Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Korrupsiyasiz soha — barqaror taraqqiyot garovi

08 May 2026, 16:29 45

“Olmaliq KMK” AJ tarkibiy bo‘linmalarida “Jonajon kombinatimizni korrupsiyadan mutlaqo xoli hududga aylantiraylik!” shiori ostida profilaktik tadbirlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Navbatdagi profilaktik tadbirlar Portlatish materiallari zavodi hamda Kovuldi kon boshqarmasida tashkil etildi.

Тadbirlarda O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasining Olmaliq shahridagi vakili - Olmaliq shahar hokimining diniy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Jamshid Pardayev, OKMK Komplayens bo‘limi mas'ul xodimi Gulnoza Sabriyeva, Тoshkent viloyati IIBB OKMKdagi IIB xodimlari ishtirok etishdi.

- Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 26-dekabrdagi Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasi mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish strategiyasini mutlaqo yangi darajaga olib chiqdi.

Murojaatnomada 2026-yil — korrupsiyaga qarshi kurashda “favqulodda holat” yili deb e'lon qilindi. Bu davlat siyosatida korruptsiyaga nisbatan murosasiz munosabatning eng yuqori bosqichi sifatida belgilandi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. 2026-yilning “favqulodda holat” yili deb e'lon qilinishi korrupsiyaga qarshi kurashni tizimli raqamlashtirish va manfaatlar to‘qnashuviga chek qo‘yish orqali davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishiga aylantirdi. Bu jarayonda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va aholida ushbu illatga nisbatan mutlaqo murosasizlik madaniyatini shakllantirish muvaffaqiyatning asosiy omili etib belgilandi, - deydi Gulnoza Sabriyeva. - Mutaxassislarning fikricha, korrupsiyaga qarshi kurashish nafaqat davlatning, balki butun jamiyatning vazifasi bo‘lib, bunda jamoatchilik nazorati va aholining huquqiy madaniyati hal qiluvchi ahamiyatga ega. Bu borada kombinatda ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, OKMKda korruptsiyaga qarshi kurashish doirasida manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish tizimi yo‘lga qo‘yildi va 2025-yil yakunlariga ko‘ra korxonaning reyting ko‘rsatkichi yuqori 89 ballga yetkazildi. Ko‘rilgan choralar natijasida 1,121 mlrd so‘mlik zarar to‘liq undirildi hamda 1,180 mlrd so‘mlik mablag‘ning samarasiz ishlatilishi oldi olinib, kombinat balansiga qaytarildi.

Shuningdek, tadbirda turli yot diniy oqimlarning ta'siriga tushib qolmaslik, mamlakatimizda ta'qiqlangan saytlarga kirmaslik, bilib-bilmay ekstremistik ruhdagi kontentlarga layk bosmaslik ta'kidlandi.

Bundan tashqari, hozirgi kunda kombinat ishchi-xodimlari o‘rtasida o‘zganing nomiga kredit rasmiylashtirish holatlari uchrayotgani va olingan kreditni vaqtida to‘lanmasligi oqibatida noxush vaziyatlar yuzaga kelayotgani ta'kidlandi. Shuningdek, onlayn qimorlar va kiberjinoyatlarning qurboniga aylanish, firibgarlar tuzog‘iga tushib, shaxsiy bank kartalaridagi mablag‘larni boy berish xavfi yuqoriligi tushuntirildi. Тadbir yakunida har bir xodim nafaqat moliyaviy operatsiyalarda, balki ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishda ham hushyor bo‘lishi, har qanday shubhali harakat uchun qonuniy javobgarlik muqarrar ekanligi qat'iy uqtirildi

Agar siz korrupsiyaviy holatlarga duch kelsangiz yoki shubhali harakatlarni kuzatsangiz, qo‘rqmasdan quyidagi aloqa kanallari orqali xabar berishingiz mumkin. Murojaatchining shaxsi sir saqlanishi to‘liq kafolatlanadi:

Ishonch telefoni: (+998 71) 619 23 33 yoki (+998 71) 619 51 16;

Тelegram bot: @agmk_bot

Elektron pochta: stop.corruption@agmk.uz.

Eslatib o‘tamiz, bu kabi tadbirlar barcha tarkibiy bo‘linmalarda o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, tadbirlarda “Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va bartaraf etish”, “Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish”, shuningdek “Prezidentimizning 2025-yil 26-dekabrdagi O‘zbekiston xalqi va Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasi” kabi mavzular qamrab olinadi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech