• Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Mazlumlar taqdirin so‘zlagan “Qora quyosh” spektakli

27 Yanvar 2024, 11:43 549

...Mahbus adib unga qo‘lyozmani uzatdi. Boshliq qo‘lyozmani oldiyu gurillab yonib turgan pechkaning ichiga otdi… U yana o‘sha zax va qorong‘i xonada o‘ziga keldi…U dast o‘rnidan turib, yugurib borib, zarb bilan boshini devorga urdi. Urdi va yana uraverdi. Joni chiqib ketguncha uraverdi!..

...Mustabid sovet tuzumi xalqimizning boshiga ne-ne kulfatlarni solmadi. Xalq oydinlari, ziyolilari qatag‘on qilinib, mahv etildi. Qanchadan-qancha olimu-shoirlar, yozuvchilar turli bahonalar bilan otib tashlandi, sovuq o‘lkalarga surgun etildi...

Bugun har bir yurtdoshimiz tariximizning qora kunlarini unutmasligi, buyuk ajdodlarimizning xotirasi bilan yashashi lozim.

Qattol Stalin olib borgan repressiya siyosati, ziyolililarimizning achchiq qismatini bayon etuvchi, O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf qalamiga mansub “Qora quyosh” dostoni asosida sahnalashtirilgan spektakl namoyishi kombinat ishchi-xodimlari va hamshaharlarimizga taqdim etildi.

Joriy yilning 25-26 yanvar kunlari OKMK rahbariyati  hamda  kombinat Ma'naviyat va ma'rifat kengashi tashabbusi bilan “Metallurg” madaniyat saroyida tashkil etilgan spektakl O‘zbekiston davlat san'at va  madaniyat instituti talabalari tomonidan zo‘r mahorat bilan ijro etildi.

... “Sibirdagi sargardonlik yillarim bir hamyurtim bilan uchrashib qoldim. Yig‘lab ko‘rishdik. Hol-ahvol so‘rashdik. Men uni ham o‘zimga o‘xshab beayb badarg‘a bo‘lganlardan biri ekanligini sezib tursam ham so‘radim:

— Sizni nega qamadilar, birodar?

— Sulaymon Azimovning dumisan, deb!

— Kimning-kimning?

— Aytdim-ku, Azimovning…

Anchadan keyin biroz o‘zimga kelib, sekin borib yelkasidan quchdim:

— Uni taniysizmi?

—Yo‘q, ko‘rmaganman…

— Unda keling, tanishvolaylik, — dedim. — Menman o‘sha siz aytgan odam!..

Markazqo‘mning sobiq kotibi Sulaymon Azimovning xotiralaridan.

Repressiya siyosati mana shunday arzimagan bahonalar bilan, mish-mishlar bilan ziyoli qatlamni yo‘q qilib boravergan. Inson qadr-qiymati  bo‘lmagan mustabid tuzumning insoniyatga qilgan jinoyatlari vaqtlar o‘tib afkor ommaga oshkor bo‘ldi.

Yurtimizda mustabid tuzum davrida siyosiy qatag‘onga uchragan ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirilmoqda. 31-avgust – Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni sifatida keng nishonlanmoqda. “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasi, Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi va uning hududiy bo‘limlari faoliyat olib bormoqda. Jadidchilik harakati tarixiga oid ilmiy tadqiqotlar, badiiy asarlar, kinofilmlar ko‘plab yaratilmoqda. Ulug‘ ma'rifatparvarlarimiz nomlari bilan ataladigan yodgorlik majmualari, ta'lim muassasalari, muzeylar, bog‘ va xiyobonlar barpo etilayapti.

O‘tgan uch yil mobaynida O‘zbekiston Oliy sudi tomonidan qatag‘on qurboni bo‘lgan to‘rt yuzdan ziyod vatandoshlarimizning nomlari oqlandi. Ularning aksariyat qismini jadidchilik harakati vakillari tashkil etishi ayniqsa e'tiborlidir.

Spektakl namoyishidan so‘ng, tomoshabinlarning fikr-mulohazalari bilan qiziqdik.

Dilfuza Temirxonova, “O‘zbekiston” MFY xotin-qizlar faoli: Muhammad Yusufning dostonini avval o‘qigandim. Bugun esa doston qahramonlarini jonli ijroda ko‘rdim. Aktyorlar o‘z rollarini zo‘r ijro etishdi. Tarixda bo‘lgan voqealar ko‘z oldimda gavdalandi. Juda qattiq ta'sirlandim. Ushbu spektakl tashkilotchilariga o‘z minnatdorchiligimni bildirib qolaman. Mana shunday tarixiy haqiqatlarni xolis ko‘rsatib beradigan spektakl namoyishlarini ko‘proq tashkil etishsa yaxshi bo‘lardi. Rahmat.

Xurshid Abdullayev, Qalmoqqir kon boshqarmasi yoshlar ittifoqi raisi:  -Biz yoshlar buyuk jadid bobolarimizning qoldirgan boy ma'naviy merosini ko‘proq o‘rganshimiz kerak, deb o‘ylayman. Aktyorlar talaba bo‘lishiga qaramay, bizga o‘sha davrning shafqatsiz siyosatini, inson qadr-qimmati oyoqosti qilinganini, mustabid tuzumning millat oydinlarini yo‘q qilishga qaratilgan jinoyatlarini, bobolarimiz chekkan azob-uqubatlarni jonlantirib berishdi. Bugun har bir yosh achchiq o‘tmishdan saboq olishi,  mamlakatimiz mustaqilligining asrab-avaylashi lozimligini anglashi darkor. Mustaqillikka qanchadan-qancha buyuk bobolarimizning qoni to‘kilganini unutmasligimiz lozim. Tashkilotchilarga o‘z tashakkurimni bildirib qolaman.

26-yanvar kuni spektakl namoyishidan so‘ng, so‘z olgan OKMK boshqaruvi raisi Abdulla Xursanov bu kabi asarlar yoshlarimizga o‘zligini anglashida, buyuk jadid bobolarimizning boy ma'naviy merosini o‘rganishlarida, ota-bobolarimizning qoniga evaziga kiritilgan mustaqillimizni asrab-avaylashda muhim omil bo‘lishini ta'kidlab, ijodkorlarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

OKMK rahbariyati tomonidan oliygoh talabalari va ijodiy jamoa a'zolariga esdalik sovg‘alari tufha etildi.

Sherzod Tilovberdiyev

Bo`lishmoq:
Text to speech