• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Jamoa shartnomasining ijrosi muhokamada

28 Fevral 2023, 14:20 1786

Jamoa shartnomasi ish beruvchi va kasaba uyushmasi Kengashi o‘rtasidagi munosabatlarning huquqiy asoslari, ishchi-xizmatchilar mehnatiga haq to‘lash, ish, dam olish, salomatliklarini mustahkamlash uchun zarur shartsharoitlar yaratish va boshqa ijtimoiy himoya kafolatlarini ifoda etgan muhim hujjatdir. Shu bois kasaba uyushmalari faoliyatida uning bajarilishi hamda yangi Jamoa shartnomasining qabul qilinishiga hamisha jiddiy e'tibor beriladi va bu masalalar korxona mehnatkashlari bilan o‘tgan yig‘ilishlarda keng muhokama etiladi.

Ayni kunlarda, OKMKning har bir obyektlarida jamoa shartnomasining 2022-yildagi ijrosi hamda 2023-2025 yillar uchun mo‘ljallangan loyihasi bo‘yicha hisobot konferensiyalari o‘tkazilmoqda.

Jumladan, joriy yilning 24-fevral kuni mazkur konferensiya Sanoat temiryo‘l transporti boshqarmasida tashkil etildi. Unda, boshqarma boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Sirojiddin Manazarov, kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Ulug‘bek Artikbayev, OKMK ijro apparati temiryo‘l transporti logistikasi bo‘limi boshlig‘i Umar Mavlyankulov, kombinat xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi bosh mehnat huquq inspektori Mirshohid Mavlyanovlar va ishchi-xodimlar ishtirok etishdi.

So‘zga chiqqanlar, xodimlar o‘rtasida ijtimoiy, iqtisodiy, mehnat va kasbga oid munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan jamoa shartnomasida belgilangan talablarning bajarilishi xususida ma'lumotlar berdilar.

Ta'kidlanishicha, kasaba uyushmasining asosiy e'tibori mehnatkashlarning texnika xavfsizligi bo‘yicha muhofazasi hamda huquqiy himoyasini ta'minlash, intizom va qonunchilik buzilishining oldini olishga qaratilgan.

Shuningdek, yig‘ilishda ishchi xodimlarga qulay mehnat sharoitlarini yaratish vazifalari, faollarni rag‘batlantirish, moddiy ko‘makka muhtoj oilalari qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilgan ishlar haqida so‘z yuritildi.

Qayd etib o‘tish kerakki, kun tartibidagi har bir masala qizg‘in muhokamalarga boy bo‘ldi.

Mazkur konferensiyaning navbatdagisi Texnologik transport boshqarmasi rahbariyati va ishchi-xodimlari o‘rtasida bo‘lib o‘tdi.

Unda Jamoa shartnomasi, jumladan, mehnatkashlarni sog‘lomlashtirish va ijtimoiy ta'minoti, tibbiy xizmat ko‘rsatish, umumiy ovqatlanish va bolalarni oromg‘ohlarga qamrovi, kasaba uyushmasi bilan bog‘liq majburiyatlarning bajarilishi qisqacha tahlil etildi.

Shuningdek, yig‘ilishda so‘zga chiqqan boshqarma boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Bahrom Niyazmetov, korxona 2022-yilda erishgan yutuqlari, amalga oshirilgan ishlar va kelajakdagi iqtiqbolli rejalari hususida so‘z yuritdi.

Bundan tashqari, xodimlarining ma'naviy dunyoqarashini kengaytirish, vatanga sadoqat hissini singdirish maqsadida tashkil etilgan sayohatlar, turli bayramlar munosabati bilan ko‘p bolali va imkoniyati cheklangan oilalarga tashrif, sanatoriylarga qamrov va boshqa masalalar bilan kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Odilbek Pirmatov tanishtirdi.

Kombinat tarkibiy bo‘linmalarida o‘tkazilgan har bir Konferensiya yakunida tinglangan hisobotlar va ma'ruzalar inobatga olib, 2022-yilda jamoa shartnomasi bajarilishi qoniqarli deb topildi.

Bundan tashqari, hisobot konferensiyalari Mis boyitish fabrikasi, Portlatish materiallari zavodi, Kovuldi koni, Markaziy tahlil laboratoriyasi kabi mehnat jamoalarida ham o‘tkazildi.

Ushbu korxonalarda o‘tkazilgan hisobot konferensiyalarida ham jamoa shartnomasining 2022-yildagi ijrosi xamda 2023-2025 yillar uchun mo‘ljallangan loyihasi muhokama etildi. Va 2022-yilda jamoa shartnomasi bajarilishi qoniqarli deb topildi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech