"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33So‘nggi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va davlat tizimida shaffoflikni ta’minlash yo‘lida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Shu maqsadda turli sohalarda faoliyat yuritayotgan mutaxassislar o‘rtasida halollik tamoyillarini mustahkamlash, huquqiy madaniyatni oshirishga qaratilgan o‘quv mashg‘ulotlari yo‘lga qo‘yilyapti. Ana shu chora tadbirlar doirasida kuni kecha OKMKning Rux zavodida “Kombinatimizni korrupsiyasiz hududga aylantiraylik!” shiori ostida profilaktik tadbir tashkil etildi. Unda “Ramazoni Sharif” jome masjidi imom noibi Diyorbek Karimov, Toshkent viloyati IIBB OKMKdagi IIB xodimi, podpolkovnik Davron Abdurahmonov, OKMK komplaens bo‘limi mutaxassisi Gulnoza Sabriyeva shuningdek, zavodning sex va uchastkalari ishchi-xodimlari ishtirok etishdi.
Uchrashuv ochiq muloqot tarzida tashkil etilib, unda diniy ekstremizmga qarshi kurashish, yot va zararli diniy oqimlarning salbiy ta’siri hamda korrupsiyaga qarshi samarali choralar yuzasidan fikr almashinildi.
OKMK Komplaens bo‘limi mutaxassisi Gulnoza Sabriyeva yig‘ilganlarga kombinatda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi bosqichma-bosqich takomillashtirilib borilayotganini alohida ta’kidladi. Xususan, 2025-yilda manfaatlar to‘qnashuvini bartaraf etish maqsadida “Qarindoshlarning birga ishlashini cheklash” qoidalaridan istisno etiladigan davlat tashkilotlari ro‘yxati tasdiqlanib, unga ilk bor kon-metallurgiya korxonalari xodimlari ham kiritildi.
Bundan tashqari, 2022-yil 12-yanvardagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini reyting asosida baholash tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga muvofiq, 2025-yil yakunlariga ko‘ra kombinat 89 ball to‘pladi. 2021-yil may oyidan amaliyotga joriy etilgan bu tizim xalqaro ISO 37001:2016 hamda milliy standartlar asosida sertifikatlangan.
Ta’kidlash joizki, bu kabi uchrashuvlar kombinatning barcha tarkibiy bo‘linmalarida izchil davom ettiriladi. Jumladan, “Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va bartaraf etish”, “Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish” mavzulari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasi mazmuni keng va atroflicha yoritib boriladi.
Axborot xizmati