Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Mahalliylashtirish samarasi: Yangi boyitish majmuasi MTMZ uskunalari bilan jihozlanadi

23 Yanvar 2026, 8:45 645

Sanoat korxonalarida mahalliylashtirish dasturi iqtisodiy mustaqillikni mustahkamlash, ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish va milliy iqtisodiyotni barqaror rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Markaziy ta’mirlash mexanika zavodi(MTMZ) ayni shu yo‘nalishda, ya’ni import qilinayotgan tovarlar o‘rnini mahalliy xomashyo va ichki imkoniyatlar asosida ishlab chiqarilgan mahsulotlar bilan almashtirishga qaratilgan loyihalarning ijrochisi sifatida samarali faoliyat olib bormoqda. Ma’lumot uchun zavod mehnat jamoasi tomonidan 2025-yilda 266 mlrd so‘mlik mahsulotlar tayyorlanib, reja 106,1%ga ortig‘i bilan bajarildi.

Ayni kunlarda zavodning Quyish, Temirchilik-payvandlash, Mexanika yig‘uv sexlarida 2-mis boyitish fabrikasi hududida barpo etilayotgan yillik quvvati 5 mln tonna ma’danni qayta ishlashga mo‘ljallangan yangi boyitish majmuasi uchun zaruriy barcha uskuna va qurilmalar tayyorlanmoqda.

MTMZ Temirchilik-payvandlash sexi uchastka boshlig‘i Sayfiddin Pardaboyevning ta’kidlashicha, sexda ayni kunlarda boyitish majmuasi uchun 3 dona tegirmon barabanlari tayyorlanmoqda.

Shuningdek, zavodning avtotransportlar va maxsus texnikalarni ta’mirlash sexida yangi inshootda foydalaniladigan ma’dan tashishga mo‘ljallangan 20dan ortiq turdagi konveyerlar ishlab chiqarilayotgan bo‘lsa, qolgan uchastkalarda obyektning maydalash bosqichi uchun spiral klassifikator, sharli tegirmonlar, gidrosiklonlar, saralash jarayonlariga inversion g‘alvirlar, markazdan qochma nasoslar, pnevmo-mexanik flotamashinalar, maydalagichlar uchun butlovchi va ehtiyot qismlari ham ishlab chiqarilmoqda.

Ta’kidlash kerakki yangi fabrikaning barcha texnologik uskunalari MTMZda tayyorlanishi rejalashtirilgan. Bu o‘z navbatida import xarajatlarni qisqartirish orqali OKMK uchun iqtisodiy samara keltirib, barqaror rivojlanishga zamin yaratadi.

Ma’lumot uchun:ayni kunlarda 2-Mis boyitish fabrikasida yangi boyitish majmuasini qurish ishlari amalga oshirilmoqda. “Yoshlik I” koni ma’danini qayta ishlashga mo‘ljallangan boyitish majmuasida yiliga 5 mln tonna ma’dan qayta ishlanib, 74,2 ming tonna konsentrat olinadi. Natijada mis katodi, oltin va kumush kabi qimmatbaho metallarni ishlab chiqarish hajmi oshiriladi. Ushbu loyiha ishga tushishi natijasida 600 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Tovar mahsulot hajmi ham oshib, byudjetga to‘lovlar ham ko‘payadi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech