• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Kon ishi muhandisi mutaxassisligi bo‘yicha diplomlar topshirildi

17 Fevral 2024, 15:13 952

Bugun shahrimizdagi “Metallurg” madaniyat saroyida shahrida Federal davlat avtonom ta'lim muassasasi “Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti MISiS Olmaliq filialining kon ishi muhandisligi mutaxassisligi bo‘yicha o‘qishni tamomlagan talabalarga diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Komiljon Karimov, MTTU MISiS prorektori Vadim Petrov, OKMK boshqaruvi raisining xodimlar va ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Sa'di Shermatov, Olmaliq shahar hokimi Qobil Xamdamov, talabalarning ota-onalari ishtirok etishdi.

Tadbirda mehmonlar talabalarning kelgusi ishlariga omad tilab, o‘z samimiy tilaklarini bildirishdi.

Ishtirokchilar e'tiboriga filial faoliyatini aks ettiruvchi videolavha namoyish etildi.

Shundan so‘ng, 74 nafar talabaga tantanali ravishda kon ishi muhandisi mutaxassisligi bo‘yicha diplomlar topshirildi. E'tiborlisi ular oliygoh filialida 5,5 yil tahsil olib, kon ishi muhandisi mutaxassisligi bo‘yicha O‘zbekistonda 25 yil ichida ilk bora diplom olishmoqda.

Tadbir davomida “So‘g‘diyona” xalq cholg‘u asboblari kamer orkestri tomonidan ajoyib musiqalar ijro etildi. Ayniqsa, “Metallurg” MSning “Edelveys” xalq raqs ansambli tomonidan ijro etilgan raqslar barchaga manzur bo‘ldi.

Shuningdek, “Sado” guruhining chiqishlari, taniqli o‘zbek estradasi yulduzi Tohir Sodiqovning sho‘x-shodon qo‘shiqlari talabalarni raqsga chorladi.

Bundan tashqari, filialning ikki nafar talabasiga Prezident stipendiyasi va Islom Karimov nomidagi stipendiya guvohnomalari topshirildi.

Tadbir mobaynida “Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti MISiSning rektori Alevtina Chernikova tomonidan yuborilgan Faxriy Yorliqlar filial o‘qituvchilariga topshirildi.

Ma'lumot uchun: Prezidentimizning 2018 yil 11 maydagi qaroriga muvofiq, Olmaliq shahrida  Federal davlat avtonom ta'lim muassasasi “Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti “MISIS”ning filiali o‘z faoliyatini boshlagan. Filial tashkil etilishining asosiy maqsadi - Respublika ishlab chiqarish-sanoat tarmog‘i, shu jumladan Olmaliq kon-metallurgiya kombinati uchun yuqori malakali muhandis-texnik kadrlar tayyorlashni yanada rivojlantirish hamda oliy texnik ta'lim sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish edi.

Filialda “Konchilik ishi”, “Metallurgiya”, “Texnologik jarayonlarni va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish” yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlanib kelinmoqda.

2022-2023 yillarda Metallurgiya, Texnologik jarayonlarni va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish yo‘nalishlari bo‘yicha 167 nafar talaba bitirdi va ularning aksariyati OKMK tarkibidagi bo‘limlarda o‘z mehnat faoliyatini davom ettirmoqda.

Bugungi kunda Filialda ta'lim sifatini yanada oshirish va imkoniyatlarni yanada kengaytirish maqsadida, yangi, qo‘shimcha ta'lim yo‘nalishlari ustida ish olib borilmoqda.

 “Axborot tizimlari va texnologiyalari” va “Iqtisodiyot” yo‘nalishlarining ta'lim dasturlari ishlab chiqildi va ular “Rosobrnadzor” tomonidan litsenziyalandi. Filial yangi ta'lim yo‘nalishlariga talabalarning qabulini 2024/2025 o‘quv yilidan boshlaydi.

Shuningdek, o‘quv jarayonini ishlab chiqarish bilan integratsiya qilish maqsadida, Mis eritish zavodi, Rux zavodi, Markaziy ta'mirlash mexanika zavodi, Mis boyitish fabrikasi va Qalmoqqir kon boshqarmasida “Metallurgiya”, “Konchilik ishi” va “Texnologik jarayonlarni va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish” kafedralarining filiallari tashkil etildi. Ishlab chiqarish korxonalarida tashkil etilgan kafedra filiallarida “dual” ta'lim tizimi joriy qilingan.

Filialdagi professor-o‘qituvchilar faoliyatini ishlab chiqarish bilan uzviy bog‘lash maqsadida kombinatning ishlab chiqarish korxonalarida stajirovkalar tashkil etilgan.

Sherzod Tilovberdiyev

Bo`lishmoq:
Text to speech