"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining tarkibiy bo‘linmalarda aksilkorrupsiya oyligi doirasida “Korrupsiyaga qarshi kurashish umummilliy vazifa, har bir vatanparvar yurtdoshimizning vijdon ishi” shiori ostida muntazam ravishda davra suhbatlari o‘tkazilmoqda.
Jumladan tasdiqlangan jadval asosida navbatdagi tadbirlar Markaziy ta’mirlash mexanika zavodi, Ixtisoslashtirilgan ta’mirlash ishlari boshqarmasi, Rux zavodi, Markaziy analitik laboratoriyasi, Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati, Ishlab chiqarishni avtomatlashtirish boshqarmasi Markaziy metrologiya laboratoriyasi, Raqamli transformatsiya va ERP tizimni joriy etish loyiha ofisi kabi mehnat jamoalari uchun tashkil etildi.
Davra suhbatida Hilol jome masjidi Imom noibi Murtozaxon Abdullaxonov, OKMK Komplayens xizmati yetakchi mutaxassisi Gulnoza Sabriyeva, yetakchi mutaxassis Shuhrat Xolxo‘jayevlar ishtirok etishdi.
Tadbirda mas’ullar O‘zbekiston 2008-yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korrupsiyaga qarshi Konvensiyasi, shuningdek, 2010-yilda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti doirasida qabul qilingan Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha Istanbul Harakat rejasini ratifikatsiya qilganligini ta’kidlashdi. Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish hamda ushbu turdagi jinoyatlarni sodir etilishini oldini olishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.
- Pora olgan ham, uni bergan ham do‘zaxiydir. Muqaddas dinimizning ushbu qat’iy hukmi korrupsiya illati barcha zamonlarning “bosh og‘rig‘i” bo‘lib kelganidan dalolatdir. Islom dini jamiyatda sog‘lom muhitni shakllantirishni hamisha diqqat markaziga qo‘ygandir. U o‘zining bu oliy maqsad yo‘lida xalq orasidagi barcha jabhadagi illat va kamchiliklarning oldiga qat’iy to‘siqlar qo‘ygan. Jamiyat taraqqiyotiga va farovonligiga jiddiy zarar keltiradigan, jamiyatni ichidan yemiradigan illat bu poraxo‘rlik desak, adashmagan bo‘lamiz. Chunki pora olish, pora bilan ishini bitkazishga harakat qilish – bularning barchasi islom ummatini har taraflama orqaga tortadigan, taraqqiyotdan orqada qolishiga sabab bo‘layotgan qabih illat, jamiyat boshidagi ulkan balo va kulfatdir. Islom moliyasi bu birinchi navbatda halol rizq masalasi, deyish mumkin. Alloh taolo bandalariga bu sinov dunyoda tanlov ixtiyorini berib qo‘yganki, banda o‘z rizqini haloldan ham, haromdan ham terishi mumkin. Ammo har ikki holatda ham banda o‘ziga ato etilgan rizqdan ortig‘iga ega bo‘lmaydi, - deydi Hilol jome masjidi Imom noibi Murtozaxon Abdullaxonov.
- Mamlakatimizda korrupsiyani oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilayotgan bo‘lsa-da, huquqni qo‘llash amaliyotida mansabdor shaxslarning korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etayotganlik holatlari hali hamon uchramoqda. Statistik maʼlumotlarga ko‘ra, 2017–2019 yillar davomida 6127 nafar mansabdor shaxsning pora olishi bilan bog‘liq jinoiy javobgarlik masalasi hal qilinganligi, 2019 yilning dastlabki olti oyida jami 661 nafar turli toifadagi mansabdor shaxslarga nisbatan korrupsiya bilan bog‘liq 590 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atilganligi, korrupsiyaga qo‘l urgan va jinoyati fosh qilingan mansabdor shaxslarning 25 nafari respublika, 36 nafari viloyat va 476 nafari tuman-shahar miqyosidagi vazirliklar, idoralar hamda korxona va tashkilotlarda ishlab kelganligi, korrupsiya jinoyatlarining asosan tibbiyot, taʼlim, davlat xizmati ko‘rsatish, xususan tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga litsenziya va ruhsat berish bilan bog‘liq sohalarda hali hamon kamaymayotganligi tashvishlidir, - deydi Shuhrat Xolxo‘jayev. - Xorijiy davlatlar tajribasiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ko‘plab davlatlarda, xususan Singapur, Buyuk Britaniya, Germaniya, AQSH kabi rivojlangan mamlakatlarda “Davlat xizmati to‘g‘risida”gi, “Davlat xizmatida jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi Qonunlar hamda davlat xizmatchilari, mansabdor shaxslar, shuningdek sudyalarning xatti-harakat meʼyorlarini tartibga soluvchi Axloq kodekslari mavjud ekanligini ko‘rishimiz mumkin.
Tadbir davomida ishchi-xodimlarning savollarga mas’ullar batafsil javob berishdi.
Axborot xizmati