• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Kombinat geologiyasi: so‘qmoqlardan taraqqiyot ko‘chalariga

26 Yanvar 2024, 10:39 590

OKMKning 75 yilligiga

Mamlakatimizning iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishi va barqaror o‘sishida konchilik sanoati va geologiya-qidiruv ishlarining ahamiyati nihoyatda kattadir. Chunki konchilik sanoati va geologiya-qidiruv ishlari ekspeditsiyalari hamda partiyalarining mahsuli bo‘lgan mineral xom ashyo resurslari, ulardan ishlab chiqarilgan mahsulotlar milliy sanoatning deyarli barcha sohalari faoliyati uchun asosiy xom ashyo bazasi bo‘lib xizmat qiladi. Respublikamiz hududlarini barqaror rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan mineral xom ashyo bazasini rivojlantirish, shuningdek, yer qa'rini geologik jihatdan o‘rganish, foydali qazilmalardan foydalanish, muhofaza qilish, geologik tadqiqotlar iqtisodiyotning hamma sohalari o‘sishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Mis-molibden, qo‘rg‘oshin-rux, oltin-kumush qazib olish ishlab chiqarishlari bilan bog‘liq uzoq va yaqin tarixiy manbalarga murojaat qiladigan bo‘lsak, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan o‘zlashtirib borilayotgan konlar tarixi Qoramozorda tog‘-kon hunarmandchiligining VII-XII asrlardagi rivoji bilan bog‘liqligini ko‘ramiz. Taniqli tarixchi-arxeolog olim Mixail Massonning tadqiqotlarida keltirilishicha, Qoramozorda tog‘-konchilik sanoatining rivojlanishi arab istilosidan ancha avvalroq boshlangan va VIII asrlarda jadal rivojlangan. Mo‘g‘ul istilosiga qadar Qoramozor(Kanjol, Konimansur, Konsoy, Oltin-topkan, Oq-tuproq, G‘olduron, O‘ngurlik, Sarta-butkon)da kumush va qo‘rg‘oshin qazib olingan bo‘lsa, Angren kon maydoni(“Ko‘ch- buloq”, “Qizil olma”) konlarida oltin qazib olish ishlari olib borilgan. Mintaqamizdagi geografik manzillar nomlarida “Qo‘hisim”, “Miskon” va “Oltin topkan” kabi atamalarning uchrashi hozirgi Olmaliq metallurgiya sanoati tarixi uzoq moziyga borib taqalishidan dalolat beradi. Hozirgi kunda sanoat miqyosida o‘zlashtirilgan konlarning deyarli barchasi qadimiy konlar o‘rnida ochilgan. Olmaliq yaqinida bugungi kungacha o‘nlab gektarni egallagan shlaklar maydonlari va eritish pechlarining o‘rni saqlanib qolgan. Qoramozor kon maydonlarini rejali razvedka qilish ishlariga XX asrning boshlari - 1922-1931 yillarda kirishilgan. Qoramozor va uning shimoliy yon bag‘rlari Olmaliq-Angren ruda rayonlari tadqiqotlar markaziga aylandi.

1924-yilda Sergey Fedorovich Mashkovsyev o‘z tadqiqotlari asosida Qalmoqqir kon maydonidagi okislangan rudalar joylashuviga ta'rif berib o‘tadi. O‘rta Osiyo mintaqasi kon maydonlarini chuqur o‘rgangan geolog olim Boris Nasledov tomonidan mazkur kon maydoni yanada mukammal o‘rganib chiqiladi. S.Mashkovsev, B.Nasledov, F.Volfson, K.Pojariskiy, O‘zbekiston geologiyasining keyingi avlodi vakillari bo‘lgan H.Abdullayev, A.Krolev va boshqa yetakchi geolog olimlar tomonidan qo‘hna va unutilgan konlar o‘rnida rangli metallar hamda oltinga boy bo‘lgan yangi konlar ochildi. Birgina Qoramozor-Olmaliq-Angren kon maydonlari qismining o‘zida “Qalmoqqir”, “Sariq-cho‘qqi”, “Qo‘rg‘oshinkon” kabi mis-oltin-molibden, qo‘rg‘oshin konlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Mamlakatimizning Farg‘ona, Chodak, Angren, Olmaliq, Marjonbuloq, Navoiy, Zarafshon, Zafarobod, Gazg‘on, Uchquduq, Xondiza, Gazli, Muborak, Qorovulbozor, Ko‘kdumaloq kabi ko‘rkam shahar va qo‘rg‘onlari geologlarimiz qidirib topgan yer osti boyliklarini o‘zlashtirish natijasida barpo etilgan va rivojlanganini ta'kidlab o‘tish zarur bo‘ladi. Hozirgi davrga kelib Respublika geologiya tarmog‘i tomonidan 70 dan ortiq turga mansub 2000 ga yaqin konlar o‘zlashtirishga tayyorlab qo‘yilgan. Bugungi kunda mamlakatda 101 ta oltin va 3 ta kumush koni hisobga olingan. Konlarning asosiy qismi Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlariga xom ashyo bazasi sifatida berilgan. Davlat balansida jami 2 537 ta foydali qazilma konlari hisobga olingan bo‘lib, ulardan 10 ta mis koni hisoblanadi, asosiy zaxiralari esa Toshkent viloyatidagi “Oliy Ziyo”, “Sariq-cho‘qqi”, “Yoshlik-I” konlariga to‘g‘ri keladi. Qo‘rg‘oshin va ruxning 5 ta (Xondiza, Uch-quloch, Chinorsoy, Lashkerek, Kulchuloq) konlari ma'lum. Hozirda ular “Olmaliq KMK”AJ tomonidan qazib olinmoqda va kombinatning quvvatlarini istiqbolda 2 barobarga oshirish imkoniyatini beradi. Konlarni topish va sanoat miqyosida o‘zlashtirish uchun geologik va muhandislik-texnologik bilimlarning yaxlit tizimi mavjud bo‘lishi lozim.

“Olmaliq KMK” AJning ishlab chiqarish faoliyati Toshkent, Jizzax, Surxondaryo va Namangan viloyatlari hududlaridagi oltin-mis porfir, polimetall va oltin- kumush kon maydonlari zaxiralari guruhlari asosiga qurilgan. Bundan tashqari, OKMK tomonidan ohaktosh, gips va tuproq kabi noruda foydali qazilmalar ham qazib olinib, ularning kon maydonlari Toshkent, Surxondaryo va Jizzax viloyatlarida joylashgan. Polimetall kon maydonlari sifatida kumush-polimetalli Xondiza va qo‘rg‘oshin-ruxli Uch-quloch konlarini ko‘rsatish mumkin. “Qizil olma”, “Ko‘chbuloq”, “Qayrag‘och”, “Pirmirob”, “Guzaksoy” va “Kovuldi” konlari kombinatning oltin-kumush ishlab chiqarish tarmog‘ini xom ashyolar bilan ta'minlab keladi.

O‘zbekiston iqtisodiyotining xom ashyo manbalariga bo‘lgan ehtiyoji, shu jumladan, eksport majburiyatlarini ta'minlashga yo‘naltirilgan tog‘-kon geologiyasi sektorining ustuvor vazifalari, maqsad va rejalarini aniqlab olish maqsadida ayni kunda kombinatning mineral xom ashyolari bazasini rivojlantirishga qaratilgan strategiyasi yangilanmoqda. Mazkur strategiya O‘zbekiston Respublikasining ushbu soha yo‘nalishlarini muvofiqlashtiruvchi hujjatlarda nazarda tutilgan mineral xom ashyolar bazasini rivojlantirish va uni ishlab chiqarishga joriy etishga qaratilgan vazifalar kompleksiga ham javob beradi.

Mustaqillik yillarida “Olmaliq KMK” AJning geologiya-qidiruv korxonasi tomonidan “O‘zbekgeologiyarazvedka” AJ korxonalari bilan hamkorlikda kombinatning amalda faoliyat yuritayotgan kon maydonlari, shu bilan birga tog‘-kon otvodlarida kelgusida o‘zlashtirilishi ko‘zda tutilayotgan, OKMKning qiziqishlari doirasida bo‘lgan kon maydonlarida geologiya-qidiruv ishlari olib borildi. Mamlakatimizning xom ashyo bazasini rivojlantirish va o‘zlashtirishga qaratilgan Davlat dasturiga asosan, “O‘zbekgeologiyarazvedka” AJ tomonidan “Olmaliq KMK” AJ faoliyatiga doir qismlarda mineral xom ashyo bazalarining holati, mis, qo‘rg‘oshin-rux, oltin tarkibli rudalar bo‘yicha tugab borayotgan zaxiralarini to‘ldirib borish va kombinatning tog‘-kon qazib olish korxonalari ta'minlanganlik darajasini oshirishga alohida e'tibor qaratib kelinmoqda. Hozirgi kunga kelib “Olmaliq KMK” AJ bilan kelishgan holda Namangan, Toshkent va Surxondaryo viloyatlari hududlarida joylashgan ob'yektlarda geologiya-qidiruv ishlari olib borilmoqda.

2018-yilda boshlangan “Olmaliq KMK” AJning geologiya bo‘linmalariga Xalqaro standartlarning joriy etilishi kompaniyaning va O‘zbekiston tog‘-kon geologiya sohasi jahonning mineral xom ashyo kompleksiga integratsiya qilinishi yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. Mazkur ishlarning asosiy maqsadi - yer qa'ri boyliklarini mustaqil ravishda va ob'ektiv baholash, shuningdek tabiiy boyliklarning joylashuvi va o‘zlashtirilishi samaradorligini oshirish hisoblanadi. Bugungi kunda kombinatning barcha geologlari mazkur dastur ishida faol ishtirok etib kelishmoqda. 2018-yil dekabridan boshlab “Oliy Ziyo” kon maydoni (“Qalmoqqir” va “Yoshlik I”) razvedka natijalari bo‘yicha Avstraliya-Osiyo hisobot Kodeksi, mineral resurs va zaxiralari JORC Kodeksi va zaxiralarning qayta hisobi O‘zbekiston Respublikasi geologiya qo‘mitasi talablari asosida o‘rganilishi yo‘lga qo‘yilgan. “Qalmoqqir kon maydonining flanglari va chuqur gorizontlari 2018-yildan “SRK Consulting” kompaniyasi bilan hamkorlikda o‘rganib borildi.

Shu tahlitdagi ishlar “Qizil olma”, “Ko‘chbuloq”, “Kovuldi” “Guzaksoy” va “Xondiza” konlarida ham olib borildi. Bugungi kunda barcha mavjud geologik materiallar to‘planib, ma'lumotlarning raqamli bazalari, kon maydonlarining karkasli, blokli modellari ishlab chiqilgan holda “Mineral resurslar bo‘yicha” hisobot (MRE) va dastlabki texnik-iqtisodiy asoslar(PFS) tayyorlanishiga muvaffaq bo‘lindi. Barcha 2517 ta 915,8 ming p/m hajmdagi tarixiy va yangi burg‘ulangan quduqlar(1930-yildan 2022-yilgacha) raqamlashtirildi. Burg‘ulangan quduqlar kernlarini saqlash uchun sig‘imi 60,0 ming qutini tashkil qiladigan ikkita zamonaviy ombor qurildi. Bu yerda nafaqat kernlar qutilarini, balki geologik hujjatlarni yuritish uchun ham imkoniyatlar yaratilgan. 2019-2023 yillar davomida zaxiralarni JORCga o‘tkazish va ularning “Oliy Ziyo” (“Qalmoqqir” va “Yoshlik I”) kon maydoni bo‘yicha o‘sib borishini baholash yuzasidan keng miqyosda ishlar olib borildi. Amalga oshirilgan ishlar natijalariga ko‘ra, 2023-yil dekabriga kelib 248 ming p/m hajmda quduqlar burg‘ulandi, sinov- tahlil namunalari olindi, mustaqil xalqaro talablarga javob beradigan “SAEL” va “ALS” laboratoriyalarida 138,6 mingdan ziyod tahlillar o‘tkazilishiga erishildi.

Bugungi kunda OKMKda konchilik geologiyasi sohasini modernizatsiya qilish va raqamlashtirish, geologik- qidiruv ko‘lami va samaradorligini oshirish maqsadida xalqaro mutaxassislar tajribalarini inobatga olgan holda dasturiy ta'minotlardan foydalanib kelinmoqda. Bu kombinatda ishlab chiqarish va biznes jarayonlarini raqamlashtirish bo‘yicha strategik maqsadlarni amalga oshirishni jadallashtirishi bilan birga, tog‘-kon sanoati tizimida olib borilayotgan ishlar samaradorligini ham bir necha barobarga yengillashtiradi. Kon-geologik axborot tizimini amalga tatbiq qilish orqali Olmaliq kon- metallurgiya kombinatining ishlab chiqarish quvvatlari va unumdorligini oshirishga erishilmoqda.

