"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tarkibiy bo‘linmalarida mehnat muhofazasi hamda ishchilarning salomatligi asrab-avaylash borasida muntazam ravishda o‘quv kurslari, profilaktik tadbirlar tashkil etib kelinadi.
Jumladan, kuni kecha Avtomobil transporti boshqarmasi kasaba uyushmasi qo‘mitasining mehnat muhofazasi vakillari uchun tashkil etilgan o‘quv kurslari ham har tomonlama foydali bo‘ldi.
Mazkur o‘quv mashg‘ulotlarini terapevt O.Mavlanov, ATB mehnat muhofazasi va harakat xavfsizligi bo‘limi boshlig‘i A.Xamroyev hamda korxona yuristi A.Golkov olib borishdi.
O‘quv kurslari davomida ishchi-xodimlarga birinchi yordam ko‘rsatish, xavfsiz mehnat faoliyatini yuritish, mehnat muhofazasi qoidalari hamda tegishli qonunchilik bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan amaliy va nazariy mashg‘ulotlar o‘tildi.
O‘quv mashg‘ulotlari davomida xodimlarga mehnat xavfsizligi qoidalariga rioya qilish, ish jarayonida ehtiyotsizlikning oldini olish, huquqiy mas’uliyat, favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakatlanish bo‘yicha ham qo‘shimcha tushuntirishlar berildi.
Mazkur o‘quv mashg‘ulotlari mehnat muhofazasi vakillarining malakasini oshirishga, shuningdek, favqulodda vaziyatlarda xodimlarga tezkor va to‘g‘ri yordam ko‘rsatish ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, ishchi-xodimlarning salomatligini asrab-avaylash maqsadida profilaktik tadbir o‘tkazildi.
Unda epidemiolog-shifokor F.Fozilmatova qatnashib, sog‘liqni saqlashga oid bir qator dolzarb mavzular bo‘yicha ma’lumotlar berdi.
Mutaxassis oshxonalarda oziq-ovqat mahsulotlarini to‘g‘ri saqlash, sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy amal qilish hamda bu jarayonlarning umumiy sog‘liq uchun naqadar muhim ekanligini ta’kidladi.
Shuningdek, u yuqumli teri kasalliklarining oldini olish, ularning dastlabki belgilari va profilaktika choralariga doir foydali tavsiyalarni ham taqdim etdi.
Yig‘ilish davomida 1-dekabr — OITSga qarshi kurash kuni munosabati bilan aholining xabardorligini oshirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish va kasalliklardan himoyalanishning eng samarali usullari haqida ham batafsil tushuntirishlar berildi.
A.Bayishov,
ATB kasaba uyushmasi raisi o‘rinbosari