"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Bugungi tezkor zamon va globallashuv davrida xorijiy tillarni mukammal bilish har bir soha mutaxassisi uchun davr talabiga aylandi. Xususan, tog‘-kon va metallurgiya sanoatida xalqaro tajribani o‘rganish, yangi texnologiyalarni o‘zlashtirish hamda xorijiy hamkorlar bilan samarali muloqot olib borishda ingliz tilining o‘rni beqiyosdir.
Shu maqsadda, joriy yilning 15-fevralidan 31-mayiga qadar tog‘-kon, metallurgiya va geologiya sohalari mutaxassislari uchun maxsus ingliz tili kursi (MOOC) tashkil etildi. Ushbu yirik ta’lim loyihasi Geologiya fanlari universiteti hamda AQShning “World Learning Inc.” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirildi.
“MOOC” (Massive Open Online Courses) – bu butun dunyoda ommalashgan ochiq va onlayn o‘quv platformasi bo‘lib, mutaxassislarga ishlab chiqarishdan ajralmagan holda, mutlaqo bepul hamda sifatli bilim olish imkoniyatini taqdim etadi.
Mazkur ta’lim dasturiga “Olmaliq KMK” AJ xodimlari ham juda katta qiziqish bildirishdi. Korxonadan jami 460 nafar xodim onlayn kurslarda qatnashish uchun ro‘yxatdan o‘tdi. To‘rt oy davom etgan intensiv o‘quv jarayonlari, topshiriqlar va yakuniy imtihonlardan so‘ng, 48 nafar mutaxassis kursni muvaffaqiyatli yakunlab, xalqaro darajadagi sertifikatlarni qo‘lga kiritdi.
Bugungi kunda kombinatda xodimlarning malakasini oshirish, onlayn ta’lim platformalari orqali xorijiy tillarni o‘rgangan mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Eng muhimi, zamonaviy bilimlarni egallagan va til bilish darajasini isbotlagan ushbu xodimlarni kombinatning istiqbolli kadrlar zaxirasiga kiritish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda. Bu esa ular uchun kelajakda professional o‘sish va yangi marralarni zabt etishda keng yo‘l ochadi.
Muxlisa Saydaliyeva,
O‘quv markazi Kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash
bo‘limi professional mutaxassisi