• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Ishlab chiqarish nazorati - ustuvor vazifa

08 Aprel 2022, 16:46 1157

2006 yilda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Xavfli ishlab chiqarish ob'yektlarining sanoat xavfsizligi to‘g‘risida”gi Qonuni xavfli ishlab chiqarish ob'ektlarida avariyalar yuz berishi xavflarini kamaytirish va XIChOdan foydalanib keluvchi tashkilotlarning mazkur avariyalar oqibatlarini bartaraf etish va lokalizasiya qilishga hozirligini ta'minlashga yo‘naltirilgan.

Ushbu Qonunda xavfli ishlab chiqarish ob'yektidan foydalanib keluvchi tashkilotlarning zimmasiga qo‘yiladigan talablar ham belgilab berilgan: sanoat xavfsizligi sohasidagi qonunchilik hujjatlarida, shuningdek normativ-texnik hujjatlarda ko‘rsatilgan talablarga rioya etish; ishlab chiqarish jarayoni ustidan nazorat qiluvchi zarur asboblar va tizimlarning belgilangan talablarga muvofiq mavjud bo‘lishi hamda ishlashini ta'minlashi; xavfli ishlab chiqarish ob'ektida qo‘llaniladigan inshootlar va texnika qurilmalari diagnostikasi, sinovlari, tekshiruvi o‘tkazilishi shart.

Ma'lumki, “Olmaliq KMK” AJning nazorat ostidagi korxonalari texnik holati belgilangan normalar va qoidalar talablariga javob beradigan darajaga yetkazishni faqat Olmaliq kon-texnika inspeksiyasi kuch va imkoniyatlari bilan amalga oshirib bo‘lmaydi. Biz mavjud qoidabuzarliklarni aniqlashimiz mumkin, lekin belgilangan qoidalarga rioya qilinishini faqat XIChOdan foydalanib kelayotgan korxona ta'minlashi mumkin. Shuni e'tirof etishim zarurki, avariya va noxush hodisalar asosan XIChOdan foydalanish norma va qoidalariga rioya qilinmasligi bilan bog‘liq, bu esa ishlab chiqarish nazoratining samarasiz olib borilishining natijasidir. Shuning uchun korxonadagi sanoat xavfsizligi umuman olganda ishlab chiqarish nazoratining darajasi va holatiga uzviy bog‘liqdir.

OKMK bo‘yicha 2020 yil 12 noyabrda chiqarilgan buyruqqa asosan, “Olmaliq KMK” AJda Sanoat xavfsizligi talablariga rioya etilishi ustidan ishlab chiqarish nazoratini tashkil etish va olib borish to‘g‘risida”gi Nizom amalda qo‘lanishga qabul qilindi va unga ko‘ra, kombinat, shuningdek uning barcha bo‘linmalarida mas'ul rahbarlar tayinlanib, xizmatlar tashkil etilgan holda sanoat xavfsizligi talablariga rioya etilishi ustidan ishlab chiqarish nazoratini tashkil etish va amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi lokal Nizomlar ishlab chiqildi. Barcha Nizomlarda uch darajali ishlab chiqarish nazorati ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu jarayonga ish joylaridagi bevosita rahbarlar jalb etilmoqda: ustalar, katta ustalar, mexaniklar, smenalar, uchastkalar boshliqlari va boshqalar (1-daraja nazorati bo‘yicha), sexlar, shaxtalar va bo‘linmalar boshliqlari (2- daraja nazorati bo‘yicha) va rahbar xodimlar (3- daraja nazorati bo‘yicha).

1-daraja nazorati bo‘yicha tegishli mas'ullar ishlab chiqarish nazoratini har smena (har kuni), ikkinchi daraja nazorati bo‘yicha mas'ullar haftada kamida bir marta, uchinchi daraja nazorati bo‘yicha mas'ullar reja yoki jadvalga asosan amalga oshirishlari lozim.

Hozirgi kunda kombinat bo‘linmalarining turli darajadagi rahbar va mutaxassislari, o‘z faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha uskunalarning texnik holati hamda texnologik jarayonlarda yo‘l qo‘yilgan sanoat xavfsizligi va mehnat muhofazasi qoidabuzarliklari sabablarini batafsil tahlil qilib, ularni bartaraf etilishiga qaratilgan tadbirlar ko‘rilishini qamrab oladigan doimiy ishlab chiqarish nazoratini olib borishmoqda.

Shu narsaga alohida urg‘u berib o‘tish lozim bo‘ladiki, ko‘pchilik mehnat muhofazasi nazorati va ishlab chiqarish nazoratini chalkashtirib yuboradi. Shuni o‘z o‘rnida ta'kidlab o‘tish joiz, ishlab chiqarish nazoratining asosiy vazifasi bu - uskunaning texnik holati, uning sozligi, uskunalarni foydalanish va ishlab chiqarish yo‘riqnomlari talablariga muvofiq ravishda ekspluatasiya qilinishni, shuningdek bo‘linmalarda texnologik jarayonlarni texnologik yo‘riqnomalarga qat'iy amal qilingan holda olib borilishi ta'minlashdan iboratdir. Bu borada Olmaliq kon- texnika inspeksiyasi xodimlari tomonidan seminar va davra suhbatlari tashkil etilib, kombinat bo‘linmalari rahbarlari va mutaxassislari o‘z korxonalarida ishlab chiqarish nazoratini qanday tashkil etishi bo‘yicha tanishtirildi. Ularga ko‘mak sifatida uslubiy qo‘llanmalar taqdim etildi.

Ayni vaqtga kelib MEZ, Rux zavodi, MBF, MTMZ, Qalmoqqir kon boshqarmasi va kombinatning boshqa bo‘linmalarida tegishli mutaxassislar tomonidan sanoat xavfsizligi talablariga rioya qilinishi yuzasidan ishlab chiqarish nazorati faol amalga oshirib kelinmoqda. Biroq Issiqlik elektr markazi, Xondiza va Chodak kon boshqarmalari, Sanoat suv ta'minoti sexi, Sherobod sement zavodi, Moddiy-texnika ta'minoti boshqarmasi omborxonalari hamda Ohak zavodida mazkur ishlar yetarli darajada olib borilmayotgani achinarli holatdir. Bu korxonalarda quyi bo‘g‘inlar rahbarlari hattoki sanoat xavfsizligi borasida ishlab chiqarish nazoratining tashkil etilishi va amalga oshirilishi Nizomlari bilan tanishtirib chiqilmagan. Buning asosiy sababi - yuqorida sanab o‘tilgan korxonalar rahbarlarining ishlab chiqarish nazoratini amalga oshirish masalalariga yuzaki rasmiy yondashuvidir.

Imkoniyatdan foydalanib, kombinat bo‘linmalari rahbar va mutaxassislarini sanoat xavfsizligi yo‘nalishida ishlab chiqarish nazoratini tashkil etish va amalga oshirish masalalariga ta'sirchan yondoshishlari zarurligiga e'tibor qaratishlarini yana bir e'tirof etgan bo‘lardim. Zero, xavfli ishlab chiqarish ob'ektlarida sanoat xavfsizligi talablarini bajarish, ulardan foydalanilayotgan tashkilotlarning rahbarlari va mas'ul mutaxassislarining javobgarligini oshirish bilan bir qatorda ob'ektlarida baxtsiz hodisalar va avariyalarning oldini olishga xizmat qilishini barchamiz chuqur anglashimiz shart.

Zahiriddin BERDIQULOV,

Olmaliq kon-texnika inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari

Bo`lishmoq:
Text to speech