Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Korxonada sog‘lom psixologik-ijtimoiy ish muhitini ta’minlaylik

05 May 2026, 14:54 287

Mehnatni muhofaza qilish — bu shunchaki qoidalar yig‘indisi emas, balki ish jarayonida inson salomatligi va xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy, texnikaviy hamda sanitariya-gigiyena chora-tadbirlarining yaxlit tizimidir. Zero, xodim o‘zi faoliyat olib borayotgan joyda xotirjamlikni his qilmas ekan, bu uning ish unumdorligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois, xavfsiz mehnat sharoitini yaratish har qanday ishlab chiqarish korxonasi oldida turgan asosiy vazifa hisoblanadi.

Aynan mana shunday g‘oyalarni keng targ‘ib qilish maqsadida har yili dunyoda 28-aprel – Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni sifatida keng nishonlanadi. Mazkur sana munosabati bilan OKMKda “Sog‘lom psixologik-ijtimoiy ish muhitini ta’minlaylik” mavzusida kengaytirilgan seminar tashkil etildi.

Joriy yilning 30-aprel kuni “Metallurg” madaniyat saroyida bo‘lib o‘tgan tadbirda Sog‘liqni saqlash vazirligi mutaxassislari, Toshkent davlat tibbiyot universiteti, Sanitariya, gigiyena va kasb kasalliklari ilmiy-tadqiqot instituti professor-o‘qituvchilari, Olmaliq sanoat xavfsizligi inspeksiyasi, OKMK xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi hamda Mehnat muhofazasi va sanoat xavfsizligi departamenti mas’ullari ishtirok etishdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar quyidagi mavzularda ma’ruzalar qilishdi:

  • “Qulay psixo-ijtimoiy ish muhiti: xodimlarning farovonligi va tashkilotning yuksalish sari yo‘li”;
  • OKMKda 2026–2028-yillarga mo‘ljallangan siyosat;
  • Korxonalarda davriy tibbiy ko‘riklar tizimini optimallashtirish;
  • Konchilik sanoatida kasb kasalliklarining oldini olishda innovatsion texnologiyalar;
  • Stressni boshqarish va sog‘lom mehnat madaniyati;
  • Yer osti konlarining mehnat sharoitlarini gigiyenik baholash va ishchilarda yurak-qon tomir kasalliklari profilaktikasi.

Soha mutaxassislari va mehnat muhofazasi bo‘yicha mas’ullar uchun ochiq muloqot maydoni yaratilib, unda xavfsizlik madaniyatini quyi bo‘g‘indan boshlab shakllantirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.

Seminar yakunida mehnat muhofazasi sohasida fidokorona faoliyat yuritib kelayotgan bir guruh ishchi-xodimlar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

Shuningdek, tadbir doirasida sanoat korxonalari uchun tikilgan maxsus kiyimlar hamda birlamchi himoya vositalari ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Mazkur seminar ish jarayonlarida inson omilini qadrlash, xavfsizlik madaniyatini shakllantirish va xodimlarning salomatligini asrab-avaylash kabi dolzarb masalalarga qaratilganligi bilan muhim ahamiyat kasb etdi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech