Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Har bir korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulot yoki ko‘rsatilayotgan xizmatning sifati, zamonaviy talablarga javob berishi va umuman iqtisodiy samaradorlikning ortib borishi - shu korxonada faoliyat yuritayotgan, ma'lum turdagi mahsulot chiqarayotgan yoki xizmat ko‘rsatayotgan mutaxassisning bilimi, malakasi, o‘z sohasini qay darajada yaxshi bilishiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq.
Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish ishlariga mas'ul bo‘lgan kombinat O‘quv markazining bugungi faoliyati haqida kengroq ma'lumot olish maqsadida markaz rahbari Doniyor Karimovga murojaat qildik.
- O‘quv markazining asosiy ish faoliyati qisqacha aytganda, har yili kombinat tarkibiy bo‘linmalaridan kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga bo‘lgan ehtiyojga ko‘ra beriladigan buyurtmalarni bajarish, ishlab chiqarish zaruriyati tufayli rejadan tashqari o‘qitish ishlarini tashkil qilish, shuningdek, yangi qurilayotgan sanoat ob'ektlari uchun kadrlarni o‘qitish, kasbiy stajirovkalarini o‘tkazish, oliy va professional ta'lim muassasalari bilan muntazam amaliy hamkorlik olib borish, talaba va o‘quvchilar amaliyoti va ekskursiyalarini o‘tkazish, yosh mutaxassislarni ishlab chiqarishga moslashtirish, o‘rgatish, ular uchun turli treninglar o‘tkazish kabi bir qator vazifalardan iborat. Joriy yilning o‘tgan davrida O‘quv markazi o‘z oldiga qo‘yilgan barcha rejalarni to‘liq amalga oshirdi. 8 oy davomida kombinat bo‘yicha ishchilar malakasini oshirish va ularni ikkinchi mutaxassislikka qayta tayyorlash yoki muhandis-texnik xodimlar malakasini oshirish (reja bo‘yicha 6848 nafar) amalda 8965 nafarga bajarildi.
Biz keyingi yillarda kadrlarni o‘qitish jarayonlariga ta'limning an'anaviy hamda ta'limni raqamlashtirish bosqichiga o‘tish maqsadida masofaviy-onlayn va LMS ta'lim platformasidan foydalangan holda turli zamonaviy usul va shakllarini joriy qilishni rejalashtirganmiz.
Ma'lumki, tarkibiy bo‘linmalarda turli kasblar bo‘yicha o‘quv jarayonlari asosan ishdan keyin tashkil etiladi va kasbiy nazariy mashg‘ulotlar o‘tishga o‘qituvchi sifatida 250 dan ortiq muhandis-texnik xodimlar jalb etiladi. Mashg‘ulotlar sifatini yaxshilash uchun keyingi paytlarda kadrlarni o‘qitish ishlariga jalb qilinadigan muhandis-texnik xodimlarning malakalarini ta'lim sohasidagi zamonaviy talablar va yangi texnologiyalar asosida oshirish ishlariga alohida e'tibor qaratayapmiz. Shu maqsadda joriy yilda yosh muhandis-texnik xodimlardan 20 nafarining malakasi oshirildi va biz bu amaliyotni davom ettiramiz.
O‘quv xonalarini kompyuterlar bilan jihozlash ta'lim sifatiga ta'sir ko‘rsatuvchi omillardan hisoblanadi. Rahbariyat tomonidan 60 ta kompyuter ajratilishiga erishdik. Natijada yirik tarkibiy bo‘linmalar Mis boyitish fabrikasi, Mis eritish zavodi, Rux zavodi, Ixtisoslashgan ta'mir ishlari boshqarmasi, Avtomobil transporti va Sanoat temiryo‘l transporti boshqarmalari o‘quv xonalarida komp'yuter xonalar tashkil etildi va ushbu korxonalar xodimlariga o‘zlarida bilimlarini sinovdan o‘tkazish, mashg‘ulotlarda qatnashish imkoniyati yaratildi.
Men shu o‘rinda o‘z korxonasi kadrlari malakasini oshirishga bevosita qiziqadigan, vaqt ajratadigan va amaliy yordam ko‘rsatayotgan korxonalar rahbarlariga alohida minnatdorchilik bildiraman.
O‘quv markazini asosiy faoliyatlaridan yana biri - takribiy korxonalar uchun ishchi kadrlar va oliy ma'lumotli mutaxassislar tayyorlashdir. Bu borada “Olmaliq KMK” AJ ko‘p yillardan buyon Respublikamiz va xorijning 11 ta oliy ta'lim muassasasi bilan muntazam va yaqindan hamkorlik qilib keladi. Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent arxitektura va qurilish universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent davlat transport universiteti, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universitetida, Toshkent shahridagi Inxa universiteti, Milliy texnologik tadqiqot universiteti “MISiS” shular jumlasidandir. Mazkur ta'lim muassasalarida 507 nafar oliy ma'lumotli mutaxassislar tayyorlanmoqda. Bundan tashqari, Germaniya Federativ Respublikasining Frayberg konchilik akademiyasida 2 nafar va Yaponiyaning Akito universitetida 2 nafar mutaxassislarimiz o‘z kasbiy malakalarini oshirmoqdalar. O‘tgan 8 oy davomida kombinat tarkibiy bo‘linmalarida 3500 dan ortiq oliy ta'lim muassasalari talabalari va professional ta'lim muassasalari o‘quvchilarining amaliyot va ekskursiyalari tashkil qilindi.
