Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Komplayens-nazorat bo‘linmalari xodimlari uchun oʻquv kurslari oʻtkazildi

25 Avgust 2025, 8:42 750

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yilning 5-mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini samarali tashkil etish maqsadida 20-21 avgust kunlari Toshkent shahrida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari (komplayens) samaradorligini oshirishga bagʻishlangan intensiv oʻquv kurslar tashkil etildi.

Unda davlat organlari va tashkilotlarining markaziy, hududiy va tasarrufidagi tizim tashkilotlaridagi korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalarining (komplayens) 500 nafardan ortiq xodimi ishtirok etdi.

Mazkur oʻquv dasturi sohada qabul qilingan asosiy qarorlar va meʼyoriy hujjatlarni tahlil qilish, “e-anticor.uz” platformasi va uning yangi moduli bilan ishlash, shuningdek, 2024-yilgi reyting baholash natijalari boʻyicha yoʻl qoʻyilgan xatolarni tahlil qilishni qamrab oldi.

Ishtirokchilar taklif etilgan xorijiy ekspertlar bilan manfaatlar toʻqnashuvini boshqarish, davlat xizmatchilarining korrupsiya xavf-xatarlariga bardoshliligini baholash va ularni kamaytirishning ilg‘or xorijiy tajriba va usullarni qoʻllash boʻyicha amaliy mashgʻulotlarni oʻtkazdilar.

Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimini samarali joriy etishda uchrayotgan muammolar, faoliyatni tartibga soluvchi meʼyoriy hujjatlarni amaliyotga tatbiq etishda yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklar o‘rganish va tahlil natijalari asosida ochiq muhokama qilinib, faoliyatni yanada takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Oʻquv kurslari Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan amalga oshirilayotgan va Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriluvchi “Oʻzbekistonda korrupsiyaga qarshi milliy ekotizimni mustahkamlash” qoʻshma loyihasi doirasida tashkil etildi.

Mazkur oʻquv kurslarida OKMK Komplayens xizmati boshligʻi Shuhrat Joʻrayev ham ishtirok etdi.

Oʻquv kursi yakunida tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi.

Manba: Antikor matbuot kotibi

Bo`lishmoq:
Text to speech