• Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Mahalliylashtirish dasturi: yutuqlar va istiqbollar

27 Yanvar 2023, 8:46 870

Tayyor mahsulot ishlab chiqarishda mahalliylashtirish darajasini oshirish iqtisodiyotni yanada barqaror va izchil rivojlanishida, uning tashqi omillarga tobeligini pasaytirishda, ishlab chiqarish jarayonlariga yangi samarali texnologiyalarning tatbiq etilishini jadallashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. “Olmaliq KMK” AJda bu jarayonlar ishlab chiqarishning tarkibiy qismiga aylangan holda mahalliylashtirish dasturi asosida o‘zlashtirilayotgan mahsulotlar import o‘rnini qoplab, eksportga ham yo‘naltirilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 10-yanvar kuni sanoatni rivojlantirish hamda qo‘shimcha zahiralarni aniqlash masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham bugungi o‘zgaruvchan sharoitda iqtisodiyotimizning barqaror o‘sishini ta'minlashda ichki imkoniyatlarni ishga solish, ya'ni tayyor import mahsulotlarni o‘zimizda ishlab chiqarish va mahalliy sanoatni yanada rivojlantirish muhim o‘rin tutishi alohida qayd etildi. Mutasaddilarga sanoat kooperatsiyasini kengaytirib, 6 milliard dollarlik mahalliylashtirish loyihalarini amalga oshirish, hududiy investitsiya dasturlariga kiritilgan 3 mingga yaqin loyihalarni vaqtida ishga tushirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Mazkur muhim yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar xususida OKMK Mahalliylashtirish bo‘limi boshlig‘i Dilshod Xoldaraliyev quyidagi fikrlarni bildiradi.

- Mamlakatimiz rahbarining 2022-yil 24-yanvardagi “Respublikada ishlab chiqarishni rivojlantirish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirishning samarali tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga asosan, 2022-yilda 97 ta loyiha bo‘yicha 208,7 mlrd so‘mlik mahalliylashtirilgan mahsulotlar kombinat tomonidan ishlab chiqarilishi belgilab berilgan. Ushbu loyihalarga qo‘shimcha ravishda 28,2 mlrd so‘mlik 11 ta yangi loyihalar bo‘yicha ham mahsulotlar ishlab chiqarilishi boshlandi. Jami loyihalar soni 108 taga yetib, ularning bashorat rejasi 236,9 mlrd so‘mni tashkil etdi.

Shuningdek, o‘tgan yilning yanvar-dekabr oylarida mahalliylashtirish dasturi doirasida rejalashtirilgan 108 ta loyiha bo‘yicha amalda 334,1 mlrd so‘m mahsulotlar ishlab chiqarilib, bashorat ko‘rsatkichi (236,9 mlrd so‘m) 141,0 foizga bajarildi va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish 153,8 foizni tashkil etdi. Barcha loyihalar bo‘yicha reja ko‘rsatkichlari bajarilishiga erishildi hamda 579,1 ming dollarlik mahsulot eksport qilindi.

Import o‘rnini bosish samaradorligi 29,7 mln dollarni tashkil etdi. Yana bir muhim jihat: 2021-yilda mahalliylashtirish dasturi doirasida 217,2 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan bo‘lsa, o‘tgan hisobot yilida bu ko‘rsatkich 334,1 mlrd so‘mni tashkil etdi. 2026 yilga kelib bu ko‘rsatkich deyarli 11 barobarga oshishi yoki 3 463,3 mlrd so‘mni tashkil etishi kutilmoqda. Ushbu mahsulotlarning asosiy qismi tog‘-kon, tegirmon va yanchish uskunalari uchun ehtiyot qismlardan iborat. Bunda tayyor mahsulotlarning ham salmog‘i yuqori bo‘ladi.

2022-2023 yillar davomida molibden uch oksidi, volfram karbidi, volfram angidridi, qattiq qotishmali mahsulotlar - sverlo va frezalar, rangli quymalar, Warman 150 QRC-BH nasosi uchun ehtiyot qismlar, yuqori haroratlarga bardoshli keramika mahsulotlari, tegirmonlar zirh qoplamalari, yanchish uskunalari zirhlarini ishlab chiqarish o‘zlashtirilgani diqqatga molikdir.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Raqamli transformatsiya markazining elektron kooperatsiya portali orqali jami 1 221,5 mlrd so‘mlik shartnomalar tuzildi.

2022-yilda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish doirasida mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan import o‘rnini bosuvchi 33 ta yangi turdagi mahsulotlar o‘zlashtirilib, ularni xarid qilish bo‘yicha 375 mlrd so‘mlik shartnomalar imzolandi. Ferromarganes, fil'trlovchi yenglar, portlovchi komponentlar(yog‘li faza Chilon Eko 2), emulgator 2820, ksantogenat kaliy-butil, sulfid natriy, cho‘yandan tormoz kolodkasi, temir yo‘l uchun ehtiyot qismlar, yog‘och shpalalar va boshqalar shular jumlasidandir.

2023-yil uchun belgilangan vazifalar xususida to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsam, joriy yilda 138 ta loyihalar(shundan 49 ta yangi loyiha) bo‘yicha 573,8 mlrd so‘mlik mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarish rejalashtirilib, o‘sish sur'ati 1,7 barobarni tashkil etadi.

Bu yilda palladiy mahsuloti, tegirmonlar va nasoslar uchun ehtiyot qismlar, yangi turdagi freza va sverlolar, olovga bardoshli shamot g‘ishtlari, misdan yangi turdagi quvurlar kabi mahsulotlar o‘zlashtiriladi.

“Olmaliq KMK” AJ tomonidan mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni o‘zlashtirish bo‘yicha men yuqorida ta'kidlab o‘tgan sanoat kooperatsiyasi asosida ishlab chiqarishni o‘zlashtirish ishlari izchil davom ettiriladi.

2022 yilda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tarkibiga kiruvchi “Quyuv-mexanika zavodi” ShK tomonidan 73 turdagi mahsulotlarni o‘zlashtirish imkoni o‘rganib chiqilib, 15 turdagi mahsulotlar, “Apetiks” MChJ tomonidan 15 turdagi, “Inter Texno Prom” MChJ tomonidan 10 turdagi, “Farg‘ona izlanish ixtiro” MChJ tomonidan 10 turdagi, “Karbon Polimer” MChJ tomonidan 4 turdagi, “Chilon” MChJ tomonidan 2 turdagi, shuningdek yana boshqa mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan 12 turdagi, jami bo‘lib 68 turdagi yangi mahsulotlarni o‘zlashtirishga erishildi.

Shuningdek, “Olmaliq KMK” AJ tomonidan 2022-yilning 11-12 oktyabr kunlari o‘tkazilgan sanoat yarmarkasi doirasida mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan 961,7 mlrd so‘mlik 325 turdagi mahsulotlarni keyingi yillarda o‘zlashtirish va uni sotib olish bo‘yicha o‘zaro kelishuvlar tuzildi. Shu jumladan, “Shatakka olish” mexanizmi orqali import o‘rnini bosuvchi yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha ishlar keng miqyosda olib borildi. Buning natijasida yuzga yaqin mahsulotlar sanoat kooperatsiyasi asosida mahalliylashtirilishi kutilmoqda. Xususan, “Olmaliq quyuv mexanika zavodi” MChJ tomonidan 35 turdagi 250 mlrd so‘mlik quyma mahsulotlar ishlab chiqarish, “Nurafshon maxsus texnikalar” MChJ tomonidan 360 mlrd so‘mlik yuk ko‘tarish quvvati 300-320 tonnalik karyer o‘zi ag‘daruvchi transport vositalarini ishlab chiqarish, “Karbon Polimer” MChJ tomonidan turli ftoroplast, rezina, polimer va grafit mahsulotlaridan butlovchi va ehtiyot qismlarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

“Shatakka olish” tizimi doirasida hozirda loyiha qiymati 5,1 mln dollar bo‘lgan “Deutsche innovation Technologie AGMK” MChJ tomonidan 200 mlrd so‘mlik turli geokompozit, polimer va stekloplastik mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.

Shu bilan birga, “shatakka olish” tizimi bo‘yicha import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarish uchun “Olmaliq quyuv mexanika zavodi” MChJ ishga tushirilishi va 200 nafar yangi ish o‘rni yaratilishi kutilayapti. 2023 yilda kombinat ehtiyojlari uchun koks maydasi, temir yo‘l vagonlari uchun quyma mahsulotlar, ferromarganes va ferroxrom xom ashyolar kabi mahsulotlarni o‘zlashtirish bo‘yicha mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan ishlar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

Kombinat ishlab chiqarish tizimining mahalliylashtirilgan mahsulotlar hajmini yildan-yilga oshib borishi men yuqorida ta'kidlab o‘tgan ishlar va belgilab olingan istiqbolli maqsadlarning hosilasidir. Shu o‘rinda mahalliylashtirish dasturining bosh ijrochisi bo‘lib kelayotgan Markaziy ta'mirlash mexanika zavodi, Rux zavodi, Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish bo‘yicha Ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi kabi jamoalar mehnati va tashabbuslarini alohida ta'kidlab o‘tishim zarur bo‘ladi. Birgina MTMZ tomonidan 138544.1 mln so‘mlik mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarish bashorat qilingan bo‘lsa, amalda bu ko‘rsatkich 224 709,5 mln so‘mga yoki 166,25 ga bajarildi. Kombinatning bosh ta'mir korxonasi tomonidan o‘tgan yili mahalliylashtirish dasturi doirasida yangi 7 ta pozisiyada mahsulotlar ishlab chiqarilishi o‘zlashtirildi. Bu yo‘lda MTMZ texnik bo‘limi boshlig‘i Rustam Parpiev, Quyish, temirchilik-payvandlash, Mexanika-yig‘uv, Avtotransportlar va maxsus texnikalarni ta'mirlash sexlari boshliqlari Farhod Maksumov, Shuhrat Karimov, Rustam Doniyarov, Ilhom Jo‘raevlarning g‘oya va takliflari, yangi ishlanmalarni joriy etiishdagi tashabbuslari diqqatga molik bo‘ldi, deyish mumkin.

Mahalliylashtirish yo‘nalishida faoliyatimizning muvaffaqiyatli tashkil etilishi o‘ta yuqori aniqlikdagi yuqori sifatli quymalar, konstruksiyalar, uskuna, jihozlar va butlovchi hamda turli mo‘ljallanishdagi muhim ehtiyot qismlarning uzluksiz tayyorlab berilishiga ham bog‘liq. Bu maqsadga erishish yo‘lida ana shu korxonalarning o‘rni alohida bo‘lmoqda.

Hasan ABDULLAYEV yozib oldi

Bo`lishmoq:
Text to speech