Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Mis-qo‘rg‘oshin-rux polimetal rudalarini qayta ishlashga ixtisoslashgan “Olmaliq KMK” AJ Xondiza kon boshqarmasining Xondiza boyitish fabrikasi bir necha bosqichli texnologik jarayonlarni o‘zida mujassam etuvchi jamoaviy va sellektiv flotasiyalash amalga oshiriladigan mamlakatimizdagi yagona boyitish korxonasi hisoblanadi. O‘z tarixining dastlabki o‘n yilligi mobaynida Xondiza boyituvchilari nafaqat loyiha quvvatlariga chiqish, balki konsentrat va ulardan metallarni saralab olish bo‘yicha texnologik hamda ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini barqaror oshirib borishga muvaffaq bo‘lishdi.
Kuni kecha Xondiza kon boshqarmasiga qilgan xizmat safarimiz davomida Oybek Abdiyev boshchilik qilayotgan mazkur fabrikaning ayni damdagi faoliyati bilan yaqindan tanishib, qo‘lga kiritilayotgan ulkan mehnat zafarlarining guvohi bo‘ldik.
Maydalash, flotasiyalash, quyuqlashtirish, mis, rux va qo‘rg‘oshin konsentratlarini fil'trlash hamda mis-qo‘rg‘oshin konsentratlarini seleksiyalash bo‘limlarini o‘z ichiga olgan boyitish fabrikasida qayta ishlash vazifalari yuqori sur'atlarda olib borilmoqda. Fabrika ishlab chiqarish tizimining boshlang‘ich bo‘g‘inlaridan biri bo‘lgan rudalarni o‘zi maydalash tegirmonlariga tegirmon mashinistlari O‘rol Aliev, Alimjon Saidov va Ulug‘bek Roziqovlar xizmat ko‘rsatib kelishmoqda. Tegirmonlar yordamida 0,074 klassda 75-80%gacha maydalangan boyitmalar jamoaviy mis-qo‘rg‘oshin va ruxni flotasiyalash jarayonlariga yuborilmoqda. Ish kameralari turlicha bo‘lgan FPM-16, FPM-3,2, FPM-1,2 pnevmomexanik flotomashinalarda kechadigan jarayonlar esa Gulnoza Hamrayeva, Qudrat Karimov, Hamidullo Ko‘charov, Abdumannob Dovudov kabi flotatorlar nazorati ostida amalga oshirilayapti. Asosiy, nazorat, qayta tozalash flotasiyasi uskunalari bilan bir qatorda reagentlar qo‘shilgan pul'palarni agitasiya qilishda qo‘llaniladigan kontakt chanlari ham aynan ushbu flotatorlar tomonidan boshqarib borilmoqda.
Mis, rux va qo‘rg‘oshin konsentratlari suvsizlantirilib quyuqlashtirilganidan so‘ng filtrlash bo‘limining hajmi 25m³ bo‘lgan chanlarga yuborilish jarayonlari o‘ziga xo s manzarani kasb etadi. Vertikal plastinali fil'tr-presslarda konsentratlar fil'trlanayapti. Fil'trlovchilar Ilhom Yormatov, Ismat Sattorovlarning mahorati evaziga mis va qo‘rg‘oshin konsentratlarining 8-10 foiz namlikdan ortiq bo‘lmagan namlik holati ta'minlanmoqda. Bu esa konsentratlarni texnologik zanjirlarda qayta quritish operatsiyalariga barham beradi.
Suvsizlantirish bo‘linmasidagi S-15 quyuqlashtirgichlari va Diemma press-fil'trlari eng zamonaviy hamda mukammal texnologik uskunalar hisoblanadi. Texnologik ko‘rsatkichlarga erishish va konsentratlardan metallar saralab olinishida ishlab chiqarish ust asi Bahrom Safarov mehnat qilib kelayotgan Reagent uchastkasi jamoasining o‘rni alohida bo‘lmoqda.
- Reagent eritmalar va ohakli eritmani dozirovkalash hamda texnologik jarayonlarga talab darajasida uzatib borilishi evaziga texnologik jarayonlar yakunida kutilgan natijalarga erishilayapti, - deydi Bahrom Safarov. - Ishlab chiqarishda yanada samaradorlikni qo‘lga kiritish maqsadida jamoada yana bir yangilikka qo‘l urilmoqda. Ya'ni, reagent eritmalarni tayyorlashda cho‘ktiruvchi vazifasini o‘tovchi gidrosul'fit reagenti shu vaqtgacha Rossiya davlatidan katta xarajatlar hisobiga keltirilar edi. Endilikda kon boshqarmasi va kombinat mutaxassislari tomonidan Olmaliqdagi fabrikalarda qo‘llanib kelinayotgan mahalliy gidrosul'fit tajriba-sinov tariqasida tadqiq etilmoqda. Tadqiqotlar ijobiy natija bersa mazkur vositani to‘liq qo‘llashga o‘tish ko‘zda tutilgan.
Uchastka ustasining ta'kidlashicha, mazkur tadqiqot sinovlari o‘zini oqlab, ishlab chiqarishga tatbiq etilsa, katta iqtisodiy samara va tejamkorlikka omil bo‘ladi. Bu tajriba-sinovlarning qat'iy asoslarda amalga oshirilishida malakali mutaxassis Sayyora Kurdashova yo‘lboshchilik qilib kelmoqda.
Fabrikaning ta'mirlash uchastkasini kuzatar ekanmiz, texnologik va mexanik uskunalar, mexanizasiya vositalarida barcha turdagi ta'mirlar tajribali mutaxassislar Shafoat Habibullaev va Iskandar Sohibovlar tomonidan sifatli olib borilmoqda. Murabbiy - ta'mirlovchi Shafoat Xabibullayev o‘z vazifasini sidqidildan bajarish bilan bir qatorda yosh ta'mirchilarga kasbining sir-sinoatlarini qunt bilan o‘rgatib borayapti.
Texnik nazorat xizmatining boyitish mahsulotlari nazoratchilari - Zilola Abdiyeva va Nasiba Pirmatovalar tomonidan esa yetkazib berilayotgan xom ashyolar, ishlab chiqarilayotgan boyitish mahsulotlarining sifati va fabrikaning butun texnologik jarayonlari ustidan qat'iy nazorat yo‘lga qo‘yilganligi ko‘zga tashlanadi.
Bir so‘z bilan aytish mumkinki, Xondiza boyitish fabrikasi jamoasi yurtimiz iqtisodiy ravnaqi, kombinatning yorqin ertasi yo‘lida ishlab chiqarishning qaynoq qozonida “qaynamoqda”. Buning samarasi esa hisobot yilining birinchi choragi natijalarida ham o‘z aksini topgan, deyish mumkin. Boyituvchilar hisobot davrida 148 000 tonna rudani qayta ishlash vazifasini 152000 tonnaga ortig‘i bilan uddalashib, mehnat marralarini zafarli bosib o‘tishgan. Hamjihatlikdagi harakatlari o‘laroq 5261 tonna mis konsentrati, 5456,4 tonna rux konsent rati olinib, belgilangan reja muvaffaqiyatli bajarilgan. Jamoaning bu mehnat yutuqlari mamlakatimiz iqtisodiyot tarmoqlari uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan mineral boyliklarni keng ko‘lamda qayta ishlanishiga asos bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.
Zahro RAHMONOVA
Olmaliq-Xondiza-Olmaliq