Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Mahalliylashtirish dasturi — iqtisodiy barqarorlik va mustaqillik garovi

11 Sentyabr 2026, 8:5 136

Bugungi kunda dunyoda kechayotgan turli siyosiy va iqtisodiy ziddiyatlar fonida xalqaro ishlab chiqarish zanjirlari uzilib, import mahsulotlarini olib kelishda jiddiy logistika muammolari yuzaga chiqmoqda. Cheklanishlar, transport yo'laklarining o'zgarishi va yuk tashish muddatlarining uzayishi natijasida xorijdan keltiriladigan asbob-uskunalar, butlovchi qismlar va xomashyolarning narxi keskin oshib ketishi kuzatilmoqda. Bu esa yirik sanoat korxonalarining barqaror faoliyatiga va ishlab chiqarish sur'atlariga bevosita salbiy ta'sir ko'rsatmoqda.

Mana shunday murakkab global sharoitda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan hayotga tatbiq etilayotgan Mahalliylashtirish dasturi ushbu tizimli muammolarga eng samarali va strategik yechim bo'lib xizmat qilmoqda. Korxonalarda ichki imkoniyatlarni safarbar etgan holda import o'rnini bosuvchi mahsulotlarni o'z kuchimiz bilan ishlab chiqarish nafaqat tashqi bozorga bo'lgan qaramlikka chek qo'ymoqda, balki bir qator imkoniyatlarni ham yaratmoqda.

Xususan, xarajatlar sezilarli darajada optimallashmoqda. Xorijdan valyuta hisobiga sotib olinadigan va qimmat logistika evaziga yetkaziladigan detallarning korxonaning o'zida tayyorlanishi mahsulot tannarxini bir necha barobarga arzonlashtirmoqda.

Buyurtma berish, bojxona rasmiylashtiruvi va uzoq masofadan yuk kutish muddatlari barham topib, uskunalarni ta'mirlash va tiklash tezkorligi oshmoqda. Bu esa ishlab chiqarishdagi to'xtab qolishlarning oldini olyapti va vaqt yo'qotishlarini qisqartiradi.

Iqtisodiy mustaqillik mustahkamlanmoqda. Mahalliy xom ashyo va milliy resurslardan oqilona foydalanish hisobiga mamlakat ichida yangi va mustahkam ishlab chiqarish zanjirlari, yuksak muhandislik va texnologik mahorat maktablari yaratilmoqda.

Buni Olmaliq kon-metallurgiya kombinati misolida oladigan bo'lsak, kombinatda mahalliylashtirish dasturining bosh ijrochisi sanalgan Markaziy ta'mirlash mexanika zavodida salmoqli natijalarga erishilayotganiga guvoh bo'lamiz.

Ayniqsa, so'nggi yillarda kombinatimizning bosh mega-loyihasi hisoblangan yangi 3-Mis boyitish fabrikasi uchun zavod mehnat jamoasi tomonidan bir qator muhim, yuqori texnologik ehtiyot qismlar hamda yirik hajmli konstruksiyalar mahorat bilan tayyorlanib, o'z vaqtida yetkazib berilayotgani diqqatga sazovordir.

Xususan, 3-MBF ehtiyojlari uchun import qilingan mahsulotlardan, bugungi kunga qadar 137 ta tovar pozitsiyasi bo'yicha jami 200,4 mlrd so'mlik mahsulotlarni mahalliy ishlab chiqarish o'zlashtirildi. Bu yakuniy natija emas, import mahsulotlari talab va ehtiyojlardan kelib chiqqan holda ishlab chiqarilishi davom ettiriladi.

Ishlab chiqarilayotgan mahalliylashtirilgan mahsulotlarning eng katta qismi MTMZ hissasiga to'g'ri keladi. Korxonada 2026 yil oxirigacha  80 turdagi 306,6 mlrd so'mlik mahsulot ishlab chiqarilishi ko'zda tutilgan. Ular orasida texnologik uskunalar uchun futerovkalar, sitolar, roliklar, metall konstruksiyalar, koroblar, traversalar va boshqa ehtiyot qismlar mavjud.

Faktlarga diqqatimizni qaratadigan bo'lsak, 2026 yilda zavodda bir qator import mahsulotlarini ishlab chiqarish o'zlashtirildi. 

Jumladan, 3-MBFda foydalaniladigan bunkerlar futerovkasining 16 ta pozitsiyasi mahalliylashtirildi. Ushbu ehtiyot qismlarni ishlab chiqarishning o'zlashtirilishi texnologik ishlab chiqarish jarayonida mexanik ta'sir va ishqalanib yemirilish sharoitida ishlovchi uskunalarni himoya qilishning eng muhim detallariga bo'lgan ehtiyojni ta'minlash imkonini berdi.

Shuningdek, KSD-3000 konusli maydalagichi uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarishni o'zlashtirish ham alohida ahamiyatga ega. Bundan tashqari, zavodda bugungi kunda qo'zg'almas va qo'zg'aluvchan hamda yuqori zirhlar kabi o'ta muhim detallarni ishlab chiqarish mahalliylashtirilib, ishlab chiqarilmoqda.

Ushbu ehtiyot qismlar maydalagichning ish jarayoni bilan bevosita bog'liq bo'lib, ekspluatatsiya jarayonida sezilarli yuklamalarga duch keladi. Shu sababli, ularni tayyorlash yuqori darajadagi texnologik tayyorgarlikni, detallarning geometriyasiga, metall sifatiga va tayyor mahsulotning ishonchliligiga qo'yiladigan talablarga qat'iy rioya qilishni talab etadi.

Zavod mehnat jamoasi 3-Mis boyitish fabrikasini nafaqat ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlar bilan ta'minlabgina qolmay, balki yirik ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirishda ham faol ishtirok etmoqda. Fabrika qurilishi doirasida zavod mutaxassislari tomonidan tom qismi uchun metall fermalar ishlab chiqarildi va ular keng ko'lamli qurilish-montaj ishlari majmuasining bir qismiga aylandi.

Bunday konstruksiyalarni tayyorlash yuqori aniqlikni, loyihaviy yechimlarga rioya qilishni, metallni sifatli tayyorlashni, payvandlash ishlarini olib borishni va tayyor mahsulot ishlab chiqarilishini qat'iy nazorat qilishni talab etadi.

2026 yilda mahalliylashtirishning yana bir muhim yo'nalishi — 1600 va 1800 tipidagi tasmali konveyerlarning tortuvchi barabanlarini ta'mirlashni o'zlashtirishi bo'ldi.

Konveyer uskunalari boyitish texnologik zanjirining eng muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Xomashyo va tayyor mahsulotni tashishning barqarorligi uning ishonchli va uzluksiz ishlashiga bevosita bog'liqdir.

Ilgari bunday ishlarni bajarish tashqi tashkilotlarni jalb qilishni yoki tegishli mahsulotlarni sotib olishni talab qilishi mumkin edi. Ta'mirlashni bevosita zavod kuchi bilan o'zlashtirilishi uskunalarni tiklash tezkorligini sezilarli darajada oshirish, to'xtab qolish vaqtlarini qisqartirish va ishlab chiqarish obyektlarining zarur texnik tayyorgarlik darajasini ta'minlash imkonini beradi.

Bundan tashqari, joriy yilda zavod tasma kengligi 1400 mm bo'lgan konveyer uchun diametri 840 mm li tortuvchi baraban ishlab chiqarishni o'zlashtirdi. Bu korxonaning o'z kuchi bilan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turi izchil kengayayotganining yana bir misolidir.

Mahalliylashtirilgan mahsulotlar orasida lentali ta'minlagichlar uchun tushirish qutisi ham bor bo'lib, uskunalarning to'xtashlarsiz, barqaror ishlashi mana shu detalning sifatiga bog'liq.

Bugungi kunda zavod mehnat jamoasi turli murakkablikdagi va turli maqsadlarga mo'ljallangan butlovchi va ehtiyot qismlarni ishlab chiqarishni izchil o'zlashtirib borayotgani yuqori qiymatga ega. Alohida ehtiyot qismlardan tortib yirik hajmli konstruksiyalargacha ishlab chiqarayotgan korxona ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirmoqda va tashqi yetkazib beruvchilarga bo'lgan qaramlikni kamaytirmoqda.

Bir so'z bilan aytganda mahalliylashtirish dasturi — bu shunchaki import butlovchi qismlarni mahalliy mahsulotlar bilan almashtirish emas balki  korxonaning ishlab chiqarish mustaqilligini mustahkamlash, ehtiyot qismlarni yetkazib berish muddatlarini qisqartirish, uskunalar sotib olish xarajatlarini kamaytirish va shu bilan birga muhandislik hamda texnologik ko'nikmalarni rivojlantirish imkonini beruvchi eng muhim yo'nalishdir.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech