Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Joriy yilning 13-mart kuni “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ boshqaruvi raisi A. Xursanov “Bolalarning dam olishini tashkil etish va sog‘lomlashtirish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish to‘g‘risida”gi buyruqqa imzo chekdi.
Buyruqqa ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 27-fevraldagi 84-sonli "Bolalarning dam olishini tashkil etish va sog‘lomlashtirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori ijro uchun qabul qilindi.
Kombinat tasarrufidagi ”Istiqlol", “Gulzor", "Xondiza-Parvoz", "Metallurg" hamda “Tong" bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarini 2023-yil yozgi sog‘lomlashtirish mavsumiga o‘z vaqtida va sifatli tayyorlashni tashkil etish bo‘yicha ishchi guruh tarkibi va chora-tadbirlar rejasi buyruq asosidagi ilovalarga muvofiq tasdiqlandi.
Jumladan, har bir bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari binolarining ichki va tashqi devorlarining alohida joylarini ta'mirlash, ta'mirlangan devorlarga rang berish, elektr va sanitar jihozlarini tekshirish, yaroqsizlarini almashtirish ishlari amalga oshiriladi. Shuningdek, perimetr bo‘ylab temir panjaralar va devor to‘siqlarni ta'mirlash hamda bo‘yash, yozgi sahna devorlarini badiiy bezash, binolarning tom qismlari tarnovlarini ta'mirlash, nasos qurilmalari binosini qayta ta'mirlash va zaxira nasos qurilmasini ichimlik suvi tarmog‘iga ulash kabi ishlar ham bajariladi.
Bundan tashqari, oromgohlarga kelish avtomobil yo‘larini ta'mirlash, bino va inshootlarning mavjud yog‘och qismlariga olovga bardoshligini oshirish maqsadida maxsus eritma yordamida ishlov berish, yotoqxona binolari, kir yuvish va oshxona binolari, sport o‘yingohlari, suzish havzalari, omborxonalar va xojatxonalar ham ta'mirlanishi rejalashtirilgan.
Mas'ullarga har bir oromgohdagi elektr o‘tkazgichlarning izolyatsiyasining chidamliligi, metallga ulanishini tekshirish, hududdagi tashqi va ichki elektr ta'minotini ta'mirlash, transformator qurilmasini ishlash tizimini, muzlatish uskunalarini qayta ko‘rib chiqish va ta'mirlash, barcha yotoqxonalar, oshxona, kir yuvish xonasi va omborxonalardagi elektr taqsimlash qutilarini (el.shit) ta'mirlash va xavfsizlik belgilarnni o‘rnatish vazifalari yuklatildi.
Ichki va tashqi aloqa(uyali) tizimini, elektr suv isitgichlarni (el.kotyol) ishlash tizimini tekshirish va ta'mirlash kabi vazifalarni ham bajarish belgilandi.
Shuningdek, mutassadilarga har bir oromgohga kuzatuv kameralarini o‘rnatish, elektr jihozlari va yong‘indan ogohlantirish tizimlarini qayta ko‘rib chiqish, issiqlik ogohlantirish datchiklarini tutun datchiklari bilan almashtirish kabi vazifalar ham yuklatilgan.
Hozirda buyruq ijrosini ta'minlash maqsadida ishlar boshlab yuborilgan. Xususan, oromgohlarni qurilish materiallari, santexnika va elektrotexnika jihozlari, oshxona, kir yuvish xonalari, tibbiy punktlarga zarur bo‘lgan jihozlar kabi tovar-moddiy boyliklar bilan ta'minlash ishlari va shu kabi tashkiliy ishlar yakunlanish arafasida. Joriy yilning 28-mart kunidan “Tong” BSOda joriy ta'mirlash va obodonlashtirish ishlari, mavjud asbob-uskunalar va elektr jihozlarini sinovdan o‘tkazish ishlari boshlanadi. Bosqichma-bosqich boshqa oromgohlarda ham mavsumga tayyorgarlik bo‘yicha barcha zaruriy ishlar amalga oshiriladi.
Buyruqda mas'ullarga barcha oromgohlarni mavsumga tayyorlash ishlarini joriy yilning 15 mayiga qadar yakunlashlari bo‘yicha vazifa yuklatildi.
OKMK Axborot xizmati