Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Mehnat muhofazasi boʻyicha kadrlar malakasini oshirish dolzarb masala

05 Iyun 2025, 10:53 960

Joriy yilning 2 iyun kuni Oʻquv markazida  “Olmaliq KMK”AJda “Mehnat muhofazasi boʻyicha kadrlar malakasini oshirish” - dolzarb masala va vazifadir” mavzusida tadbir oʻtkazildi.

Tadbirda Markaziy apparat mehnat muhofazasi va sanoat xavfsizligi boʻlimi boshligʻi Shuhrat Joʻraev va Oʻquv markazi boshligʻi Doniyor Karimov, tarkibiy boʻlinmalarning mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasi muhandislari hamda Oʻquv markazi ishlab chiqarish ustalari ishtirok etishdi.

Tadbirda soʻz olgan Shuhrat Joʻraev Mehnat kodeksining 367-moddasi, “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonunining 9-moddasi va “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 25-moddasi talablarini kombinat tarkibiy boʻlinmalarida toʻliq rioya etilishini hamda ishlab chiqarish jarayonlarida asosiy kasblarda mehnat qilayotgan mutaxassislarga xavfsiz mehnat sharoitini yaratish ishlarini yaxshilash boʻyicha avariyalar va baxtsiz hodisalarning oldini olish maqsadida buyruq ishlab chiqilganligini ta’kidladi.

Ushbu buyruq bilan mehnat muhofazasi va sanoat xavfsizligi talablarini ta’minlash boʻyicha kombinatning  xavfli ishlab chiqarish obyektlarida ishlovchi ishchi-xodimlarning faoliyatini xavfsiz amalga oshirish boʻyicha namunaviy oʻquv dasturi” ishlab chiqilganligini tanishtirib oʻtdi.

Buyruqqa binoan tarkibiy boʻlinmalar rahbarlari Oʻquv markazi bilan birgalikda tarkibiy boʻlinmalarda malaka oshirish oʻquv kursi mashgʻulotlari jadvalini ishlab chiqishi, asosiy va baxtsiz hodisalar xavfi yuqori boʻlgan kasblar boʻyicha joriy yilning iyun-oktyabr oylari davomida tashkil etilayotgan kurs mashgʻulotlariga ishlab chiqarishga aloqador barcha ishchi-xodimlar qamrab olinishi kerakligini ta’kidladi. Kurs mashgʻulotlari ishchi-xodimlarnining ishlab chiqarishdan ajratgan/ajratmaganholda tashkil etish kerakligini bildirdi.

Tadbirda togʻ-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi hamda Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi nazoratidagi kasblar boʻyicha tashkil qilinadigan oʻquv kursi mashgʻulotlarini oʻtish uchun muhandis-texnik xodimlarni tayyorlashga jiddiy e’tibor qaratilishiga tarkibiy boʻlinma rahbarlari javobgar ekanligi aytildi.

Oʻquv markazi va Inson resurslari (HR) departamenti oʻquv kursi mashgʻulotlariga jalb qilinayotgan muhandis-texnik xodimlarni mehnat muhofazasi va sanoat xavfsizligi talablari keng yoritiladigan va ularning pedagogik mahoratlarini oshirishga yoʻnaltirilgan respublikaning ilgʻor ta’lim muassasalarida malaka oshirishlarini tashkil etishlari lozimligi ta’kidlandi.

Kurs mashgʻulotlarini joylardagi mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasi boʻlimi mutaxassislarini hamda tegishli muhandis-texnik xodimlarni ishdan ajratgan va ularning asosiy ish joylaridagi ish haqi saqlangan holda jalb etilishiga ruxsat berilishini ta’minlash lozimligi ma’lum qilindi.

Iroda Almatova,

Markaziy apparat mehnat muhofazasi

va sanoat xavfsizligi boʻlimi muhandisi

Bo`lishmoq:
Text to speech