• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Jabhadagi jonbozlar...

21 Oktyabr 2022, 16:9 883

Shaxsan Prezident qo‘lidan fuqarolik pasportini olgan qahramonlardan tortib, she'riyatni teran tarzda tushunib, hatto g‘azallargacha bitadigan konchilar haqida eshitganmisiz?! Bugun men “Jabhadagi jonbozlar” sarlavhali maqolamga kirisharkanman, asosiy vazifasi ishlab chiqarish va sanoatning og‘ir jabhasi bo‘lsa-da yumorni yaxshi ko‘radigan, ovchilik haqida gap ketganida butun borlig‘i bilan siz bilan ajoyib hamsuhbat bo‘la oladigan Kovuldi koni ishchi-xodimlari haqida so‘zlamoqchiman.

Keling, sulolaviy konchilar mehnat qilayotgan 45 yillik tarixga ega Kovuldi koni o‘tmishiga bir qur nazar solsak... Shahardan 15 km uzoqda joylashgan mazkur kon hamon izi mavjud bo‘lgan Qiz-Ota daryosi bo‘yida joylashgan. Yer osti uchastkasi, Kon lahmlarini mustahkamlash va shaxtani shamollatish, Shaxta usti, Ta'mirlash-qurish, Ma'dan tayyorlash va Kon-kapital ishlari uchastkalaridan tarkib topgan konda asosan oltin tarkibli kvars ma'danlari qazib olinadi.

Qazib olingan ma'danlar Mis eritish zavodida metallurgik qayta ishlash jarayonida flyuslar sifatida ishlatiladi.

...1959-yilda Olmaliq qidiruv ekspeditsiyasining ixtisoslashtirilgan Oqturpoq otryadi tomonidan Oqturpoq konida kvarsli-sulfidli qatlamlarning oltin darajasini baholash ishlari boshlangan. O‘shanda Kovuldi ma'dan topilmasining yuqori oltin darajasiga ega ekanligi aniqlandi. 1965-1966 yillarda esa oltin koni asoschilari hisoblangan I.Dabija, Ye.Meshaninova, L.Goncharovalarning tashabbusi bilan Kovuldi konining oltin darajasini baholash ishlari boshlangan.

Konning bugungi qiyofasi, u yerdagi ishlab chiqarish jarayonlari haqida gap ketganda albatta, reja ko‘rsatkichlariga nazar solamiz. Xususan, Otabek Rustamov boshchiligidagi konchilar jamoasi joriy yilning 9 oyi davomida ruda qazib olish ishlarini 102 foizga, tog‘-kon tayyorlov majburiyatlarini 119,1 foizga uddalashgani diqqatga molikdir. Shuningdek, ular tomonidan rudani qayta ishlash vazifasi 101,8 foizga ado etilgan holda flyusli rudalar rejasi 101,7 foizga bajarilgan.

390 nafar konchi va xizmatchilarni o‘zida jamlagan jamoaning nafaqat kon mehnat yutuqlarining ta'minlanishida, balki kombinat ishlab chiqarish salohiyatining yil sayin oshib borishida ham hissasi beqiyos bo‘lmoqda. Bunda lahm o‘tuvchi - Akmal O‘rolov, portlatuvchi - Zohid Ahmedov, kon o‘zi ag‘dargich mashinasi mashinisti - Isomiddin Abdujabborov, yuklash-eltish mashinasi mashinisti - Behzod Eshboyev, chilangar-ta'mirlovchilar - O‘ktam Jumanov, Hikmatulla To‘raqulov, kon ishchilari - Xurol Saparaliyev, Rahmonberdi Omonov, maydalovchilar - Hayitboy Do‘stmurodov, Sirojiddin Rahmiddinov, Akmal Beknazarov, betonchi - Abduhamid Pozilov kabi kon fidoyilarining mehnatlari munosib ravishda e'tirof etiladi.

Shaxtada ishlayotgan konchi uchun eng zaruri bu albatta, kislorod. Uni ta'minlab berish esa zarurat hisoblanadi. Chunki, kon lahmlarini mustahkamlash ishlari, kon ishlari natijasida hosil bo‘lgan bo‘shliqlarni to‘ldirish hamda shaxta ishlarini olib borish uchun kerakli bo‘lgan havo atmosferasini ta'minlab berish bilan kon o‘z faoliyatini amalga oshiradi. Shu ma'noda Kon lahmlarini mustahkamlash va shaxtani shamollatish uchastkasi faoliyati diqqatga sazovordir.

Bosqichma-bosqich davom etuvchi tog‘-kon ishlari muntazamligini ta'minlashda Ta'mirlash-qurish uchastkasining o‘rni alohida. Mazkur uchastka ayni damda kon texnikalari va uskunalarini ta'mirlash hamda qurilish ishlarini olib borish bilan bir qatorda kombinatning turli obyektlaridagi qurilish va ta'mirlash ishlarida ham samarali faoliyat olib bormoqda.

Faoliyat tizimi tartibli ravishda tashkil etilgan Kovuldi koni O‘zbekiston rangli metallurgiyasining asosiy bazasi, manbasi hisoblanadi. Konni texnologik jihatdan qayta qurollantirish va kon quvvatlarini muntazam ravishda oshirish yo‘lida qilinayotgan ishlar samarasi bugun bu jabhada javlon urib mehnat qilayotgan yoshlar faoliyati misolida ham bo‘y ko‘rsatmoqdaki, bundan faxr hissini tuyasiz.

 Dilafro‘z EGAMBERDIYEVA

Bo`lishmoq:
Text to speech