"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 09Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 09Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Bugun go'zal va betakror Vatanimizda istiqlol shukuhi kezmoqda. Xalqimizning eng ulug', eng aziz bayrami — O'zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligi to'yonasi mamlakatimiz bo'ylab “Yagona Vatan, yagona xalq bo'lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan olijanob shior ostida ko'tarinkilik bilan keng nishonlanmoqda. Mana shunday qutlug' va tarixiy kunlar arafasida korxonamiz bosib o'tgan shonli yo'lga mas'uliyat bilan nazar tashlar ekanmiz,Istiqlol yurtimiz tog'-kon sanoatiga, xususan, Chodak kon boshqarmasi hayotiga qanchalik ulkan yangilanishlar va yuksalish shiddatini olib kelganini teran anglaymiz.
Tarixga nazar solsak, Chodak zaminida ilk oltin qazib olish konining ishga tushirilishi 1970 yilning 4 mayiga to'g'ri kelib, o'sha davrda O'zbekiston tog'-kon sanoati tarixida oltin ishlab chiqarish tarmog'ining tamal toshini qo'ygan muhim tarixiy voqea bo'lgan edi. Dastlabki yillarda Pirmirob va Guzaksoy kabi bebaho xomashyo maydonlari atrofida ishlab chiqarish ob'ektlari, boyitish fabrikasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va shinam konchilar shaharchasi bosqichma-bosqich bunyod etila boshlandi. 1980–1990 yillarda esa oddiy qazib olish usullaridan ko'ra murakkab bo'lgan chuqurlashtirilgan yer osti konchilik tizimiga o'tilib, kvars-oltinli rudalarni qayta ishlash texnologiyalari izchil takomillashtirildi. Biroq korxonamiz hayotidagi eng tub burilish, haqiqiy modernizatsiya va raqamli inqilob davri aynan Mustaqillik yillari, ayniqsa, Yangi O'zbekistonda inson qadrini ulug'lashga qaratilgan islohotlar davriga to'g'ri keldi.
Bayram to'yonasi sifatida ta'kidlash joizki, so'nggi yillarda kon boshqarmasiga qarashli konlar va Oltin saralash fabrikasida keng ko'lamli modernizatsiya ishlari amalga oshirildi. Ma'nan eskirgan uskunalar o'rniga dunyoning eng ilg'or burg'ilash qurilmalari, zamonaviy og'ir kon texnikalari, yuqori unumdorlikka ega yerosti kon transportlari olib kelindi, rudani boyitish jarayonlari to'liq avtomatlashtirilgan raqamli texnologiyalar asosida yangilandi. Bundan tashqari, Pirmirob va Guzaksoy kon uchastkalarida geolog-qidiruv ishlarining faol davom ettirilishi natijasida yangi istiqbolli zaxiralar aniqlanib, korxonamizning uzoq yillik barqaror va samarali faoliyati kafolatlandi. Ishlab chiqarish jarayonlarida sanoat xavfsizligi qoidalariga qat'iy rioya etish, atrof-muhitni muhofaza qilish hamda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida hududlarni yashillikka burkash ham biz uchun ustuvor vazifaga aylandi.
Korxonamiz Istiqlol ayyomini yuqori mehnat marralarini zabt etgan holda kutib olayotganini alohida ta'kidlash joiz.
Jumladan, joriy yilning o'tgan 7 oyi davomida Chodak kon boshqarmasida ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, kon-kapital va qurilish-montaj ishlarini jadallashtirish borasida tizimli tadbirlar amalga oshirildi.
Fabrikaning 2-chiqindi saqlash omborida 5-bosqich rekonstruksiya qurilish-montaj ishlari to'liq yakunlanib, inshoot rasman foydalanishga topshirildi. Portlovchi materiallarni saqlashga mo'ljallangan yer osti omborida (№43 shtolnya) tog'-kon o'tish ishlari muvaffaqiyatli yakunlandi. Ombor uskuna va jihozlari to'liq tayyorlanib, betonlash ishlari 97 foizga bajarildi. Guzaksoy shaxtasining “Dalniy” uchastkasi zaxiralarini qazib olish jarayoniga jalb etish maqsadida 63-shtolnya o'tildi va ayni paytda mazkur hududda qazib olish ishlari qizg'in olib borilmoqda. Pirmirob shaxtasining Janubiy, Janubiy-2 va Oraliq uchastkalari zaxiralarini qazib olish uchun esa, ishlab chiqilgan loyiha asosida +930 metr sathigacha bo'lgan transport s'ezdi muvaffaqiyatli o'tildi.
Ekologik va texnik yechimlar doirasida Pirmirob shaxtasining qiya transport s'ezdidan sizib chiquvchi yer osti suvlarini texnik ehtiyojlar uchun Oltin ajratib olish fabrikasiga yetkazib beruvchi nasos stansiyasi qurilishi yakunlanib, tarmoq foydalanishga topshirildi.
O'tgan yetti oyda ma'dan qayta ishlash rejasi 112 ming tonnani tashkil etib, belgilangan topshiriq 106,2 foizga bajarildi. Ushbu ko'rsatkichdan Pirmirob shaxtasi hissasiga 47,3 ming tonna, Guzaksoy shaxtasi hissasiga ham 47,3 ming tonna ma'dan qazib olish to'g'ri keldi. Oltin ajratib olish fabrikasi tomonidan tayyor mahsulot ishlab chiqarish rejasi ham sezilarli darajada oshirib bajarildi. Jumladan, 1-metall olish rejasi 101,5 foizni, 2-metall olish rejasi esa 122,8 foizni tashkil etdi.
Mustaqillik bizga bergan eng katta imkoniyat va baxt — bu inson qadrini ulug'lash, Chodak qishlog'i va konchilar istiqomat qiladigan hududlarning muhandislik va ijtimoiy infratuzilmasini tubdan yaxshilab, xodimlarimiz uchun munosib hayot sharoitlarini yaratishdir. Bugun korxonada yosh mutaxassislarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ularning professional mahoratini oshirish va fidoiy yosh kadrlar zaxirasini shakllantirish maqsadida “Eng yaxshi yosh mexanik”, “Eng yaxshi boyituvchi”, “Eng yaxshi yosh kon muhandisi” kabi an'anaviy kasbiy ko'rik-tanlovlar hamda sport musobaqalari muntazam tashkil etib kelinmoqda. Bu kabi tadbirlar ishlab chiqarish samaradorligini oshirish bilan bir qatorda, yosh ishchilarni o'z kasbidan faxrlanishga undaydi. Biz Vatanimiz istiqlolining 35 yillik ulug' to'yini mana shunday yuksak intellektual va texnologik salohiyat, ahil jamoa va yangi marralar bilan kutib olmoqdamiz. Ishonch bilan aytamanki, Chodak kon boshqarmasi jamoasi bundan keyin ham jondan aziz mustaqilligimizni ko'z qorachig'idek asrab-avaylash, yurtimiz iqtisodiy qudratini yuksaltirish va Yangi O'zbekistonning shonli kelajagini bunyod etish yo'lida fidokorona mehnat qilishda hamisha peshqadam bo'lib qolaveradi.
Barchaga Istiqlol ayyomi muborak bo'lsin.
Erkin Davronov,
Chodak KB direktori v.b.