Kombinat tarkibiy bo‘linmalari shahrimizda joylashgan MTTU “MISiS” va ToshDTU Olmaliq filiallari bilan mustahkam hamkorlik o‘rnatib keladi. Belgilangan rejalarga ko‘ra, kombinatning tajribali va yetuk mutaxassislari oliy ta'lim muassasalari talabalari va professional ta'lim muassasalari o‘quvchilari bilan, o‘z navbatida esa oliy ta'lim muassasalari va professional ta'lim muassasalari professor-o‘qituvchilari tarkibiy bo‘linmalar mutaxassislari va ishchilari ishtirokida kasblar doirasida uchrashuv, ma'ruza va seminarlar o‘tkazib turishi yo‘lga qo‘yilgan.
Prezidentimiz boshchiligida joriy yilning 20 iyunida muhandislik kasblarini rivojlantirish, nazariya va amaliyotni uzviy bog‘lash, integratsiya qilishga yanada ahamiyat berish bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda berilgan ko‘rsatmalarni amalga oshirish maqsadida oliy ta'lim muassasalaridan 83 nafar professor-o‘qituvchining, professional ta'lim muassasalaridan 21 nafar o‘qituvchi va ishlab chiqarish ta'limi ustalarining tajriba almashuvi-stajirovkalari tashkil etildi. 129 nafar talaba va 16 nafar kollej o‘quvchisi dual ta'lim asosida haq to‘lanadigan amaliyotda bo‘ldilar.
2023/2024 o‘quv yilida oliy ta'lim muassasalarini tugatgan 73 nafar yosh mutaxassis ishlab chiqarishda o‘z mehnat faoliyatlarini boshladilar.
Markazimiz qoshida ikkinchi yildirki kombinat mutaxassislari malakasini baholashga yo‘naltirilgan Malaka baholash markazi (MBM) faoliyat yuritib keladi. Malaka baholash markazining asosiy yo‘nalishi - asosiy kasblar bo‘yicha kasb standartlari va baholash vositalari ishlab chiqish, test savollari tayyorlash hamda tarkibiy bo‘linmalarda faoliyat yuritayotgan muhandis- texnik xodimlar ishtirokida malakaviy sinov imtihonlari o‘tkazishdan iborat. Bugungi kunga qadar MBM mutaxassislari tomonidan 12 ta kasb standarti, 20 ta baholash vositalari va 1100 ta test savollari ishlab chiqildi hamda tarkibiy bo‘linmalarda faoliyat yuritayotgan 661 nafar muhandis-texnik xodimlarning mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik texnikasi bo‘yicha malakalari baholandi.
O‘quv markazi mehnat jamoasining kelajakda rejalashtirgan ishlari keng qamrovli va biz bu vazifalarni uddalaymiz, deb umid qilaman.
Kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirishga bo‘lgan katta e'tibor tufayli O‘quv markazi 2001-yil 1-oktyabrdan boshlab rasman faoliyat yuritib keladi. 1-oktyabr biz uchun nafaqat kasb bayrami, balki qo‘shaloq bayramdir, ya'ni markaz tashkil topganiga 23 yil to‘ladi. Shu munosabat bilan kadrlar tayyorlashga katta hissa qo‘shgan O‘quv markazida mehnat qilib, hozirda faxriylikda bo‘lgan ustozlarni, shuningdek, bugungi kunda sermahsul faoliyat yuritayotgan bilimli, ish tajribasini yoshlarga o‘rgatishga tayyor va mehnat jamoamizda o‘z o‘rniga ega G‘.Salimboyev, M.Soliqulov, M.Tagayev, U.Usvaliyev, Z.Eraliyeva, R.Djalilova, R.Mirzayeva, U.Igamberdiyev, N.Abdurahmonova, A.Daniyarov, S.Mavlonov kabi tajribali hamkasblarim qatori o‘z vazifasiga ijodiy yondashuvchi va boshqalarga o‘rnak bo‘layotgan Sh.Rahmonov, M.Toshev, J.To‘raqulov, Z.Topilov, S.Abdurashidova singari intiluvchan yosh mutaxassislarimiz va barcha hamkasblarimizga kombinat rahbariyati hamda shaxsan o‘z nomimdan mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt va mutaxassislarni ishlab chiqarishga tayyorlashdek sharafli ishlarida muvaffaqiyatlar tilayman.
Zahro RAHMONOVA yozib oldi