"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Bugun OKMK Ma’naviyat va ma’rifat kengashi tashabbusi bilan Prezidentimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasi, “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” doirasida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturi hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining 2026-yildagi ijrosini ta’minlashga qaratilgan Davlat dasturi loyihasi yuzasidan targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.
Targ‘ibot tadbirlarida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Qizilgul Qosimova, Ma’rifat targ‘ibotchilari jamiyati a’zolari, OKMK Komplayens xizmati xodimi Gulnoza Sabriyeva hamda Olmaliq davlat texnika instituti o‘qituvchisi Sardor Doniyev ishtirok etishdi.
Targ‘ibot tadbirlari Muhandislik maktabi tinglovchilari, Ijtimoiy obyektlar boshqarmasi maktabgacha ta’lim tashkilotlari mudiralari, ma’naviy-ma'rifiy ishlarga mas’ullar hamda Ixtisoslashtirilgan ta’mirlash ishlari boshqarmasi ishchi-xodimlari uchun tashkl etildi.
Tadbirda so‘z olganlar Prezidentning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasi mamlakat taraqqiyotini belgilovchi dasturiy hujjat bo‘lib, unda kelgusi davrga mo‘ljallangan iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy islohotlarning asosiy maqsad va vazifalari belgilab berilganini ta’kidlashdi.
Ayniqsa, Murojaatnomada korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilanib, bu borada 2026-yilda ayovsiz kurash olib borilishi, korrupsiyaga qarshi kurashish faqat huquq-tartibot idoralarining ishi emas, balki butun jamiyatning vazifasiga aylanishi va bu jarayonda jamoatchilik nazorati keskin kuchaytirilishi belgilandi. 2026-yilning boshidanoq mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurash keskin tus olgani, hatto bu borada yuqori lavozimli mulozimlar ham yirik miqdordagi talon-torojliklar va korrupsiyaviy sxemalar sababli lavozimlaridan ozod etilib, tergovga jalb etilgani qayd etib o‘tildi.
Shuningdek, 2026-yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinishi islohotlarni bevosita har bir xonadon va mahalla darajasiga tushirish orqali inson qadrini ulug‘lashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Tadbirlar davomida mas’ullar “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining 2026-yildagi ijrosini ta’minlashga qaratilgan Davlat dasturi loyihasi hozirda keng muhokama etilayotgani, muhokamalar jarayonida har bir fuqaro faol qatnashib, o‘z takliflarini berishi mumkinligi bildirildi.
Bundan tashqari, mas’ullar tomonidan mamlakatimizdagi tinchlik va barqarorlik eng katta boylik ekani ta’kidlanib, bu ne’matning qadriga yetish va uni ko‘z qorachig‘idek asrash har bir fuqaroning muqaddas burchi ekani qayd etildi. Bugungi murakkab geosiyosiy vaziyatda yurtimizdagi osoyishtalik va millatlararo totuvlik uchun shukronalik keltirish, shu bilan birga, ogohlikni oshirish taraqqiyotimizning asosiy garovi sifatida e’tirof etildi.
Axborot xizmati