Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2021-yilning 16-18-dekabr kunlari Janubiy Koreyaga tashriflari chog‘ida o‘zaro hamkorlik aloqalari doirasida OKMK, KITECH instituti, Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Toshkent viloyati hokimligi o‘rtasida nodir metallar, mis va ularning qotishmalariga yuqoriga oid memorandum ham imzolangan edi.
Ushbu memorandumda O‘zbekistonda Nodir metallar markazini rivojlantirish uchun yo‘l xaritasini yaratish, sanoat materiallaridan ehtiyot qismlar ishlab chiqarish uchun yuqori texnologik texnologiyalarni ishlab chiqish, o‘rta va yirik pilot (sanoat-tajriba) ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish, xalqaro hamkorlikda texnologiyalarni ishlab chiqish, magistr va doktorlik darajasidagi xodimlar va muhandislarni tayyorlash kabi vazifalar belgilangan edi.
Mazkur memorandumda belgilangan vazifalarni ijrosini ta'minlash maqsadida amaliy harakatlar boshlab yuborildi. Jumladan, bugun Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga tashrif buyurgan Koreya sanoat texnologiya instituti prezidenti Nak Kyu Li janoblari, KIRAM metallar instituti mutaxassislari hamda OKMK rahbariyati o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda ham aynan memorandumda belgilab berilgan vazifalar muhokama etildi.
Uchrashuvda o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish bo‘yicha bayonnoma imzolanib, yo‘l xaritasini yaratish belgilandi. Koreyalik hamkorlar tomonidan yuqori tozalikdagi nodir metallarni olish bo‘yicha texnologiyalarni kombinatda joriy etish masalalari bo‘yicha fikr-mulohazalar almashildi.
Yo‘l xaritasiga ko‘ra, amalga oshiriladigan loyihalar doirasida molibden, mis kabi metallar asosida qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarilishi tashkil etiladi.
- Kombinatning JORC kodeksi bo‘yicha baholangan mis resurslari 45 million tonnani, oltin resurlari esa 5 ming tonnadan ziyodni tashkil etadi. Bunga asoslanib, 2030-yilda mis ishlab chiqarish hajmini 515 ming tonnaga, oltinni 52 tonnaga, kumushni 343 tonnaga olib chiqish bo‘yicha konsepsiya tayyorlangan. Buning evaziga kombinatning yillik ishlab chiqarish hajmini 8 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan, deydi OKMK boshqaruvi raisi Abdulla Xursanov. - Eng asosiysi, yaqin ikki yilda kombinatda zamonaviy boshqaruv tizimini joriy etib, uni davlat yordamisiz ishlay oladigan, dunyoning yetakchi metallurgiya kompaniyalaridan biriga aylantirish asosiy vazifa etib belgilangan. Kombinatda ishlab chiqarilayotgan nodir metallardan yuqori qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishda siz kabi hamkorlarga tayanamiz.
Uchrashuvda Koreyaning ODA granti bo‘yicha O‘zbek-Koreys ilmiy texnologik markaziga 15 mln dollarlik sanoat tajriba uskunalarini yetkazib berishni tezlashtirish bo‘yicha ham muzokaralar olib borildi.
OKMK xodimi, professor Amir Obidovning ma'lumotiga ko‘ra, markaz 2- va 3-bosqich uskunalar bilan jihozlanadi. Markazning sanoat tajriba sexiga pilot uskunalar olib kelinadi. Buning natijasida laboratoriyada ishlab chiqilgan texnologiyalar sanoat-tajriba sexida sinovdan o‘tkazilib ishlab chiqarishga joriy qilinadi. Bu esa markazning g‘oyadan – ishlab chiqarishgacha to‘liq zanjirini ta'minlaydi. Va natijada qo‘shima qiymat qo‘shilgan mahsulotlar ishlab chiqarishi boshlanadi.
Shuningdek, Nak Kyu Li janoblari hamda koreyalik mutaxassislar Qalmoqqir koni hamda yangi o‘zlashtirilayotgan “Yoshlik-1” koni hamda Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish bo‘yicha ilmiy ishlab chiqarish birlashmasiga ham borishdi. Koreyalik mehmonlar mazkur ob'ektlarda texnologik ishlab chiqarish jarayoni bilan yaqindan tanishdilar.
O‘zaro hamkorlik aloqalari doirasida OKMK hamda KITECH hamkorligida navbatdagi oltinchi ikki tomonlama nodir metallar va mis sanoati bo‘yicha seminar 2022-yilning ikkinchi yarmida Seul shahrida bo‘lib o‘tadi. Mazkur xalqaro seminarda ikki davlat mutaxassislari qatnashishi ko‘zda tutilgan.
Sherzod Tilovberdiyev,
Veb muharrir