• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Jahon bozorini zabt etayotgan korxona

16 Iyul 2022, 8:18 1525

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda samarador yo‘nalishdagi mis klasterini yaratish strategiyasi ishlab chiqilgan. Yaqin yillar ichida mis rudalarini qazib olish va mis ishlab chiqarish hajmini 400 ming tonnagacha oshirish maqsad qilingan. Unga ko‘ra, O‘zbekiston nafaqat misni xom ashyo sifatida, balki chuqur qayta ishlagan holda yuqori qiymat bahosidagi mis mahsulotlarini ishlab chiqarishni ham rejalashtirgan.

“Olmaliq KMK” AJda mazkur yo‘nalishda ancha oldinroq ilk qadamlar qo‘yilgan.

Jumladan, 2014 yilda o‘z faoliyatini boshlagan Angren quvur zavodida jahon bozori talabiga to‘liq javob beradigan mahsulotlar ishlab chiqarilishi yildan- yilga yangi bosqichga ko‘tarilib bormoqda. Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotining 7 foizi, eksport hajmining 15 foizi kombinat hissasiga to‘g‘ri kelishini e'tiborga oladigan bo‘lsak, mazkur ko‘rsatkichlarda Angren quvur zavodining o‘rni alohida ekanligiga ishonch hosil qilamiz.

Korxonada o‘z faoliyatining dastlabki yilida turli hajm, qa linlik va diametrdagi 70-80 xil nomdagi mis quvrlari ishlab chiqilgan bo‘lsa, ayni kunga kelib mahsulotlar turi 180 dan oshadi. Kombinat mis quvurlarining Bolgariya, Turkiya Ozarbayjon, Rossiya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Belarus kabi davlatlarda o‘z doimiy xaridorlari bor. Zavod kombinatning ichki ehtiyojlarini qondirish va mahalliylashtirish dasturi ijrosi yo‘lida ham salmoqli natijalarga erishib kelmoqda. Avvallari Qozog‘iston va Rossiyadan keltirilgan kvadratli mis quvurlari va mis shtangalarini ishlab chiqarish ham so‘nggi yillarda o‘zlashtirildi.

- Korxonamizning ichki va tashqi bozorda yuksak e'tirof qozonishi, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning 90 foizdan ziyodi eksportga yo‘naltirilib borilayotganining bir qator omillari bor, - deydi korxona 1-toifali muhandis-texnologi Baxtiyor Tohirov. - Birinchi navbatda bizning asosiy xom ashyomiz hisoblanuvchi Olmaliq katodli misi nihoyatda toza tarkibga ega, shuningdek, ishlab chiqarish texnologiyamizning nihoyatda mukammal va samaradorligi, ishlab chiqarilayotgan mahsulotning sifati, mustahkamligi, yuqori bosim va haroratlarga bardoshliligi, mis quvurlarining yuqori egiluvchan va cho‘ziluvchan xususiyatlari evaziga foydalanishda qulayligidir. Yil boshidan va o‘tgan hisobot oyida qo‘lga kiritilgan natijalar zavodimiz o‘z maqsad va yo‘nalishida to‘g‘ri qadam tashlab borayotganini ko‘rsatmoqda. Xususan, o‘tgan oyda 601,2 tonna miqdorida tayyor mahsulot ishlab chiqarildi. Yilning o‘tgan 6 oyi davomida 3249,2 tonnaga teng mahsulot ishlab chiqarilib, bashorat ko‘rsatkichi 104,8%ga ortig‘i bilan bajarildi. O‘sish sur'atlari o‘tgan yilning shu davrga nisbatan 131,0%ni t ashkil etdi. Bundan tashqari, “Olmaliq KMK” AJning ichki ehtiyojlari uchun 3,4 tonna miqdorida mis quvurlari tayyorlab berildi. Respublikamiz va xorij mamlakatlaridagi iste'molchilarning talab va ehtiyojlarini chuqur o‘rganib chiqqan holda murakkab shakldagi mis quvurlari va kondisioner tizimlarini montaj qilishda qo‘llaniluvchi mis fitinglari, kabellar tomirlarini opressovkalashda ishlatiluvchi misli yakuniy ulagichlar, diametri 29 mm. dan 42 mm. gacha bo‘lgan to‘g‘ri mis quvurlari, kapillyar mis quvurlari, mis halqasi kabi yangi mahsulotlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish borasida ishlar samarali olib borilmoqda.

Xayrulla Mamadinov, Bobur Mirzakomilov, Baxtigul Turdaliyeva, Abdujalil Malikov, Ahmadjon Saydalimov, Azizbek Qulmatov, Doniyor Bahromov va Tursunali Qosimov kabi fidoyi xodimlarimiz texnologik jarayonlarning izchil amalga oshirilishi va yuqori sifat ko‘rsatkichlariga erishishda hamkasblariga namuna bo‘lib kelishmoqda.

Yuqorida ta'kidlanganidek, Angren quvur zavodi mahsulotlari o‘zining yuqori sifati hisobiga iste'mol bozorida doimiy xaridorlarini topgan. Mahsulotlar doimiy laboratoriya tekshiruvlariga jalb etilgan holda uning sifat ko‘rsatkichlari ta'minlab kelinayapti. Birgina o‘tgan hisobot oyida bashorat qilingan mahsulot tannarxi 21 263 790 ming so‘m o‘rniga 20 103 164 ming so‘mni tashkil etgani bu yo‘nalishda ham ishlar omilkorona uddalanayotganidan dalolat beradi.

Bir so‘z bilan aytganda, Angren quvur zavodi mis mahsulotlariga chuqur ishlov bergan holda talabgir, raqobatbardosh eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishda kombinatning tajriba maktabi bo‘lib qolishi shubhasiz.

Hasan ABDULLAYEV

Bo`lishmoq:
Text to speech