Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Kiberxavfsizlik — shaxsiy va moliyaviy barqarorlik garovi

14 Avgust 2026, 9:52 286

Bugungi shiddatli texnika asrida axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt hayotimizga kirib kelib, bizga ko‘plab yangi imkoniyatlar hamda qulayliklar taqdim etmoqda. Ammo tanganing ikkinchi tomoni bo‘lganidek, ushbu yutuqlardan g‘arazli maqsadlarda foydalanib, virtual olamda firibgarlik qilish, fuqarolarning mablag‘larini o‘zlashtirish kabi jinoyatlar ham kun sayin oshib bormoqda. Kiberjinoyatchilarning bunday ustamonlik bilan qo‘ygan tuzog‘iga tushib qolmaslik esa har birimizdan yuksak xushyorlikni, raqamli ko‘nikmalarni hamda moliyaviy savodxonlikni talab etadi.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati ishchi-xodimlarini doimiy ogohlikka chorlash va ularning kiberxavfsizlik bo‘yicha bilimlarini oshirish maqsadida tizimli ravishda profilaktik uchrashuvlar tashkil etib kelinmoqda. Issiqlik elektr markazi hamda Iste’mol mollari ishlab chiqarish boshqarmasi tikuv mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha sexida o‘tkazligan navbatdagi tadbirlarda ham aynan kiberjinoyatlarga qarshi kurashish, ijtimoiy tarmoqlar va plastik kartalar orqali sodir etilayotgan firibgarliklarning oldini olish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Mazkur uchrashuvlarda Toshkent viloyati IIBB Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari leytenant Shavkat Yo‘ldoshev, leytenant Asliddin Botiraliyev hamda Toshkent viloyati IIBB OKMKdagi IIB tezkor qidiruv xizmati xodimlari podpolkovnik Davron Abdurahmanov va mayor Nizomiddin Turg‘unboyevlar ishtirok etishdi.

Ekspertlar tomonidan ishchilarga zamonaviy kibertahdidlar, soxta havolalar va telefon firibgarlarining aldov usullari hayotiy misollar orqali tushuntirib berildi. Ayniqsa, so‘nggi paytlarda ko‘p kuzatilayotgan, Telegram messenjeri orqali yuborilayotgan shubhali .apk (ilova) fayllardan ehtiyot bo‘lish, shaxsiy profillarni himoyalashda ikki bosqichli autentifikatsiya (tizimini yoqish zarurligi alohida uqtirildi.

Shuningdek, mutaxassislar bank plastik kartalarining maxsus kodlarini, SMS orqali keluvchi yashirin raqamlarni hech kimga aytmaslik, turli ijtimoiy so‘rovnomalar yoki "yutuqli o‘yinlar" bahonasida tarqatilayotgan soxta havolalarga kirmaslik bo‘yicha ishchi-xodimlarga tavsiyalar berishdi.

Tadbir davomida ishchi-xodimlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar va virtual olamda xavfsizlik qoidalariga amal qilish bo‘yicha ko‘nikmalarini boyitdilar.

Ishchi-xodimlarning olgan bilimlarini yana-da mustahkamlash va kundalik hayotda foydalanishlari uchun soha mutaxassislari tomonidan kiberjinoyat turlari hamda ulardan himoyalanish usullari aks etgan maxsus eslatma va tarqatma materiallar (bukletlar) ulashildi.

Bu kabi ochiq va tizimli muloqotlar kombinat xodimlarining raqamli savodxonligini oshirish bilan bir qatorda, ularning shaxsiy va moliyaviy xavfsizligini ishonchli ta’minlashda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech