• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Loyiha yangi ish o‘rinlari yaratilishini va qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni ta'minlaydi

03 Aprel 2024, 9:2 974

Ma'lumki, ayni kunlarda kombinatda amalga oshirilayotgan “Yoshlik-1 konini o‘zlashtirish” investitsiyaviy loyihasi doirasida barpo etilishi ko‘zda tutilgan yangi metallurgiya majmuasini qurish bo‘yicha jamoatchilik eshituvlari o‘tkazilmoqda.

Navbatdagi jamoatchilik eshituvi joriy yilning 2-aprel kuni “Ishchilar shaharcha”sida tashkil etildi.

Mazkur tadbirda Qonunchilik palatasi deputati Qizilgul Qosimova, Xalq deputatlari Olmaliq shahar Kengashi deputatlari, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mas'ullari va mutaxassislari, Mis eritish zavodi ishchi-xodimlari ishtirok etishdi.

Tadbir davomida loyihaning taqdimoti o‘tkazildi.

Taqdimotda Prezidentning bir qator qarorlari bilan mamlakatimizda mis sanoati klasterini jadal rivojlantirish belgilanganligi qayd etib o‘tildi. Mis sanoati klasteriga kiradigan korxonalar uchun asosiy xom-ashyo sifatida kombinatda ishlab chiqariladigan mis katodi hisoblanadi.

Mis eritish zavodining yillik ishlab chiqarish quvvati 148,5 ming tonna mis katodini tashkil etadi. Yangi barpo etilayotgan 3-Mis boyitish fabrikasidan chiqadigan konsentratdan mis katodini olish uchun mavjud quvvatlar yetarli emasligini inobatga olib, metallurgiya majmuasi quvvatlarini kengaytirish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, hozirda respublika bo‘yicha sulfat kislotasiga talab yiliga 1,8-1,9 mln tonnaligini hisobga oladigan bo‘lsak yangi metallurgiya kompleksining barpo etilishi naqadar muhim ahamiyat kasb etishini anglaymiz. Shuningdek, mineral o‘g‘itlar ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun ham sulfat kislotasi asosiy xomashyo hisoblanadi va hozirda yiliga o‘rtacha 1 mln tonna sulfat kislotasi ist'emol qiladi.

Yana bir diqqatga molik jihat, oltin ishlab chiqarish 1,7 barobarga, kumush esa 1,3 barobarga ortishi respublika oltin-valyuta zaxiralarini ko‘payishiga, zargarlik sanoati korxonalari rivojlanishiga xizmat qiladi.

Shu sababdan, respublikaning elektrotexnika, zargarlik, kimyo va uran sanoati korxonalari quvvatlarini oshirish, respublika yalpi ichki mahsulot hajmini ko‘paytirish hamda oltin-valyuta zaxiralarini oshirish uchun kombinatda metallurgiya kompleksi quvvatlarini kengaytirish katta ahamiyatga ega.

Yangi metallurgiya majmuasi jahonning yetakchi kompaniyalari tomonidan taqdim etiladigan eng ilg‘or texnologiya va texnologik uskunalar bilan jihozlanadi.

Ma'lumot uchun: majmua qurilishi natijasida texnologik zararli gazlarni ushlab qolish darajasi 30 foizga ortadi. Ko‘plab yangi ish o‘rinlarini ham yaratilishini alohida ta'kidlash joiz.

Tadbirda mas'ullar tomonidan loyihaning Olmaliq shahar rivojida tutgan o‘rni, hudud ekologiyasini yaxshilash borasidagi roli haqida ham to‘liq ma'lumotlar taqdim etildi.

Aziz hamshaharlar, Sizlarda loyiha bo‘yicha taklif va e'tirozlaringiz bo‘lsa ularni (+998 70) 619-23-33 telefon raqamiga yoki info@agmk.uz elektron manziliga yuborishingizni so‘rab qolamiz.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech