• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Kombinatning ilm-fan ufqlari

22 Aprel 2022, 10:2 1328

Mamlakat taraqqiyotining zamini hech shubhasiz, ilm-fan va innovasiyalardir. Ilmga asoslangan iqtisodiyotni rivojlantirish ko‘lamini belgilaydigan xalqaro indekslarda davlatimiz o‘rni yildan yilga ko‘tarilib bormoqda. Bu - yurtimizda ulkan iqtisodiy va ilm-fan taraqqiyoti yo‘lidagi yangiliklarning innovasion g‘oyalarga asoslangan holda amalga oshirilayotganining dalilidir. Jumladan, 2020-yil 29-oktyabrda ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi.

“Harakatlar strategiyasidan - Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyiliga asosan ishlab chiqilgan yettita ustuvor yo‘nalishdan iborat 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va uni “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat Dasturida ham bu jihatga alohida e'tibor qaratilgan.

Ushbu hujjat talabiga binoan Global innovatsion indeksda O‘zbekiston Respublikasining o‘rnini yaxshilash va 2030-yilga qadar Top - 50 mamlakatlari qatoriga kiritish vazifasi qo‘yilgan.

Xususan “Olmaliq KMK” AJda ham ishlab chiqarish tarmoqlarida ilmiy-innovasion tadqiqotlar sifati va natijadorligini oshirish yo‘nalishida diqqatga molik ishlar olib borilmoqda. OKMK Fan va innovasiyalar bo‘limi boshlig‘i Mirzaahmad Ermanov mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar xususida o‘z fikrlarini bildirdi.

- Iqtisodiyotning real sektori va ijtimoiy soha ehtiyojlaridan kelib chiqib ilmiy faoliyat natijalari, innovasion mahsulotlar va xizmatlar, shu jumladan yangi qurilmalar, materiallar hamda texnologiyalarni yaratish, joriy etish, ko‘paytirish va ularni tijoratlashtirish hamda patentlashtirish, ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgan iqtidorli yoshlarning ilmiy g‘oyalarini rag‘batlantirish bo‘limimiz oldiga qo‘yilgan vazifalarning asosini tashkil etadi. Ana shu vazifalardan kelib chiqib so‘nggi yillarda amalga oshirilgan ishlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, yirik hajmdagi ilmiy tadqiqotlarga shartnomalar imzolanib, patent va rasionalizatorlik takliflaridan iqtisodiy samaradorlikka erishildi.

2021-yil esa faoliyatimizda ancha sermahsul yil bo‘lib qoldi. Aynan shu yili 7,5 mlrd. so‘mlik ilmiy tadqiqotlarga shartnomalar tuzildi. Rasmiylashtirilgan bitta patentning o‘zidan 10,2 mlrd so‘mlik iqtisodiy samara olindi. Shuningdek, hisobot yilida 28 ta ilmiy ishlar olib borildi. Bu ishlar qatorida kam tarkibli molibdenli boyitmadan ammiakli eritma o‘rniga mahalliy soda yordamida sof molibden olish texnologiyasi, sof palladiy, sof platinani ajratib olish texnologiyasi, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi olimlari bilan birgalikda kon ishlarini portlatishda reagent sifatida qo‘llaniluvchi oleum kislotasini mahalliy xom ashyodan olinishi hamda sanoat tajriba- sinovlaridan o‘tib, oyiga 600 gr. o‘ta qattiq vol'fram nanokukunini ishlab chiqarish kabi ilmiy ishlarni ko‘rsatib o‘tish lozim bo‘ladi. Ushbu sanab o‘tilgan ilmiy ishlarga belgilangan tartiblarda patentlar rasmiylashtirilishiga muvaffaq bo‘lindi.

Shu o‘rinda bevosita faoliyati ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lgan va uning barobarida rasionalizatorlik, ixtirochilik, ilmiy-tadqiqot ishlari bilan shug‘ullanib kelayotgan OKMKning 15 nafar fan doktorlari mehnatini e'tirof etib o‘tgan bo‘lardim. Ilm-fan fidoyilari tomonidan o‘tgan yili 115 dan ortiq ilmiy maqolalar chop etilgan bo‘lsa, shularning 25 tasi xorij ilmiy jurnallari sahifalaridan o‘rin oldi. Bu zahmatkash tadqiqotchilarimizga 35 ta rasionalizatorlik hamda 4 ta ixtirochilik patentlari topshirildi.

Qo‘lga kiritilgan natijalar bilan qanoatlanib qolmasdan, kombinat fan jamoatchiligi tomonidan 2022-2025-yillar uchun istiqbolli ilmiy loyihalarni ishlab chiqish borasida ham keng faoliyat yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur loyihalar qatoridan - indiy metallini sof holda ajratib olish texnologiyasini yaratish, palladiyni ajratib olish bo‘yicha qo‘shimcha ilmiy-tadqiqotlar olib borish, platina metallini ajratib olish texnologiyasini yaratish, texnologik chiqindilar, konvertor changlaridan qo‘shimcha ravishda qo‘rg‘oshin, mis va nodir metallarni ajratib olish texnologiyasini yaratish, Chodak koni texnogen chiqindilaridan qo‘shimcha nodir metallarni olishni joriy etish, mis va mis qotishmalaridan nanokukunlarni olish texnologiyasini yaratish, volfram nanokukunlarini olish texnologiyasini yaratish, toza sof reniy metallini talabga ko‘ra perenat ammoniydan ajratib olish texnologiyasini yaratish kabi ilmiy ishlar joy olgan.

Olib borilayotgan tadqiqotlar samaradorligiga erishish, istiqbolli loyiha lar ijro siga ko‘maklashish ishlarida Fan va innovasiyalar bo‘limining patentlar va ixtirochilik ishlari bo‘yicha yetakchi muhandisi Nargiza Bekbo‘tayeva, ilmiy-tematik ma'lumotlar va innovasiyalar bo‘yicha yetakchi muhandis Farrux Toshaliyev, EHM katta operatori Malika Isoqjonovalarning tajriba va tashabbuskorligi ishimizda muhim o‘rin tutadi.

Bir so‘z bilan aytganda, OKMKda chuqur ilmiy qarashlar va tadqiqotlarga asoslangan innovasiyalarga - mavjud jarayonlarga yangicha qarash, yondashish, zamonaviy kashfiyot va ishlanmalarni kombinat faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan yangi ishlab chiqarish jarayonlariga qo‘llash omili sifatida qaraladi. Bu faoliyat zamirida avvalambor insonlarning iqtisodiy manfaatdorligi, aholi hayoti va farovonligini oshirishdek pirovard maqsad turgan ekan, kombinat ilm-fan jamoatchiligi izlanishlarda davom etaveradi.

Hasan ABDULLAYEV yozib oldi

 

Bo`lishmoq:
Text to speech