Yuqoridagi hujjatlar asosida “Olmaliq KMK” AJda “Kon-geologik axborot tizimlarini (KGAT) rivojlantirish konsepsiyasi” ishlab chiqildi. Ushbu konsepsiya sohadagi xalqaro ekspertlar, shu jumladan, “SRK Consulting” kompaniyasi mutaxassislari fikrlarini hisobga olgan holda tuzildi. “KGAT konsepsiyasi”ni ishlab chiqishda yirik xalqaro BHP, Rio Tinto konchilik kompaniyalari hamda MDHda Polyus Zoloto, Polimetall, Kaz Minerals, Nordgold kabi kompaniyalarning tajribasi o‘rganildi. Mazkur loyiha “Olmaliq KMK” AJ tasarrufidagi tarkibiy bo‘linmalarda kon-geologik axborot tizimini joriy etishni ko‘zda tutadi.

Datamine Studio NPVS dasturiy ta'minoti ayni paytda ochiq kon ishlarini strategik rejalashtirish uchun qo‘llanilmoqda. Dastur orqali kombinat geologlari ma'danlarni ochiq usulda qazib olishni strategik rejalashtirish va optimallashtirish, iqtisodiy, texnologik parametrlarni hisobga olgan holda kar'erning chegara konturini aniqlashtirish, shuningdek belgilangan hududlarda ishlarni samarali yo‘lga qo‘yish kabi bir qator muhim jarayonlarni olib borishadi.

JORC kodeksining xalqaro talablariga muvofiq, kombinatda investision jozibadorlikni oshirish, dunyo amaliyoti talablari asosida korporativ boshqaruvning zamonaviy usullarini joriy etish, mahsulotning raqobatbardoshliligiga erishish maqsad qilib olingan. Albatta, ushbu tizimni amalga oshirish orqali kombinat geologiya xizmati xodimlari tomonidan hali ko‘plab vazifalar qayta ko‘rib chiqilib, takomillashtirilishi reja qilingan. Unga ko‘ra, kon ishlarini uzoq, o‘rta va qisqa muddatli strategik rejalashtirish, sifat ko‘rsatkichlari dinamikasini hisobga olgan holda qazib olish ishlarining maqbul rejimini aniqlash talab etiladi. Bu ishlarni amalga oshirishda 3D shaklidagi blokli modellardan foydalanib shartli modellashtirish, sifat va miqdoriy parametrlarning joylashishini va taqsimlanishining aniqligini oshirish nazarda tutilgan. Ushbu vazifalar bosqichma-bosqich amalga tatbiq qilinishi natijasida yagona ma'lumotlar bazasiga ega mineral resurslarni boshqarish va ishlab chiqarishni kon-geologik ta'minlash bo‘yicha yaxlit axborot tizimi shakllantirilmoqda.

Dasturiy ta'minotning asosiy majmuasi belgilangan konturlarda optimallashtirish, tog‘-kon ishlari yo‘nalishini optimal tanlash imkoniyatini yaratadi.

Bundan tashqari, marksheyder, konchi va geologlar uchun konning yagona raqamli ma'lumotlar bazasi yaratildi va xalqaro JORC kodeksi asosida zaxiralarniing hisobga olish aniqligi oshirildi. Ushbu konsepsiya doirasida kombinat geologiya bo‘limi tashabbusi ostida Ishlab chiqarishni avtomatlashtirish boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda GEOLIMS dasturi ishlab chiqildi. Geolims dasturi kombinatda o‘z tuzilmasi ko‘rinishida yagona dastur hisoblanib, OKMKda barcha geologik ishlarni olib borish, natijalarini saqlash, qayta o‘zgartirish ishlarini raqamlashtirish hamda bo‘linmalar orasida ma'lumotlar almashinuvini tezlashtirish imkonini beradi. Hozirgi kunda geologiya sohasida ham barcha geologik ma'lumotlar elektron ko‘rinishga olib kelinmoqda. Shu sababli kombinat geolog- mutaxassislari o‘zlarining uchastkasidagi mavjud geologik ma'lumotlardan muntazam foydalanishlari uchun GEOLIMS dasturiy ta'minoti geologiya bo‘limi taklifiga binoan IChAB bilan hamkorlikda yaratilib, takomillashtirib borilmoqda. Geologiya sohasiga raqamlashtirishning joriy etilishi yuqori samaradorlikka xizmat qilishi shubhasiz.

Hozirgi kungacha bajarilgan ishlar geologiya sohasini raqamlashtirish maqsadidagi dastlabki qadamlardan biri bo‘lib, kombinat geologiya xizmati oldida ulkan rejalar bor.

Tojiddin TEMIROV,

“Olmaliq KMK” AJ bosh geologining yer osti kon ishlari bo‘yicha o‘rinbosari

Bo`lishmoq:
Text to speech