• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Kombinatning qalmoqqiri

02 Fevral 2024, 14:3 837

OKMKning 75 yilligiga

Ma'lumki, “Olmaliq KMK” AJning mis ishlab chiqarish tizimi “Qalmoqqir” koni, bunyod etilayotgan “Yoshlik I” koni, Mis boyitish va 2-Mis boyitish fabrikalari hamda Mis eritish zavodini o‘zida mujassam etadi. Navbatdagi maqolamiz esa nafaqat Respublikamiz, balki jahondagi eng yirik mis-molibden koni hisoblanuvchi “Qalmoqqir” koni haqida.

Mis-porfir rudalariga boy bo‘lgan “Qalmoqqir” kon maydoni o‘tgan asrning yigirmanchi yillarida ochilgan va 1954-yildan beri ochiq karer uslubida kon qazib olish ishlari olib boriladi. “Qalmoqqir” va “Sariq-cho‘qqi” konlarining mis-porfirli, oltin va molibden tarkibli konlari kombinat mis tarmog‘ini xom ashyo bilan ta'minlab boradi.

Bugungi kunga kelib “Qalmoqqir” konining maksimal chuqurligi 500 metr, karer uzunligi 4 km, eni 2 km.ni tashkil qiladi.

Karer ekspluatatsiya qilinishi boshlanganidan to hozirgi kunga qadar 1 435 957, 435 tonna mis rudasi qazib olingan, ustki qatlamlarni olib chiqish hajmi 670 735, 747 ming kubometrni tashkil qiladi va 1 mlrd kubometrdan ziyod tog‘ jinslari olib chiqilishiga muvaffaq bo‘lingan. “Qalmoqqir”ning 2024-yildagi tog‘ jinslarini qazib olish bo‘yicha quvvati 30 402, 644 ming kubometrdan iborat. Kon maydoni okislangan va sulfidli tabiiy rudalarga ega. Ayni damda kar'erni o‘zlashtirish kombinatsiyalangan usulda amalga oshirilmoqda.

Pastki gorizontlardan qazilmalar dastlab avtomobil transportlariga, keyingi bosqichda temir yo‘l transportlariga, yuqori gorizontlar qazilmalari ham temiryo‘l transportlariga yuklab beriladi. Qazib olingan rudalar karerdan 8 km uzoqlikda joylashgan Mis boyitish fabrikasiga temiryo‘l dumpkarlarida yetkazib berilishi yo‘lga qo‘yilgan. Ustki qatlam jinslari temiryo‘l transporti vositalari yordamida tashlanma konlarga olib chiqiladi. Tog‘ jinslarini qazib olish uchun bugungi kunda 54 ta turli ish quvvatli ekskavatorlar, 20 ga yaqin burg‘ulash uskunalaridan foydalanib kelinmoqda.

“Qalmoqqir” aynan mamlakatimiz davlat mustaqilligi qo‘lga kiritilgan ilk yillardan boshlab o‘zining yangi yuksalish tarixini boshlagan, deb xulosa qilish mumkin. 1993-yilda 19,5 mln tonna, keyingi yili esa 13,6 mln tonna miqdorida ruda qazib olingan bo‘lsa, 1996-yildan bu ko‘rsatkich asta-sekin ko‘tarilib borgan. 1993-yilda ustki qatlamlarni qazib olish 12027 ming m3, 1998-yilda esa atigi 5 184,6 ming m3 ni tashkil etgan, 1999-yildan boshlab bu borada ham olg‘a siljishga erishildi. 2010 yilda ustki qatlamlarni qazib olish ishlarida keskin o‘sishga muvaffaq bo‘lindi va bu marom hozirgacha barqaror saqlanib kelinmoqda.

Mamlakatimiz Prezidentining “Qalmoqqir” konini kengaytirish va rekonstruksiya qilish investision dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2009-yil 23-noyabridagi qaroriga asosan, kombinatning bosh konida ekskovatsiya va kon texnikalarini yangilash borasida katta hajmdagi ishlarga kirishildi. 2009-2011 yillar mobaynida umumiy narxi 150 714,3 mln so‘mlik EKG-10 hamda EKG-15 rusumli 13 ta ekskavator, 10 ta SBSh- 250 MN burg‘ulash dastgohlari, 16 ta buldozerlar, 3 tadan avtogreyder va avtoyuklagichlar, 5 ta tortish agregatlari, 43 ta dumpkarlar, 3 ta zaryadlash mashinalari, 2 ta BP-100 burg‘ulash uskunalari xarid qilinib, qisqa muddatlarda yig‘ilgan holda foydalanishga topshirildi. Ushbu texnik va texnologik yangilanishlar natijasida “Qalmoqqir”ning ruda qazib olish quvvati 3,5 mln tonnagacha oshishi bilan birga 30 million tonnalik yuksak marra zabt etilishini ta'minladi. 2014-yili “Qalmoqqir” o‘zining milliard tonnalik rudasini kombinat boyitish fabrikalariga jo‘natishga erishdi.

Istiqlol yillarida konchilar jamoasining o‘zagi iqtidorli muhandis-texnik xodimlar, mutaxassislar va mehnatsevar ishchi-xizmatchilar hisobiga yangilanib bordi. O‘nlab “Qalmoqqir” konchilarining Vatanimizning yuksak orden va medallari bilan taqdirlangani davlatimiz rahbarining mehnat ahliga bo‘lgan ehtiromining belgisidir. 1998-yilda Markaziy karyer ekskavator mashinisti Jonsaid Turdiyev “O‘zbekiston qahramoni” degan sharafli nomga munosib ko‘rilgan bo‘lsa, uning Ustki qatlam kareridagi hamkasbi Saydali Rahmonov 2007-yilda ana shunday yuksak e'tirofga erishdi. Qalmoqqir kon boshqarmasi sobiq direktori Viktor Ramme, Ustki qatlam kareri burg‘ulash uskunasi mashinisti Habibulla Almatov, “Sariq-cho‘qqi” koni tog‘-kon ustasi Sobirali Iminov, 1-sonli ishlab chiqarish uchastkasi ekskavator mashinisti Erali Qosimov, Qalmoqqir kon boshqarmasi direktori Muhammadamin Isaevlar “Mehnat shuhrati”, Ustki qatlam kareri ekskavator mashinistlari Shokirbek Abduvayitov, Saydali Rahmonov “Do‘stlik” ordeni bilan, “Qalmoqqir” koni bosh mexanigi Valeriy Prixodko “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sanoat xodimi” unvonlariga sazovor bo‘ldilar, Abdumahkam Malikov, Abduhamid Mirzayev, Toshpo‘lat Ernazarov, Abdumalik Tursunov va Abdunabi Jalilov kabi konchilar “Shuhrat” medali bilan mukofotlanishgan.

O‘tgan 2023-yilda “Qalmoqqir” koni tomonidan 35,8 mln tonna, “Sariq-cho‘qqi” koni tomonidan 5,4 mln tonna ruda miqdorida mis-molibden rudalari qazib olingan. Umuman olganda, o‘tgan hisobot yilida Qalmoqqir kon boshqarmasi tomonidan olib borilgan ustki qatlamlarni ochish ishlari 17,5 mln m3 ni tashkil qildi. Birgina o‘tgan yilning o‘zida 35 mln 900 ming tonna miqdorida ruda qazib olinib, 16 594, 940 ming kubometr hajmda ustki qatlamlarni ochish ishlari muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

Hasan ABDULLAYEV

Bo`lishmoq:
Text to speech