Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Maqsad bolajonlarning yozgi taʼtil kunlarini mazmunli va xavfsiz tashkil etish

01 Iyun 2026, 10:5 171

Yurtimizda yosh avlodning sogʻlom va barkamol boʻlib voyaga yetishi, ularning yozgi taʼtil kunlarini mazmunli va xavfsiz tashkil etish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.

Shu maqsadda, kuni kecha Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanida joylashgan, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tasarrufidagi soʻlim “Gulzor” bolalar sogʻlomlashtirish oromgohida yozgi mavsumni tizimli va yuqori saviyada tashkil etishga bagʻishlangan oʻquv-seminari boʻlib oʻtdi.

Seminarda Toshkent viloyati komissiyasi aʼzolari, oromgohlar rahbarlari, tarbiyachilar, yetakchilar hamda oromgohlarda faoliyat yuritadigan tibbiyot, ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar boshqarmalari, qoʻriqlash xizmati xodimlari, sport yoʻriqchilari, hisobchilar va oshpazlar ishtirok etishdi.

Oʻquv-seminari avvalida soʻzga chiqqanlar oʻgʻil-qizlarning yozgi dam olishini rejalashtirishda har bir bolaning oromgohda oʻtkazgan vaqtini maroqli tashkil etish lozimligini taʼkidlashdi. Bu orqali bolalarning ham jismonan, ham aqlan shakllanishi uchun mustahkam zamin yaratiladi.

Seminar davomida Bolalarning dam olishini va sogʻlomlashtirilishini tashkil etish departamenti Toshkent viloyati boshqarmasi masʼuli yangi mavsum uchun ishlab chiqilgan 12 kunlik namunaviy dasturning mazmun-mohiyatini ishtirokchilarga atroflicha tushuntirib berdi.

Tadbirda bolalarning dam olishini tashkil etishda ishtirok etuvchi barcha soha vakillariga zarur tavsiyalar berildi va ularning vazifalari aniq belgilab olindi:
 Oromgohlarda sanitariya qoidalari va meʼyorlariga qatʼiy rioya qilish hamda bolalarga malakali tibbiy-profilaktik yordam koʻrsatish masalalari koʻrib chiqildi.

Ichki ishlar hamda Favqulodda vaziyatlar boshqarmalari xodimlarining oromgohlarda jamoat tartibini saqlash, xavfsizlikni taʼminlash va favqulodda holatlarning oldini olish borasidagi masʼuliyati muhokama qilindi.

Yoz mavsumi davomida bolajonlarning boʻsh vaqtlarini sermazmun oʻtkazish uchun Madaniyat va Sport boshqarmalari tomonidan rejalashtirilgan qiziqarli musobaqalar hamda konsert dasturlari boʻyicha maʼlumotlar berildi.

Tadbir davomida 2025-yilgi yoz mavsumida oromgohlar faoliyatini samarali yoʻlga qoʻygan bir guruh soha vakillari munosib ragʻbatlantirildi. Shundan soʻng, ishtirokchilar “Gulzor” bolalar sogʻlomlashtirish oromgohida yaratilgan zamonaviy sharoitlarni koʻzdan kechirishdi.

Tadbir doirasida Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan koʻrgazmali taktik oʻquv mashgʻuloti ham tashkil etildi. Unda yongʻin oʻchirish, qutqaruv texnika vositalari va jihozlari namoyish etilib, mashgʻulot davomida shartli yongʻin tezkorlik bilan bartaraf etildi.

Oʻquv-seminari yakunida masʼullarga mavsumni muvaffaqiyatli tashkil etish boʻyicha aniq topshiriq va tavsiyalar berildi. Ushbu tizimli tayyorgarlik ishlari Toshkent viloyatidagi barcha yozgi oromgohlarda bolajonlarning taʼtil kunlarini xavfsiz, sogʻlom va unutilmas tarzda oʻtkazishlariga xizmat qilishi shubhasizdir.

Maʼlumot uchun: OKMK tasarrufida bugungi kunda “Tong” (Piskent tumani), “Istiqlol” (Jizzax viloyati, Zomin tumani), “Gulzor” va “Metallurg” (Boʻstonliq tumani) hamda “Xondiza-Parvoz” (Surxondaryo viloyati) bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlari faoliyat yuritib kelmoqda. Hozirgi kunda mazkur oromgohlarda yozgi mavsumga tayyorgarlik ishlari toʻliq yakunlanib, barcha maskanlar bolajonlarni qabul qilishga shay holatga keltirilgan.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech