tizimli ishlarni amalga oshirishda hamda mehnatni muhofaza qilish sohasida ishlarni to‘g‘ri tashkillashtirishda o‘zining munosib hissasini qo‘shganligi munosabati bilan “Olmaliq KMK” AJ xodimlari kasaba uyushmasi rayosati qaroriga ko‘ra, kombinat tarkibiy bo‘linmalaridagi 30 nafar Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha vakillar, Mehnat muhofazasi komissiya a'zolari esdalik sovg‘alari bilan mukofotlanishdi.

Tadbirda kasaba uyushmasi tomonidan suratga olingan mehnat muhofazasi qoidalariga rioya qilish muhimligini aks ettiruvchi videorolik namoyishi ishtirokchilar hukmiga havola etildi.

Ma'lumot o‘rnida qayd etish lozimki, xalqaro mehnat tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, dunyoda har yili 300 milliondan ziyod baxtsiz hodisa, 160 million kasb kasalliklari ro‘yxatga olinib, ishlab chiqarish bilan bog‘liq va kasb kasalliklari sababli 2 million 780 ming ayol va erkak halok bo‘lmoqda, har kuni o‘rtacha 6 ming 500, har 15 soniyada bir nafardan odam halok bo‘lyapti. Jarohatlanish oqibatida xodimlarning uchdan bir qismi 4 ish kunidan ortiq ish joyida bo‘lmaslik bilan iqtisodiyotga zarar keltirmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, har yili ish joylarida sodir bo‘layotgan baxtsiz xodisalarning yarmi qishloq xo‘jaligi sohasida, ya'ni butun dunyo ish kuchining deyarli yarmisi mashg‘ul bo‘lgan sohada kuzatilyapti. Baxtsiz hodisa oqibatida va ishlab chiqarishdagi zo‘riqish bilan o‘layotganlar infeksion kasalliklar bilan halok bo‘layotganlar soniga teng. Tadqiqotlarga ko‘ra, Yevropada 50 dan 60% gacha ish vaqti yo‘qotilishi ishlab chiqarishdagi stress bilan bog‘liq.

“Metallurg” MSning “Kaleydoskop” badiiy jamoasi ijrosidagi “Metallurglar” nomli raqs, “Edelveys” xalq raqs ansambli a'zolari tomonidan kombinat ishchi-xodimlarining maxsus uniformalari namoyishi (Defile) ham ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Sohaga oid savol-javoblardan iborat bo‘lgan sovrinli viktorina ham qiziqarli bo‘ldi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi yuridik bo‘lim mudiri Hamidulla Premqulov,  O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi  mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasi rektori, mehnatni muhofaza qilish bo‘limi mudiri Nodira Gaibnazarovalar tomonidan tashkil etilgan o‘quv seminarida ham ishtirokchilar sohaga oid bilim va ko‘nikmalarini boyitishdi. Seminar davomida O‘zbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonuni tadbiq etilishi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar”, “Ishlab chiqarish bilan bog‘liq holda sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar jarohatlanishlar va kasb kasalliklari tahlili”, “Ish o‘rinlarini mehnat sharoitlari va asbob uskunalari jarohatlash haftaligi yuzasidan attestasiyadan o‘tkazish ishlarini tashkil etish”, yangi tahrirdagi “Mehnat kodeksi” mavzularidagi ma'ruzalar tinglandi.

Bahs-munozaralar boy bo‘lgan seminarda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga ma'sullardan batafsil javob olishdi.

Sayyora Djurayeva,

OKMK xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi mehnatni muhofaza qilish komissiyasi raisi

Bo`lishmoq:
Text to speech