Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha OKMK faoliyati ijobiy baholandi

30 Iyun 2025, 16:11 763

Davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar yangi bosqichga kirdi.

Xususan, davlat siyosatida shaffoflik, xolislik, hisobdorlik, raqamlashtirish hamda mas'uliyatli boshqaruvni ta'minlash maqsadida, davlat boshqaruvi hamda iqtisodiyot barcha tarmoqlarida va sohalarida xalqaro standartlarga muvofiq tizimlar joriy etilmoqda.

Jumladan, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati “Management Certification” sertifikatsiya idorasi tomonidan muvaffaqiyatli auditdan o‘tkazilib, ijobiy xulosa berildi.

Bugun OKMK rahbariyatiga ISO 37001:2016 Korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi xalqaro sertifikati shuningdek, Oʻz DSt ISO 37001:2019/ISO 37001:2016 mahalliy sertifikatlari topshirildi.

Ma'lumot uchun ISO 37001:2016 xalqaro standarti - korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimini joriy etish, ishlatish, kuzatish, tahlil qilish va takomillashtirish bo‘yicha xalqaro ko‘rsatmalar va talablarni belgilovchi eng nufuzli xalqaro standart hisoblanadi.

U tashkilotlarga ichki va tashqi korrupsiyaviy xavf va xatarlarni aniqlash, ularnin goldini olish va samarali boshqarishga ko‘mak beradi.

Mazkur sertifikatlar “Olmaliq KMK” AJning faoliyati korrupsiyaga qarshi kurash menejmenti tizimining xalqaro va mahalliy standartlar talablariga muvofiqligini bildiradi hamda Kombinatning barcha darajadagi boshqaruv apparatiga va rahbarlari zimmasiga shaffoflik, ochiqlik va hisobdorlikni muntazam ta'minlash yuzasidan ulkan mas'uliyat yuklaydi.

ISO 37001:2016 xalqaro standarti bo‘yicha Muvofiqlik sertifikatini qo‘lga kiritish nafaqat tashkilotda shaffof boshqaruvni yo‘lga qo‘yish, balki uning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, xalqaro maydonda hamkorlar ishonchini mustahkamlash, Kombinat nufuzini oshirishga va global bozorda Kombinatning raqobatbardoshligini ta'minlashga xizmat qiladi.

ISO 37001:2016 xalqaro standarti xalqaro biznesda ishtirok etayotgan barcha kompaniyalar uchun xalqaro fond bozorlariga kirish uchun eng muhim shartlardan biriga aylanishga ulgurdi.

O‘tgan 2021-2024 yillar hamda 2025-yilning birinchi yarmi mobaynida “Olmaliq KMK” AJ faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish bo‘yicha Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi bilan birgalikda bir qator amaliy chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Jumladan, xalqaro standartlar talabi bo‘yicha Kombinatda 20 dan ziyod ichki idoraviy hujjatlar ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi, Kombinatning 100 dan ziyod funksiya va vazifalari korrupsiyaviy xatarlarga moyilligi baholashdan o‘tkazilib, korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan vazifa va funksiyalardagi korrupsiya xavfi darajasini minimallashtirish bo‘yicha  ta'sirchan va izchil  choralar ko‘rilmoqda. Kombinatda qabul qilingan ichki idoraviy hujjatlar korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazilib, 50 dan ziyod kamchilik yoki nomuvofiqliklar qonunchilik talablariga muvofiqlashtirildi.

Natijada 2024-yilning  yakuni  bilan, “Olmaliq KMK” AJ Samaradorlik  reytingida 102 ta davlat organlari va tashkilotlari o‘rtasida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari samaradorligi reytingida faxrli 11-o‘rinni (85 ball to‘plagan holda, AJlar o‘rtasida 8-o‘rinni egalladi), “Ochiqlik indeksi”da natijalarga ko‘ra, 98 ta respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari – vazirlik, qo‘mita, agentlik, inspeksiyalar va mahalliy davlat hokimiyati organlari orasida 1-o‘rinni (91,8 ball to‘plagan), Raqamlashtirish reytingida 2024-yil yakuni bilan faxrli 4-o‘rinni  (92,5 ball to‘plagan holda) egalladi.

“Olmaliq KMK” AJ rahbariyati va mehnatkash jamoasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi bilan uzviy hamkorlikda kelgusida ham Kombinatda korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari samaradorligini yanada oshirish, egallangan marralarni mustahkamlash hamda yangi maqsad va marralarni zabt etish yo‘lida o‘z sa'yi harakatlarini izchil davom ettiradi.

Shuhrat Jo‘rayev,

Komplayens-nazorat xizmati boshlig‘i v.b.

Bo`lishmoq:
Text to speech