Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33...Sohir kuzning osmon gumbaziga tabiat degan rassom turli bo‘yoqlar qorishmasini ehtiyotsizlik bilan sochib yuborgandek go‘yo... Niliy osmon kuz quyoshining zarrin shafaqlariga bag‘ridan joy bergan. Tasavvur qilyapsizmi, cheksiz moviylikka oltinrang bo‘yoqlar qorishib ketgan... kuz ham uni yaxshi ko‘radigan bobodehqonning o‘ziga o‘xshaydi.
Bag‘rikeng, tanti... Dalalarning olis-olis yerlarida traktorlar tinmaydi. Ko‘tarilayotgan changlar ularning mehnat qilayotganidan darak berib turibdi. Mana shu manzaralar ichra Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mehnatkashlarining g‘ayrati ko‘zga tashlanadi.
28 yildirki OKMK Iste'mol mollari ishlab chiqarish boshqarmasi faoliyat yuritib kelarkan, ayni kuz mavsumi jamoa xodimlari uchun qizg‘in pallaga kiradi, deyish mumkin.
Tashkil topganidan buyon 500 dan ortiq mahsulot turini taqdim etgan boshqarmada hozirgi kunga kelib 615 nafar ishchi- xodimlar mehnat qilib kelishmoqda. Ulardan 111 nafari Tikuvchilik, 14 nafari Plenka sexlarida, 80 nafari Sut-tovar fermasida, 207 nafari esa kasanachilik asosida mehnat qilayotgan xodimlar hisoblanadi. Qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida esa 149 nafar ishchi- xizmatchilar javlon urib ishlashmoqda. Ular jonbozligi ostida ayni paytda IMIChBga qarashli 615 gektar yer maydonining 295 gektariga kelgusi yil uchun bug‘doy urug‘ini qadash ishlari qizg‘in olib borilmoqda. Shu bugungi kunga qadar tayyorlangan 160 gektar yer maydonida ekish ishlari yakuniga yetib, bu vazifalarning 51 foizi bajarilganligini anglatadi. Mirishkorlar urug‘ qadash ishlarini oktabr oyining birinchi o‘n kunligida tugatishni reja qilishgan. Rejalarning o‘z vaqtida sifatli bajarilishida esa brigada ishchilari - Ilhom Xudoyberdiyev, Haytmat Akbayev, Farhod Begimqulov, Furqat Ibragimov, Umid Karimboyev hamda Dilshod Azimovlarning hissasi beqiyos bo‘lmoqda. Ular tomonidan kechayotgan qizg‘in jarayonlarni kuzatar ekanmiz, boshliq o‘rinbosari Abduvohid Shodiyev biz bilan hamsuhbat bo‘ldik:
- Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish va tayyorlash uchastkasi ishchi-xizmatchilarining bir qismi ayni paytda Sut-tovar fermasida parvarishlanayotgan qoramollarga ozuqa yetkazish, sut mahsuloti sifatini yanada oshirish maqsadida lavlagi, beda, makkajo‘xori ekinlarini tayyorlash ishlari bilan band, - deydi Abduvohid Shodiyev.
- Boshoqli don ekish mavsumida vazifalarning belgilangan muddatlarda amalga oshirilishi bilvosita zaruriy agrotexnika tadbirlarini samarali olib borish, texnika, yoqilg‘i, urug‘lik va mineral o‘g‘itlarning o‘z vaqtida yetkazib berilishi bilan bog‘liq, albatta. Buni o‘z tajribalaridan yaxshi anglagan ishchi-dehqonlarimiz ekish ishlari bilan bir qatorda tuproqni fosforli va kaliyli mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish hamda ekishdan keyingi sug‘orish tadbirlarini olib borishmoqda. Boshqarmamizning hamisha jo‘shqin jabhalaridan yana biri bu - Sut-tovar fermasi hisoblanadi. Bugungi kunda fermada 930 bosh zotli qoramollar parvarishlanmoqda, ulardan sog‘ib olinayotgan sut miqdori kunlik 6 500 kg atrofida bo‘layapti. Fermamizdagi zotli qoramollardan sog‘ib olingan sut mahsulotlari va undan qayta ishlab chiqarilgan turli xil mahsulotlarimiz kombinat do‘konlari va iste'molchilarga o‘z vaqtida yetkazib berilmoqda.
...Amazonka o‘rmonlarida baliq ovlashning juda antiqa va g‘ayrioddiy usuli bor: mahalliy xalq 500 voltli tok urgan sigirlar podasini daryoga haydar ekan. Ularga ataylab tok uriladi. Buni qarangki, zaryadlangan, toklangan sigirlar daryoga tushgach, ularga ilonbaliqlar yopishib olarkan. Tok urilgan sigirlar o‘lib qolmasligi tajribadan ma'lum.
Sun'iy ko‘ldagi baliqlarga tikilib, shu ma'lumotlarni bir qur esladim. Sazan, Amur... baliqning ham “do‘ng peshona” degan turi bor ekanligini men IMIChB Qiziloy dam olish maskanidagi Baliqchilik xo‘jaligiga kelib bildim. Xo‘jalikning zahmatkash ishchilaridan biri bo‘lgan Muhiddin Raimqulov baliqlarga ozuqa berardi. Shu yilning o‘zida olib kelinib, sun'iy ko‘llarga tashlangan 9750 dona Sazan, 9750 dona Amur hamda 26 000 dona Do‘ng peshona baliqlari baliqchilik normalari asosida parvarishlanmoqda.
Shu o‘rinda Iste'mol mollari ishlab chiqarish boshqarmasi tasarrufidagi oziq-ovqat do‘konlari faoliyatiga to‘xtalib, bugungi kunda OKMK korxonalari hududidagi 7ta manzilda ularning faoliyati yo‘lga qo‘yilganligini ta'kidlab o‘tishni joiz deb bildim. Mazkur do‘konlarda asosan, boshqarmada yetishtirilgan va ishlab chiqarilgan sut va sut mahsulotlari, mavsumga qarab poliz mahsulotlari va ho‘l mevalar ishchilarga arzon narxlarda yetkazib berilayotgani diqqatga sazovordir.
Dilafro‘z EGAMBERDIYEVA