Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33...Bugun biz dunyoda imperiyaparastlik va shovinizm bosh ko‘tarayotgan, tajovuz va tahdid tobora ortayotgan, tarixni buzib talqin qilish kuchayayotgan, kamsitish, bosqinchilik, vayronkorlik va bir-biriga qarama-qarshi qo‘yish, adovat qo‘zg‘ash, urushlarni moliyalashtirish, ichki ishlarga aralashish ochiq-oydinlik kasb etayotgan ziddiyatli va murakkab bir davrda yashayapmiz.
Mustaqil davlatlarga tahdidlar turli ko‘rinishlarda namoyon bo‘lyapti. Ba'zan unga beparvo qaraymiz, ba'zida kampaniyabozlik qilib, kimo‘zarga javob qaytaramiz. Lekin biz millat sifatida anglab yetishimiz zarur bo‘lgan bir haqiqat bor. Mustaqillik uchun kurash qachonki, unga nisbatan tahdidlar yuz bergandagina ko‘zga tashlanmasligi kerak. Bu ojiz qarash bilan mutlaqo murosa qilib bo‘lmaydi. Zero, mustaqillik uchun jang mamlakat va millat bor ekan, hech qachon to‘xtamaydi...
Ushbu fikr-mulohazalar Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a'zosi Rustam XOLMURODOV muallifligida “Xalq so‘zi” gazetasida chop etilgan “Vatan mustaqilligi, millat taqdiri uchun kurash — abadiy kurash nomli maqolasida bildirilgan. Shuningdek, muallifning “Xalq so‘zi” gazetasida “Ma'naviy immunitet nima va u qanday shakllantiriladi?” deya nomlangan maqolasi ham nashr etilgan bo‘lib, unda ma'naviyatning bugungi hayotimizdagi o‘rni, uning mazmun-mohiyati to‘liq tushuntirib berilgan.
Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tarkibiy bo‘linmalarida OKMK Ma'naviyat va ma'rifat kengashi tashabbusi bilan o‘tkazib kelinayotgan “Ma'naviyat soati” tadbirlarida Rustam Xolmurodovning aynan yuqoridagi ikki maqolasi keng muhokama etilmoqda.
Jumladan, Sanoat temiryo‘l transport boshqarmasi sexlari, uchastka va bo‘linmalarida tashkil etilgan tadbirda ham korxona kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi U.Artikbayev va Yoshlar ittifoqi raisi J.Abdurazzakov maqolada keltirilgan ma'lumotlarni ishchi-xodimlarga yetkazishdi.
Shuningdek, bu kabi tadbirlar Kovuldi koni mehnat jamoasida ham tashkil etildi. Kon kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Anorboy Yusupovning ma'lum qilishicha, tadbirda maqolada bildirilgan fikr-mulohazalar keng muhokama etilgan. Ayniqsa, muallifning “Mustaqillikning bebaho imkoniyatlarini, buyuk evrilishlarini, ulug‘ istiqbollarini anglash uchun mustabid tuzumning kirdikorlaridan xabardor bo‘lish kerak. O‘sha ayanchli tarixni chuqur o‘rganish kerak. Bobolarimiz qanchalik xo‘rlanganini, toptalganini, qatag‘on qilinganini, millatning aqli, bilimi, o‘tmishi ayovsiz yo‘q qilinganini taftish etadigan payt allaqachon kelgan.” degan fikrlari barchamizni yanada ogoh bo‘lishga chorlaydi, - deydi A.Yusupov.
Ijtimoiy ob'yektlar boshqarmasi tasarrufidagi 28-, 7-, 12-, 34-, 21- hamda 18-sonli maktabgacha ta'lim tashkilotlarida ham tashkil etilgan “Ma'naviyat soati” tadbirlari qizg‘in munozaralarga boy bo‘ldi.
- Muallifning maqolada keltirgan quyidagi fikrlari bizni qattiq ta'sirlantirdi, - deydi IOB kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Farog‘at Matkarimova.
“Ma'naviyat buyuk tariximiz va bugunning o‘rtasida mustahkam ko‘prik bo‘lishi kerak. Ma'naviyat — ona tuproq, ma'naviyat — bizni ulg‘aytirgan beshik. Ma'naviyat — ona tilimiz. Ma'naviyat — dunyoda boru yo‘g‘imiz. Undan ayro tushishni mutlaqo tasavvur qilib bo‘lmaydi.
Buyuk avar shoiri Rasul Xamzatov Fransiyaga borganida bir paytlar Dog‘istondan Parijga kelib qolgan vatandoshini uchratadi. U bilan suhbatlashadi va uning salomini yo‘llariga ko‘z tikib o‘tirgan onasiga keltiradi.
Shunda onasi so‘radi:
— Sizlar avarcha so‘zlashdinglarmi?
— Yo‘q, biz tarjimon yordamida gaplashdik. Men ruscha gapirdim. U fransuz tilida.
Ona yuziga qora chodrasini tushirdi. Bizda onalar o‘z o‘g‘lining o‘lganini eshitganda shunday qilishadi...
Mana, ma'naviyat nima uchun kerak! Ma'naviyatni yo‘qotib qo‘yish qanday yomon oqibatlarga olib kelishini yuqoridagi misol ham ko‘rsatib turibdi.
Bu kabi tadbirlar davom etadi.
Sherzod Tilovberdiyev