Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Mahalliylashtirish dasturining yuksak samarasi

18 Sentyabr 2026, 8:10 113

Bugungi kunda mamlakatimiz sanoat tarmoqlarida ichki imkoniyatlarni to'liq safarbar etish, mahalliy xomashyo va resurslardan oqilona foydalanish orqali iqtisodiy mustaqillikni ta'minlash ustuvor vazifaga aylangan. Bu borada Olmaliq kon-metallurgiya kombinati bilan yaqin hamkorlikda Mahalliylashtirish dasturi doirasida faoliyat yuritayotgan «OLMALIQ QUYUV MEXANIKA ZAVODI» MCHJ salmoqli yutuqlarni qo'lga kiritib kelmoqda. Korxonaning asosiy maqsadi yirik sanoat gigantlari va eng avvalo, kombinat uchun yuqori sifatli, import o'rnini bosuvchi ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlarni ishlab chiqarishni o'zlashtirishdan iboratdir.

Hozirgi vaqtda korxona tomonidan dastur doirasida tog'-kon metallurgiya uskunalari, og'ir kon texnikalari, shuningdek, temir yo'l vagonlari va harakatlanuvchi tarkib uchun keng turdagi ehtiyot qismlar ishlab chiqarilmoqda. Xususan, kon texnikalari uchun ekskavator cho'michi tishlari, devorlari, zanjir bo'g'inlari, tishli g'ildiraklar hamda temir yo'l transporti uchun vagon aravachalari elementlari, tormoz tizimlari kabi muhim detallar tayyorlanmoqda.

Ayniqsa, mega loyiha doirasida barpo etilgan 3-Mis boyitish fabrikasi obyektlari uchun, MShS 7,3×13 tegirmonlariga futerovkalar, bunkerlar va plastinchali ta'minlagichlar uchun futerovkalar, konveyrlar hamda nasoslar uchun zirhli disklar va ishchi g'ildiraklar ishlab chiqarish o'zlashtirilmoqda. Barcha mahsulotlar yuqori chidamli po'lat va cho'yan markalaridan tayyorlanib, ishqalanib yeyilishga yuqori bardoshliligi bilan ajralib turadi.

2026 yilda korxona tomonidan 3-MBF uchun 22 turdagi 45,5 mlrd so'mlik mahsulot ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan.

Korxonada loyihalashdan tortib tayyor mahsulotgacha bo'lgan to'liq texnologik sikl shakllantirilgan. Dastlabki bosqichda chizmalar o'rganilib, ProCast va LVMFlow kompyuter dasturlari yordamida quyish jarayoni raqamli modellashtiriladi. Bu esa hali ishlab chiqarish boshlanmasdan turib, detallarda texnologik nuqsonlar paydo bo'lishining oldini oladi. Korxona IST-3 induksion pechlari, DSP-6M po'lat eritish pechi, avtomatik qoliplash liniyalari va raqamli dasturli boshqaruv tizimidagi zamonaviy frezerlash, yo'nishni qayta ishlash dastgohlariga ega. Tayyor mahsulotlar attestasiyadan o'tgan xususiy laboratoriyada optik-emission tahlil va mexanik sinovlardan o'tkazilgach, davlat standartdi talablari asosida iste'molchiga topshiriladi.

Mahalliy korxonalar bilan hamkorlik qilish OKMK uchun juda katta iqtisodiy va strategik afzalliklar taqdim etmoqda. Ilgari xorijdan olib kelinishi 6 oygacha vaqt talab qilgan import detallar, bugungi kunda zavodning mahalliy quvvatlari hisobiga atigi 1 oy ichida tayyorlanib, yetkazib berilmoqda. Bu esa tashqi logistika xarajatlari va havf-xatarlarni keskin kamaytirib, texnologik uskunalarning to'xtab qolishini oldini oladi va korxona ishining uzluksizligini kafolatlaydi. Bugungi kunda OKMK uchun ishlab chiqarish va yetkazib berish hajmi qariyb 450 milliard so'mni tashkil etib, ishlab chiqarishda qo'llaniladigan xomashyoning 90 foizi mahalliy resurslardan iboratdir. Istiqbolda zavod murakkab quyma detallar nomenklaturasini yanada kengaytirishni, raqamli modellashtirishni rivojlantirishni va ichki sanoat kooperasiyasini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqishni rejalashtirgan.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech