• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Komplaens-nazorat tuzilmalari xodimlari uchun yevropalik mutaxassislar ishtirokida seminar-trening tashkil etildi

05 Oktyabr 2023, 13:51 442

Joriy yilning 3-4 oktabr kunlari korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari xodimlari uchun “Korrupsiyaning oldini olish va halollikni targ‘ib qilish” mavzusida seminar-trening bo`lib oʻtdi.  Bu haqida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining Axborot xizmati ma’lum qilmoqda.

Seminar-trening Yevropa Ittifoqi va Yevropa Kengashining “Markaziy Osiyo – huquq ustuvorligi: ochiqlik va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashishda hamkorlik” (CA TAEC) dasturi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Maʼlumot o‘rnida: Markaziy Osiyoda ochiqlikni taʼminlash va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish chora-tadbirlari dasturi mintaqada qonun ustuvorligini taʼminlashga munosib hissa qo‘shish maqsadida Yevropa Ittifoqi va Yevropa Kengashi tomonidan birgalikda moliyalashtirilgan va mazkur Kengash tomonidan amalga oshirilgan qo‘shma tashabbusdir. U mintaqaviy va milliy o‘ziga xosliklarni hisobga olgan holda Markaziy Osiyoning besh davlatida (Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston) iqtisodiy jinoyatlar va korrupsiyaga qarshi kurash  hamda ularning oldini olish salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan.

Ushbu seminar-trening Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan komplaens-nazorat tuzilmalari faoliyatiga amaliy ko‘mak ko‘rsatishni izchil davom ettirish, ilg‘or xorijiy amaliyot asosida tuzilma xodimlarining bilim va ko‘nikmalarini oshirish borasida tashkil etib kelinayotgan o‘quvlarning navbatdagisidir.

Seminar-trening avvalida O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining huquqiy va institutsional asoslari,  sohada  fuqarolik jamiyati, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik, xalqaro standartlar hamda ilg‘or tajribalarga bag‘ishlangan taqdimotlar o‘tkazildi.

Yevropa kengashi ekspertlari tomonidan korrupsiyaning oldini olish va ichki nazorat tizimini joriy etishda ilg‘or xorijiy tajribalar, korrupsiya xavf-xatarlarini baholash amaliyoti, manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash va boshqarish, davlat xizmatida halollikni taʼminlash, sovg‘a siyosati, va bu borada xalqaro standartlar va eng yaxshi amaliyotlar,  jumladan,  AQSH, Buyuk Britaniya, Latviya, Estoniya, Malayziya davlatlarining tajribalari bo‘yicha batafsil maʼlumot berildi.

Qayd etilishicha, Latviyada mansabdor shaxslarning mol-mulklari va daromadlari deklaratsiya qilinadi. Davlat xizmatchilarini halollik bo‘yicha o‘qitish, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish keng yo‘lga qo‘yilgan. Davlat xaridlarida potensial korrupsiyaviy havf-xatarlar, noqonuniy orttirilgan daromadlar muntazam tekshirib boriladi. Bu jarayonda ochiq maʼlumotlar manbalari, shuningdek, bank hisobvaraqlaridan foydalaniladi.

Buyuk Britaniya eksperti Djon Burbidjkingning taʼkidlashicha, Malayziya qonunchiligiga ko‘ra, xususiy sektorga ISO 37001 xalqaro standarti talablariga javob berishi zarur bo‘lgan Adequate procedure talabi qo‘yilgan va bu xususiy sektorning davlat xaridlarida ishtiroki uchun majburiy shart hisoblanadi. Bu bilan Malayziya Aksilkorrupsiya komissiyasi xususiy sektorda korrrupsiyaga qarshi kurashish mexanizmlarini joriy etishga erishdi. Ushbu amaliyot, jumladan, Indoneziya va Fransiya davlatlarida ham yo‘lga qo‘yilgan. Ekspert fikricha, bunday ijobiy tajribani ommalashtirish maqsadga muvofiq.  

Mashg‘ulotlar mobaynida ekspert Burbidjking ishtirokchilarga ISO 37001-2016 xalqaro standarti talablaridan kelib chiqib, korrupsiyaviy havf-xatarlarni aniqlash va baholash jarayonlarini turli tashkilotlarning funksiyalari misolida atroflicha tushuntirib berdi.

Ushbu seminar-treningda Zoom platformasi orqali onlayn tarzda OKMK Kompleans nazorati xizmati hamda Axborot xizmati mas’ullari ham ishtirok etishdi. 

Bo`lishmoq:
Text to speech