Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Qalmoqqir koni Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining ishlab chiqarish zanjirida dastlabki bo‘g‘in hisoblanadi. Ma'danlar aynan shu yerdan qazib olinadi va kon ekskavatorlari yordamida elektravozlarga yuklanib, maydalash uchun Mis boyitish fabrikasiga jo‘natiladi.
Qalmoqqir koni, ustki qatlam, sharqiy va markaziy karyerlarni o‘z ichiga olgan.
Ustki qatlam karyeri yuza jinslarni ochish ishlari bilan shug‘ullansa, sharqiy va markaziy karyerlar tog‘ jinslarini qazib olish, siljitish vazifalarini bajaradi.
Eng boy qazilmalar esa Markaziy karyerda joylashgan. Shuning uchun ham ishchi-xodimlar, texnikalar soni sharqiy va ustki qatlam kar'eridan ko‘ra ancha ko‘proq. Bugungi kunda markaziy kar'erning 14 ta punktidan ma'danlar yuklanadi. Ularning 5 tasi temir yo‘l transportlariga, 9 tasi avtotransportlarga xizmat ko‘rsatadi.
Konning ostki qismidan tog‘ jinslarini 25 ga yaqin 130 tonnalik BelAZ avtosamosvallari olib chiqmoqda. Ma'danlarni yuklashga 3 ta 15 kubli, 11 ta 10 kubli va Hitachi ekskavatorlari safarbar etilgan. Burg‘ulash jarayonlarida 7 ta SBSh -250 uskunalari ishlamoqda.
Markaziy karyer sutkasiga 33 000 m kub hajmdagi ma'danlarni maydalash jarayoniga yuboradi. Bunda konda ish faoliyatini olib borayotgan 230 nafardan oshiq ishchi-xodimlarning mehnatini alohida ta'kidlash joiz.
Markaziy karyer bosh muhandisi Mansur Uralovning ma'lum qilishicha, har bir smenaga 16500 m kub ruda qazib olish rejaviy vazifasi yuklatilgan bo‘lib, topshiriq bajarib kelinmoqda.
Ayni paytda karyerning chuqurligi 350 m, uzunligi 4,5 km, eni esa 2,5 kmni tashkil etadi. Geologik tadqiqotlarga ko‘ra, karyerda foydali qazilma zahiralari aniqlanib, yana 300 metr chuqurlikkacha tushib boriladi.
Karyer mehnat jamoasi tomonidan erishilayotgan yutuqlarda ko‘p yillik ish tajribasiga ega bo‘lgan ekskovator mashinistlari Barot Ochilov, Xayrulla Aldiyorov, Baxtiyor Abdurazzaqovlarning munosib hissasi bor.
Burg‘ulash uskunalari mashinistlari Alisher Qurolov, Shuhrat Safarov, Ebazer Ismaylov, Sayfiddin Safarov, Bunyod Turmatovlarning o‘z ishiga sidqidildan yondashishi, har bir berilgan vazifani sifatli bajarishlari yuqori mehnat marralarini zabt etilishida bosh omil bo‘layapti.
Qalmoqqir kon boshqarmasidan 1959-yil ilk marotaba ma'dan olish ishlari boshlangan bo‘lib bugungi kunga qadar muntazam ravishda belgilangan bashorat ko‘rsatkichlari ortig‘i bilan bajarib kelinmoqda. Albatta reja ko‘rsatkichlarining o‘z vaqtida bajarilishi kombinat ishlab chiqarish zanjirining barqaror ishlashi yo‘lida xizmat qiladi.
OKMK Axborot xizmati