• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Kimyogar-energetiklarning bugungi marralari

03 Iyun 2022, 8:34 1287

“Olmaliq KMK” AJning eng asosiy energetika korxonalaridan biri hisoblanuvchi Issiqlik elektr markazi ishonchli va uzluksiz faoliyat yuritishi talab qilinadigan korxonalar sirasiga kiradi. Kombinat korxonalarining energetika manbalariga bo‘lgan ehtiyojini to‘laqonli qondirishda bug‘ qozonlari suv rejimini ta'minlash va suv tayyorlash ishlari muhim ahamiyat kasb etadi. Markazning kimyogar-energetiklari ana shu vazifalarni sharaf bilan uddalab kelishmoqda.

Sanoat suv ta'minoti tarmoqlari orqali uzatib berilayotgan artezan suvlari o‘z asosiy ko‘rsatkichlariga ko‘ra, oldindan chuqur ishlovlardan o‘tkazilmasdan turib IEM tomonidan foydalanilishi mumkin emas. Uzatilgan suvlar katoin filtrlari bilan jihozlangan kimyoviy suv tozalash qurilmalari yordamida to‘liq ishlovlardan o‘tkaziladi.

Issiqlik elektr markazi mineral tuzlar cho‘kmalari ingubatori, suv qabul sig‘imlari, IOMS ish eritmasi sig‘imlari, nasos dozatorlar, suvlarni tuzlash qurilmalari hamda jalb etilayotgan suv tarkibini doimiy ravishda aniqlab boradigan o‘z laboratoriyasiga ega. Kimyo sexi tarkibidagi mazkur laboratoriyada murakkab va ko‘p bosqichli vazifalarni amalga oshirib borishda sex kimyogarlari o‘ziga xos tajriba maktabini yarata olishgan. Ular g‘ayratli va samarali mehnatlari bilan ayni damda o‘z kasb bayramlarini munosib qarshi olishmoqda.

Kimyo sexi markazning muhim tarkibiy bo‘linmasiga aylanishida jamoa har bir a'zosining o‘rni alohida. Ishlab chiqarish ustasi Rihsi Qo‘chqorova, kimyoviy tahlillar laboranti Nazira Qurbonova, tajribali chilangar-ta'mirchi Sergey Mesnikin kabi malakali xodimlar mahoratiga doimo tayanib kelinadi.

Suv tozalash apparatchilari Svetlana Sherbakova, Nasiba Mamatqulova, Tatyana Alyonina, Mehriniso Qo‘ziyevalarning sexda kechayotgan jarayonlarni oqilona boshqarib borishi e'tiborga molikdir. Mohinur Akromjonova va Shoira Abdurahmonova singari yosh apparatchilar ham qisqa vaqt ichida jarayonlarni izchil o‘zlashtirib olishgan.

Markaz rahbariyati va mutaxassislari bilan hamkorlikda sexda suv tozalash va unga kimyoviy ishlov berish qurilmalari faoliyatini takomillashtirishga katta ahamiyat qaratib kelinmoqda. Yangi reagentlarning qo‘llanib borilayotgani, dozirovkalash jarayonlari yangilanayotgani ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarida o‘z aksini topib borayapti. IEMda elektr energiyasi bo‘yicha 40 mVt/s, bug‘ bo‘yicha 390 tonna/soat, issiq suv bo‘yicha 420 Gkal/soatga teng bo‘lgan asosiy ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari ta'minlab borilishida Kimyo sexi jamoasining hissasi beqiyos bo‘lmoqda.

Imkoniyatdan foydalanib, OKMK kimyogarlari, shu jumladan IEM Kimyo sexi jamoasi mehnatkashlarini kasb bayramlari bilan samimiy qutlab, sharafli kasblarida doimiy zafarlar yor bo‘lishini tilab qolamiz.

Hasan ABDULLAYEV

Bo`lishmoq:
Text to speech