Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Kiberfiribgarlik qurboniga aylanmang: Mutaxassislar ogohlantiradi

23 Iyun 2026, 9:55 110

So‘nggi olti yilda kiberjinoyatlar bo‘yicha murojaatlar soni 48 baravarga ko‘paydi. O‘tgan yili sodir etilgan firibgarlik jinoyatlarining 82 foizi hamda o‘g‘rilik jinoyatlarining 76 foizi aynan kibermakonda amalga oshirilgan. Ushbu jinoyatlar oqibatida jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan moddiy zarar 2 trillion so‘mdan oshib ketdi.

Shuningdek, yoshlar o‘rtasida tobora ommalashib borayotgan onlayn qimor o‘yinlari nafaqat ularning moddiy farovonligiga, balki ruhiy salomatligi va kelajagiga ham jiddiy xavf tug‘dirmoqda. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday virtual o‘yinlarga qaramlik yosh avlodni og‘ir ijtimoiy inqirozga yetaklab, oilalar parchalanishiga va boshqa og‘ir turdagi jinoyatlarning ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda. Achinarli tomoni, onlayn qimorda katta miqdordagi pullarini yutqazib, qarz botqog‘iga botishi oqibatida o‘z joniga qasd qilayotganlar ham uchrab turibdi.

Ushbu xavotirli ma’lumotlar joriy yilning 18-iyun kuni Texnologik transport boshqarmasi mehnat jamoasi uchun o‘tkazilgan navbatdagi profilaktik tadbirda ochiqlandi.

Tadbirda Toshkent viloyati IIBB OKMKdagi IIB TQX 3-bo‘linmasi boshlig‘i, mayor M. Husanov va TB katta tergovchisi, mayor A. Rasuliy ishtirok etdi.

Mutaxassislar ishchi-xodimlarni doimo ogoh bo‘lishga chorlab, bir qator muhim tavsiyalarni berib o‘tdilar. Jumladan, shubhali havolalarga kirmaslik, messenjerlardagi "yutuqli o‘yinlar" va "tekin pul" va’da qiluvchi linklardan ehtiyot bo‘lish hamda bank karta ma’lumotlarini sir saqlash zarurligi ta’kidlandi. Ayniqsa, SMS orqali kelgan 5 xonali tasdiqlash kodlarini hech kimga aytmaslik hamda farzandlarning telefondagi moliyaviy amaliyotlari va ilovalarini muntazam kuzatib borish turli noxush holatlarning oldini olishda eng muhim omil ekanligi uqtirildi.

Bahriddin Usvaliyev,
Texnologik transport boshqarmasi yoshlar ittifoqi raisi

Bo`lishmoq:
Text to speech