Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Shu kunlarda barchamiz tinch va farovon hayotimizning muhim kafolati hamda mustahkam huquqiy poydevori bo‘lgan Bosh qomusimiz – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 32 yilligini ko‘tarinki kayfiyat bilan nishonlamoqdamiz.
Konstitutsiyada umume'tirof etilgan xalqaro huquq normalari, rivojlangan xorijiy davlatlarning huquqiy amaliyoti hamda o‘zbek davlat tarixchiligi an'analari, ko‘p asrlik milliy urf-odatlarimiz, buyuk ajdodlarimizning tarixiy tajribalari va insonparvarlik g‘oyalari chuqur singdirilganligini uning har bir moddasidan anglash mumkin.
Joriy yilning 6-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 32 yilligi munosabati bilan Olmaliq shahridagi “Metallurg” madaniyat saroyida “Konstitutsiya – erkin va farovon hayot garovi!” shiori ostida tashkil etilgan bayram tadbirida aynan yuqoridagi fikrlar ta'kidlab o‘tildi.
Bayram tadbirida OKMK rahbariyati va Olmaliq shahar hokimligi mas'ullari, kombinat ishchi-xizmatchilari, faxriylar, shuningdek shahar faollari va OAV xodimlari ishtirok etdilar.
So‘zga chiqqanlar tomonidan ta'kidlanganidek, tub mohiyatiga ko‘ra o‘zida ilg‘or milliy va umuminsoniy g‘oyalarni mujassam etgan, butun xalq va barcha qatlamlarning manfaatlarini ifodalovchi mustaqil O‘zbekiston Konstitutsiyasi Vatanimiz taraqqiyotida yangi davrni boshlab berdi.
O‘tgan davr mobaynida xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkuri, aql-zakovatining ko‘zgusi bo‘lmish Konstitutsiyamizning hayotiy negizi naqadar mustahkam ekanligiga, u xalqaro talablarga har tomonlama mos kelishiga ishonch hosil qildik.
Xususan, kuni kecha yurtimizda o‘tkazilgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlarining saylovi fikrimizning yorqin dalilidir. Unda fuqarolar o‘zlarining Konstitutsiyada belgilangan siyosiy huquqlaridan foydalanib, vatanimiz, xalqimiz hayotidagi muhim voqeaning faol ishtirokchisi sifatida taraqqiyot yo‘limizni yanada mustahkamlashga, Vatanimiz ravnaqiga hissa qo‘shishga, shu maqsad yo‘lida xalqni birlashtirishga qodir, deb bilgan munosib nomzodga ovoz berdilar.
Shu bois, Konstitutsiyamizni doimiy va chuqur o‘rganish, uni hayotimizning dasturulamaliga aylantirish va shu asosda huquq va erkinliklarimizni ro‘yobga chiqarish hamda boshqa kishilarning huquq va erkinliklari, sha'ni va qadr-qimmatini hurmat qilish barchamizning burchimizdir.
Tadbir davomida konstitutsiya kuniga bag‘ishlangan ko‘rik-tanlov g‘oliblariga faxriy yorliqlar va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Olmaliq shahar va kombinat maktabgacha ta'lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari hamda maktablari o‘quvchilarining Bosh Qomusimizni aks ettiruvchi qo‘l mehnati ko‘rgazmasi ko‘pchilikda katta taassurot qoldirdi.
“Metallurg” MS ijodiy jamoalarining konsert dasturi barchaga manzur bo‘ldi.
OKMK Axborot xizmati