Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-332020 yilning 23 noyabrida Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston kasaba uyushmalari kunini belgilash toʻgʻrisida”gi qonuni qabul qilinib, 11 noyabr – Kasaba uyushmalari kuni etib belgilandi. Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi 6 milliondan ortiq a’zoni oʻz ichiga olgan 14 ta tarmoq kasaba uyushmasi tarkibida 35 mingdan ortiq boshlangʻich tashkilotni, jumladan, 3 million nafarga yaqin xotin-qiz va 2 million nafardan ortiq 30 yoshgacha boʻlgan yoshlarni birlashtirgan.
Mamlakat kasaba uyushmasi federatsiyasining ajralmas qismi boʻlgan Olmaliq kon-metallurgiya kombinati kasaba uyushmasi xodimlari kengashi tarkibiga bugungi kunda 55 mingga yaqin kasaba uyushmasi a’zolari birlashgan.
Kuni-kecha OKMKda Kasaba uyushmalari va tibbiyot xodimlari e'zozlanib, ularga ehtirom koʻrsatildi. Respublikamizda har yili noyabr oyining ikkinchi yakshanbasida oʻzlarining kasb bayramlarini nishonlab kelayotgan OKMK tibbiyot sanitariya qismi shifokorlari va hamshiralari ham 8 noyabr bayram tadbiriga taklif etildi.
Fayzli va toʻkin dasturxon atrofida jamuljam boʻlgan faxriylar, kasaba uyushmasi faollari, shifokoru hamshiralar oʻzlarining kasb bayramlarini koʻtarinki kayfiyatda kutib olishdi. Tadbirda soʻz olgan Olmaliq kon-metallurgiya kombinati boshqaruv raisi Abdulla Xursanov qoʻsh ayyom bilan barchani muborakbod etdi va kasaba uyushmalarining roli, ishlab chiqarish va ishchi-xodimlar faoliyatidagi ahamiyati haqida toʻxtaldi. Shuningdek, tibbiyot xodimlarining tahsinga munosib boʻlgan fidoiy mehnatlarini ham alohida tahkidlab oʻtdi. Oʻz oʻrnida OKMKning tibbiyotga boʻlgan e’tibori va faxriy tibbiyot xoimlari xaqida shifokorlar oʻz fikr-mulohazalarini bildirishdi.
Shu kuni oʻz kasbining jonkuyari boʻlgan bir guruh salomatligimiz posbonlari kombinatning faxriy yorliqlari va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Bundan tashqari, kombinat ishlab chiqarishiga qoʻshayotgan munosib ulushi, ishchi xodimlar manfaatining jonkuyar himoyachisi boʻlgan, tashabbuskor va faol kasaba uyushmasi mashullari, sex qoʻmita raislari OKMKning faxriy yorligʻi va qimmatbaho esdalik sovgʻalari bilan mukofotlandi.
“Metallurg” MS badiiy jamoalari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.