• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 71) 619-23-33
  • Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 71) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Konchi va Metallurglarning huquqlarini ta’minlashdagi muhim qadam

04 Iyul 2025, 12:55 191

So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasining “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosini samarali tashkil etish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Chunonchi, Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 14-noyabrdagi 758-son qarori bilan iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning jami - 17 ta soha, tarmoq va yo‘nalishlarda qarindoshlarning birga ishlashlarini cheklash to‘g‘risidagi qoidalardan istisnolarga yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan davlat tashkilotlari xodimlarining Ro‘yxati (keyingi o‘rinlarda matnda – Istisnolar Ro‘yxati deb yuritiladi) tasdiqlangan.

Ushbu Ro‘yxatga sanoat va ishlab chiqarish, shuningdek infratuzilma korxonalari, jumladan, temir yo‘llar, neft va gaz sohasi hamda infratuzilmasi sohasidagi korxonalarning xodimlari va yana ko‘plab boshqa soha va yo‘nalishlarning muayyan toifaga mansub xodimlari kiritilgan.

Ayni mazmundagi Ro‘yxat avvalroq, aniqroq aytadigan bo‘lsak, Vazirlar Mahkamasining 1997 yil 11-martdagi 133-son qarori bilan ham tasdiqlangan edi.

Ushbu eski tahrirdagi Istisnolar Ro‘yxatiga jami - 16 ta soha va yo‘nalishlarning xodimlari kiritilgan edi.

Biroq, har ikki Ro‘yxatda ham, iqtisodiyotning asosiy (bazaviy) tarmoqlariga oid hisoblangan, shu bilan birga “shaharni tashkil etuvchi hamda unga tenglashtirilgan strategik korxona” maqomiga ega bo‘lgan “tog‘-kon va metallurgiya sanoati korxona va tashkilotlarining ishchi va xodimlari” hamda “ular tarkibiy/tashkiliy tuzilmasidagi infratuzilma va yordamchi korxona va tashkilotlarning ishchi va xodimlari” kiritilmasdan qolib ketgan edi.

Ma’lumki, Mehnat Kodeksiga muvofiq, o‘zaro yaqin qarindosh yoki quda tomonidan qarindosh bo‘lgan shaxslarning aynan bitta davlat tashkilotida birga xizmat qilishi ta’qiqlangan.

Biroq, Mehnat Kodeksining 121-moddasiga muvofiq, ushbu qoidadan istisnolar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanishi mumkinligi ko‘rsatilgan.

Ayni shu asosga ko‘ra hamda “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonunning 20-moddasiga asoslanib, “Olmaliq KMK” AJ tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon va metallurgiya sanoati vazirligi bilan hamkorlikda “tashabbus qilish tartibida” Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 14-noyabrdagi 758-son qarori bilan tasdiqlangan Istisnolar ro‘yxatiga qo‘shimcha kiritish haqida tegishli qaror loyihasi ishlab chiqildi.

Vazirlar Mahkamasining Reglamentiga muvofiq, normativ-huquqiy hujjat loyihasi Project.uz platformasi orqali manfaatdor vazirlik va idoralar bilan o‘rnatilgan tartibda kelishildi, shuningdek loyiha yuzasidan Adliya vazirligining loyihani qabul qilishning maqsadga muvofiqligi to‘g‘risidagi huquqiy xulosasi olindi.

Ta’kidlash joizki, ushbu Qaror loyihasi bilan faqat ishchi va xodimlar toifasini (Kombinat jami xodimlarning taxminan 70–75 foizini) qamrab olingan edi.

Ta’kidlash joizki, Boshqaruv, rahbariyat hamda injener-texnik xodimlar toifasiga kiritilgan mansabdor xodimlarga nisbatan manfaatlar to‘qnashuvi hamda mehnat qonunchiligida belgilangan qarindoshlarning birga ishlashiga oid qoidalar, shuningdek barcha cheklov va ta’qiqlar to‘liq hajmda qo‘llanishda davom etadi.

Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 30-iyundagi #VMQ-400-son Qarorining qabul qilinishi quyidagi muammolarni hal etishda huquqiy asos vazifasini o‘taydi:

Chunonchi:

  • “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonun ijrosini samarali tashkil etishda “tog‘-kon va metallurgiya sanoati korxonalari” ishchi va xodimlari, shuningdek sohadagi yuqori malakali mutaxassislarining huquq va manfaatlariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlashga;
  • “Tog‘-kon va metallurgiya sanoati” korxonalarining yuqori malakali ishchi va xodimlar hamda mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojini o‘z vaqtida va to‘liq hajmda qoplashga;
  • “Tog‘-kon va metallurgiya sanoati korxonalari”da xodimlar qo‘nimsizligining oldini olishga;
  • “Tog‘-kon va metallurgiya sanoati korxonalari”dagi ijtimoiy va siyosiy vaziyatni barqaror saqlashga;
  • Ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini muntazam oshirish va barqaror saqlashga;
  • Davlat hamda Hukumat rahbarining bevosita ko‘magi va nazorati ostida amalga oshirilayotgan strategik ahamiyatga ega bo‘lgan yirik investitsiya loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun mustahkam huquqiy zamin bo‘lib xizmat qiladi.

Joʻrayev Sh.X.

Komplayens xizmati boshligʻi

Bo`lishmoq:
Text to speech